Leonardo da Vinchining qog‘ozda qolgan kashfiyotlari
Mana, besh asrdirki, olimlar insoniyat tarixidagi eng mukammal san’at asari – “Mona Liza” portreti sirini ochishga urinadi. Ayrimlar suratda tasvirlangan ayolning ko‘zlarida matematik raqamlar, sirli harflarni payqasa, boshqalar rasm ichida yana bir qancha rasmlar borligini ilg‘aydi. Ammo hali hech kim buyuk italyan rassomi Leonardo da Vinchining sevimli “Jakonda”si tabassumi ortiga yashiringan chinakam jumboqni anglab yetolmadi.
Da Vinchi nomini tarixga abadiy muhrlash uchun u chizgan “Mona Liza” portretining o‘zi yetarli bo‘ldi. Shu surat orqali besh asr avlodlarining bari Leonardo da Vinchini mohir va tengsiz mo‘yqalam sohibi sifatida taniydi. Ammo bu ijodkor nafaqat Uyg‘onish davrining buyuk rassomi, balki iste’dodli muhandis, haykaltarosh, me’mor, matematik, anatom, ixtirochi, shoir va musiqachi sifatida ham jahon madaniyati, san’ati va ilm-fanida yorqin iz qoldirdi.
Leonardo di ser Pero da Vinchi 1452-yilning 15-aprelida Italiyaning Vinchi shahri yaqinidagi Ankiano qishlog‘ida tug‘ildi. Yaxshi oiladan chiqqan otasi notarius bo‘lib ishlar, oddiy dehqon oilasida o‘sgan onasi esa uy bekasi edi. Da Vinchi 1 yoshga to‘lar-to‘lmas ota-onasining munosabatlariga darz ketdi. Sal o‘tmay, otasi boshqa bir boy va mashhur ayolga uylandi. Leonardo 3 yoshga to‘lganida uni qonunan vasiyligiga olib, o‘zi bilan olib ketdi. Bo‘lajak rassom aqlini taniy boshlagach, oilasini birlashtirishga ko‘p marta urinsa-da, barcha harakatlari besamar ketdi.
Leonardo 14 yoshga to‘lganida otasi uni Toskaniyadagi eng mohir rassom va haykaltarosh Andrea del Verrokkoning ustaxonasiga shogirdlikka berdi. Bolakay bu yerda rassomlik va haykaltaroshlik san’atidan tashqari ijtimoiy va texnik fanlarni ham qunt bilan o‘rgandi. Ustaxonada olgan bilimlari unga hayoti davomida ko‘p bor asqotdi.
Bolaligidan yondaftariga uylar, ko‘chalar, qir-adirlar, bog‘-rog‘lar, gullar, uy hayvonlarini har bir detaligacha sinchkovlik bilan tasvirlab boradigan Da Vinchi tez orada nafaqat tengqurlari, hatto ustozidan ham o‘tadigan mohir rassomga aylandi. Shunga qaramay, u sira mehnatdan qochmas, ko‘proq o‘rganish uchun buyurilgan eng mayda ishlarni ham og‘rinmay bajarardi. Atrofidagilarga, keyinchalik o‘z shogirdlariga ham doim “Baxt — qunt bilan ko‘p mehnat qilgan kishiga keladi”, der edi.
Leonardo 20 yoshga to‘lib, rassom sifatida odamlar tiliga tushganida ham ustozi Verrokko bilan ishlashni davom ettirdi. U ustozi chizgan katta rasmlarning mayda detallari, xususan, peyzaj foni, ikkinchi darajali qahramonlarning kiyimlari ustida ishlardi. Mustaqil rassom sifatidagi birinchi ishini esa 1476-yildagina yaratdi.
Da Vinchining har bir asari uning tinimsiz izlanish va kuzatuvlari mahsuli. U ayniqsa, insonning yuz ifodasini tasvirlashda katta yutuqlarga erishdi. Uning “Madonna Benua” (1478), “Qoyadagi Madonna” (1483—1494), “Angyari jangi” (1503—1506) va 15 yil davomida chizgan hamda sira qo‘lidan qo‘ymagan “Mona Liza” asarlarida asosiy e’tiborini qahramonlarning chehrasini jonlantirish va ularning ichki dunyosini nozik chizgilar orqali aks ettirishga qaratdi.
