Millatning qalb tori
Ona tili milliy tafakkur rivoji va barqarorligining poydevoridir. Uning ma’naviyat tarbiyasi, ma’naviy kamolotga erishuvdagi o‘rni beqiyos. Chunki ona tili insonning bevosita ruhiy olami, psixologiyasi bilan aloqador. Amerikalik tilshunos Benjamin Li Uorf: “Agar Nyuton inglizcha gapirmaganida, inglizcha o‘ylamaganida edi, uning koinot haqidagi buyuk kashfiyoti bir qadar boshqacharoq bo‘lardi”, deganida ana shu o‘ziga xos ingliz tafakkur tarzini nazarda tutgani shubhasiz. Misol uchun, “chittak” degan so‘zni olaylik.
Qushga uning harakatiga ko‘ra nom qo‘yilgan. Bu qush tez-tez harakat qiladi (“chit-chit”). O‘zbeklar shu harakatga urg‘u bergan bo‘lsa, ruslar bu qushning dastlab rangini ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Ular ana shu rangni nomga asos qilib olib, chittakni “sinitsa” deb nomlagan. O‘zbeklar tovuqning bolasi chiqaradigan tovushni “jip-jip” tarzida eshitadi, shuning uchun uni “jo‘ja” deb ataydi, ruslar esa “sip-sip” deb eshitgani uchun “siplyonok” so‘zi bilan ataydi. Nemis allomasi Vilgelm Humboldtning “yer yuzidagi tillarning xilma-xilligi sababi faqat tovushlarning turlichaligi emas, balki xalqlardagi dunyoni ko‘rishning xilma-xilligidir”, degan gapi bor. Shunday qilib, har bir xalqning dunyoni o‘zicha ko‘rishi va eshitishi, idrok etishi juda murakkab tarzda kechadi.
O‘zbek tili milliy birligimizning azaliy va abadiy ramzidir. Yagona milliy g‘oya va uni namoyon etuvchi til millatni ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtiradi. Yoshlarimizning ona tiliga bo‘lgan muhabbatini oshirish, ularda ravon va ifodali o‘zbekcha nutq malakasini shakllantirish borasida mamlakatimiz til va adabiyot o‘qituvchilari oldida benihoya muhim vazifalar turibdi. Hozircha yoshlarning bu sohadagi malaka va bilimlari bilan maqtanolmaymiz. Ularda muayyan fikrni ijodiy bayon qila bilish, mustaqil ijodiy tafakkur qilish, fikr ifodasi uchun eng to‘g‘ri, favqulodda muvofiq til birliklarini topa olish va erkin ifoda qilish malakasi yetarli emas.
Til — millatning qalb tori. Unga ozor yetkazmaslik, aksincha, sayqal topib, jilolanib borishiga erishish zarur. Ona tiliga muhabbatsiz o‘z xalqining ham, o‘zga xalqning ham ma’naviy dunyosini tasavvur etish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish mushkul. Hech kimga sir emaski, jamiyat a’zolarining ona tilidagi savodxonligi va madaniy nutqqa egaligi shu jamiyat ma’naviy saviyasining yuksakligi belgisidir. Millat barhayotligini mustahkamlashday sharafli ishda ona tiliga muhabbat buyuk kuchdir.
G.AHMEDOVA, Yunusobod tumanidagi 288-maktab o‘qituvchisi