Ilk marotaba BMT andozasida “Yosh delegat” konferensiyasi o‘tkazildi
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizda birinchi marta 8—11-sinf o‘quvchilari uchun BMT andozasi asosida “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusida “Yosh delegat” konferensiyasi o‘tkazilmoqda.
Huquqiy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha Global dastur homiyligida, BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan anjuman uch kun davom etadi.
Konferensiyaning o‘ziga xos jihati, ishtirokchilar o‘zlarini rosmana diplomatlar kabi his etib, BMTning rasmiy tillarida faoliyat olib boradi. Anjumanning to‘liq ingliz tilida o‘tkazilishi o‘quvchilarning xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirishiga ko‘maklashish bilan birga, ular salohiyatini xalqaro darajada namoyon etish uchun zamin yaratadi.
Yig‘ilishda asosan BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish”, “Atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning oldini olishning samarali usullarini shakllantirish”, “Korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyatining roli” mavzulari muhokama qilinadi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan BMTning mintaqaviy vakili Ashita Mittal hamda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ushbu konferensiyaning ahamiyati, o‘quvchi-yoshlarning unga qiziqishi haqida fikr bildirdilar. Tanlov e’lon qilingach, respublikamiz bo‘yicha 3000 ga yaqin o‘quvchi anjumanda ishtirok etish istagini bildirib, hujjat topshirgan. Konferensiya nizomi asosida respublika va hududiy tanlov komissiyalari orqali nomzodlar orasidan eng bilimli va qobiliyatli 70 nafar o‘quvchi saralab olindi.
— Har bir ishtirokchiga o‘rganishi uchun biror davlat berilgan. Mening oldimga Misr Arab Respublikasi miqyosida jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha samarali yechim topish, bu boradagi fikr va takliflarimni barchaga yetkazish vazifasi qo‘yilgan, — deydi xorazmlik o‘quvchi Rasulbek Tohirov.
Konferensiyaning bosh maqsadi — tadbirning BMT rasmiy uchrashuvlari andozasida o‘tkazilishini ta’minlashdir. Shuningdek, anjuman o‘quvchi-yoshlarni BMT faoliyati va uning ish yuritish tizimi bilan tanishtirib, ularga omma oldida nutq so‘zlash, muammolarni yechish, diplomatik muzokara olib borishni o‘rgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni o‘rgatish orqali yoshlarni kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz nufuzini oshiradigan kadr va ijtimoiy mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishish yo‘lida birlashtiradi.
Nazokat XOLMETOVA