1482-yili Leonardo o‘sha davrdagi san’at va madaniyat homiysi Lorenso Medichi bilan Milanga jo‘nab ketdi. Bu yerda u rassomlikdan ko‘ra, ko‘proq muhandislik va haykaltaroshlik bilan shug‘ullandi. Gersog Lyudovik Sforts uni o‘z saroyiga muhandis etib tayinladi va g‘aroyib tomosha maydoni qurib berish vazifasini topshirdi. Undan so‘ng loydan Franchesko Sfortsning otda o‘tirgan haykalini yasadi. U doim fan yordamida kishilarning mehnatini yengillashtirish yo‘llarini izlardi va bu borada ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Uning loyihasi asosida Milan shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan kanal, odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan ko‘priklar qurildi. Leonardo chindan arxitektura sohasida yaxshigina qobiliyatga ega bo‘lib, uning o‘z davrida nihoyatda aniqlik va mahorat bilan yaratgan ishlari hatto zamonaviy ustalarni ham hayratga soladi.
1499-yili Florensiyaga qaytganida ham Leonardoga muhandislik qobiliyati va tajribasi asqotdi. Buyuk rassom sayohatlari davomida Franchesko Melts ismli yigitni shogirdlikka oldi. Bu yigit da Vinchi rassomlik uslubining asosiy merosxo‘ri bo‘lib, ustozining yozmalari asosida tuzgan “Rangtasvir haqida risola”si Yevropa amaliyoti va nazariyasiga ta’sir ko‘rsatgan muhim manba sanaladi.
Leonardo qanchalik mashhur rassom bo‘lmasin, u o‘zini birinchi galda olim va muhandis deb bilardi. Uning olamni anglashga bo‘lgan intilishi o‘z davridan ancha ilgarilab ketishiga sabab bo‘ldi. U xuddi beqiyos asarlari kabi turli kashfiyotlar loyihasini mukammal tarzda yaratdi. Da Vinchidan meros qolgan 7 ming varaqli yondaftar ko‘plab ixtirolarning chizma va loyihalariga to‘la. Ammo doim shaxsiy hayotini sir tutishga uringan va matematikani juda yaxshi bilgan Leonardo kundaligini yozishda shifrlardan foydalangan. Shu bois, uning ayrim chizmalari hozirgacha tadqiqotchilar uchun sirligicha qolmoqda.
Shunga qaramay, da Vinchining daftarida tank, uchish apparati, projektor, katapulta, velosiped, parashut va boshqa ko‘plab ixtirolar prototipi mavjud. Olim turli qurilmalarning loyihalarini yaratgan, ammo faqat birgina kashfiyoti u hayotlik chog‘ida tan olingan. Bu to‘pponcha uchun chaqmoq zatvor bo‘lib, u avvaliga tor doirada, keyinchalik zodagonlar, ayniqsa, suvoriylar orasida ommalashdi. Ixtiro shu darajada mukammal yaratilgan ediki, undan hatto XIX asrda ham foydalanilgan.
Da Vinchi yashagan davrdan yarim asr o‘tib, uning loyihalari, chizmalari asosida olim tasavvur qilgan va insoniyatga katta foydasi tegadigan ixtirolar yaratila boshlandi. Bugun biz kundalik hayotimizda foydalanadigan aksariyat qurilmalar g‘oyasi mashhur rassom Leonardo da Vinchiga tegishli ekanini ko‘pchilik bilmaydi.
Avtomobilning “bobosi”
Da Vinchining mashhur suratlaridan birida avtomobilning qadimgi ishlanmalari aks etgan. U o‘zi harakatlanadigan arava bo‘lib, murakkab arbalet mexanizmi yordamida oldinga siljishi kerak bo‘lgan. Leonardoning g‘oyasiga ko‘ra, arava uch g‘ildirakli bo‘lib, orqa g‘ildiraklarni harakatga keltirish uchun unga qo‘lda boshqariladigan dasta o‘rnatiladi. Rul biriktirilgach, prujina quvvati bilan old g‘ildiraklar ham harakatlana boshlaydi. Dastlab mazkur transport vositasi qirollik oilasining vaqtichog‘ligi uchun mo‘ljallangan. Keyinroq da Vinchi uzatma rulli va to‘rt g‘ildirakli arava ixtiro qildi. Uning yurishi uchun birgina dastani burish kifoya bo‘lib, bunday transportda endi odamlarni tashish mumkin edi. Aynan mana shu ixtironing prototipi asosida keyinchalik biz biladigan avtomobillar yaratildi.
