Bir ko‘zli dajjol — internetmi?
“Hammaga privet!!!”.
Internetda yoshlarni o‘ziga ohanrabo misol tortadigan salom shakli. Go‘yoki tubsiz quduq ichiga oyog‘ingiz bilan toyib tushib ketasiz-u, qavatma-qavat o‘rgimchak to‘rlariga ilinib boraverasiz. Qora o‘rgimchakning maqsadi nafaqat pulingizni shilish, balki o‘zligingizdan ham judo etishdir. Laqillatishni juda yaxshi eplaydiganlar “internet kengliklari” orqali ongni mahv etishga shay.
Qari bilganni pari bilmaydi. To‘g‘ri gap. Buvimdan eshitdim, bir ko‘zli dajjol vaqti kelib uyqudan uyg‘onar emish. U nog‘orasini chalib ketaverar, odamlar esa uning ortidan ergashib boraverar ekan. Buvim aytgan dajjol internet emasmikan? U insoniyat-ning botiniy olamini o‘rgimchak to‘ri misol egallab olmoqda. Undan foydalanish me’yoriga amal qilinmasa, buning oxiri odamzodni qay manzilga eltadi?
Yoshlar internet asiriga aylanmoqda. Erta tongda ko‘pchilik uyqudan turib, yaqinlari bilan salomlashish o‘rniga avval qo‘l telefonini “titkilab” oladi. Ilgari odamlar ishga, o‘qishga keta turib, gazeta do‘konlariga navbatda turishardi. Oldi-qochdi gaplar emas, balki to‘g‘riligi rasman tasdiqlangan axborotga o‘chlik edi bu. Kechki payt radio-televideniye kuzatib borilgan. Qani o‘sha axborot madaniyati? Shunday madaniyat yo‘qligi uchun mavjud axborotni saralab olishga iqtidorimiz yetmaydi. Buni tengdoshlarimiz o‘rtasida o‘tkazilgan muxtasar so‘rov natijalari ham tasdiqlaydi. Ular “Internetdan nima maqsadda foydalanasiz?” degan savolga quyidagi mazmunda javob berishadi:
“Bilmadim, men shunchaki vaqt o‘tkazaman. Chunki real hayotdan ko‘ra virtual olam qiziq-da” (birinchi guruh).
“Qizlar ham o‘z baxtini izlashga haqli” (ikkinchi guruh).
“Internetga faqat behayo qizlar kiradi, deb o‘ylaganlar adashadi” (uchinchi guruh).
Ba’zi ayollar oilali bo‘la turib, ijtimoiy tarmoqda begona erkaklar bilan muloqot qiladi. Bir qarashda oddiy ermak bo‘lib tuyuladigan muloqot tufayli, afsuski, qanchadan qancha oilalar inqirozga uchrab, farzandlar yetim qolmoqda.
Inson ruhiyati ma’naviyat daraxtidan oziqlanadi. Ruhiy kamolotga kitob mutolaasi bilan erishilishini unutmasligimiz kerak. Internetdagi bemazagarchiliklar ma’naviyatni yemiradi.
Dilshoda SHERMUHAMMEDOVA, O‘zMU talabasi