Olmazor tumanidagi 243-maktabda ko‘chma kutubxona tashkil etildi
Olmazor tumanidagi 243-maktab hovlisida ko‘chma kutubxona tashkil etildi. Ushbu kutubxonadan ota-onalar farzandlarini, o‘quvchilar esa aka-uka va opa-singillarini kutish jarayonida foydalanishmoqda.
E’tiborlisi, tabiat qo‘ynidagi mutolaa barchaga manzur bo‘lmoqda. Boisi turli mavzudagi qiziqarli adabiyotlar nafaqat o‘quvchilarning, balki ota-onalarning ham bo‘sh vaqtlarini mazmunli va unumli o‘tishiga zamin yaratdi. Mazkur kutubxona issiq kunlarda maktab hovlisidagi tabiat qo‘ynida tashkil etilib, kuz va qish fasllarida esa maktab foyyesiga ko‘chirilishi rejalashtirilgan. Kelgusida ko‘chma kutubxona Olmazor tumanidagi boshqa maktablarda ham tashkil etiladi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Maktabda ochilgan ko‘chma kutubxona Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning to‘rtinchisini amalda joriy etishga katta hissa qo‘shadi. Jumladan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirib, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qiladi. Qolaversa, bu kabi kutubxonalarning ochilishi ota onalarning kitob o‘qib, farzandlariga o‘rnak bo‘lishi va o‘qishga qiziqishini oshirishga ko‘mak beradi.
Hozirda mazkur maktab tashabbusidan o‘rnak olib, tumandagi qator ta’lim muassasalari ham ko‘chma kutubxonalar tashkil etishni yo‘lga qo‘ydi.