G‘avvoslar kiyimining birinchi ko‘rinishi
G‘avvoslar kiyimi, suv tagida suzish uchun nafas olish apparati, qutqaruvchi aylana va last (suvda suzish uchun oyoqqa kiyiladigan moslama) — bular-ning bari Leonardo da Vinchining ixtirolari edi. U suv o‘tmaydigan teridan tayyorlanuvchi g‘avvoslik kiyimi loyi-hasini yaratgan. Olimning loyihasi g‘avvos nafas olishi uchun egiluvchan naycha bilan ta’minlangandi. Og‘izga solinadigan teshikchali naycha qamishdan tayyorlanib, nafas olish qopchasiga biriktirilishi kerak edi. Qopcha ichidagi havo taxminan 30 daqiqaga yetishi ko‘zda tutilgan.
Leonardoning “tank”i
Ishonish qiyin, ammo tarixdagi eng katta harbiy mashina — tankni ham da Vinchi loyihalashtirgan. Ixtirochi o‘z chizmalarida zirhli mashinaning hamma tomonini to‘plar bilan jihozlagan. Tank harakatini qurilmaning kuzatuv minorasiga joylashgan askar boshqaradi. Mashinani harakatga keltirish yaxshigina kuch talab etadi. Buning ustiga, bir vaqtning o‘zida uni ham to‘plar bilan o‘qlash, ham otish kerak bo‘ladi! Keyinchalik tank loyihasi takomillashtirildi va da Vinchi yaratgan zirhlangan vagon konsepsiyasidan ilk bor Birinchi jahon urushida foydalanildi.
Shamda yoritiladigan projektor
Birinchi projektorni ham da Vinchi ixtiro qilgan. Olim quti yasab, ichiga yonuvchi sham joylashtiradi. Qutining bir chetiga katta shisha linza o‘rnatadi. Uning mana shu oddiygina qurilmasi yordamida katta binoni yetarlicha yoritish mumkin edi. Da Vinchi projektorni avvaliga teatr ehtiyoji uchun yaratgandi. Biroq keyinchalik undan turli sohalarda keng foydalanila boshlandi.
“Tashxislovchi” ko‘zgular xonasi
Ma’lumki, o‘rta asrlarda insonlarning hali ko‘p kasalliklar haqida bilmasligi yoki shifokorga juda kech murojaat qilishi tufayli turli xastaliklardan vafot etish holati ancha yuqori bo‘lgan. Bunga qarshi chora sifatida Da Vinchi ko‘zgular xonasini loyihalashtirdi. Bu xonaning devorlari katta ko‘zguli sakkiz burchakli “shkaf”lardan iborat bo‘lib, unga kirgan kishi o‘zining minglab akslarini ko‘radi. Kishi o‘ziga barcha tomondan qarash orqali tanasidagi yara, jarohat, shish belgilarini aniqlashi mumkin bo‘ladi. Da Vinchi kasalliklarni aniqlash maqsadida o‘ylab topgan ko‘zgular xonasidan bugunga kelib, ko‘ngilochar xona sifatida foydalanilmoqda.
Ekskavatorni ham-a?!
Ishchilar mehnatini yengillashtirish maqsadida o‘ylab topilgan ekskavator g‘oyasi ham da Vinchiga tegishli. Ushbu qurilma qazib olingan materialni tepaga ko‘tarish va tashish vazifasini bajargan. Olimlarning taxminicha, ekskavatorlar Arno daryosini ajratish loyihasi uchun kerak bo‘lgan. O‘shanda kengligi 18, uzunligi 6 metr xandaq qazish kerak edi. Da Vinchining chizmalaridan ko‘rish mumkinki, u yaratgan qurilmaning kran o‘qlari 180 darajaga aylana olgan va kanalning butun kengligini egallagan.
Bir so‘z bilan aytganda, buyuk musavvir Leonardo da Vinchi insoniyatga o‘z qaydnomalarida suvosti kemasi, vertolyot, atmosfera namligini o‘lchashga mo‘ljallangan gigrometr, deltaplan uchish apparati, qutqaruv chambaragi va boshqa ko‘plab ixtirolar loyihasini qoldirdi.
1516-yili Leonardo fransuz qirolining taklifi bilan Klo-Lyuse qasriga keldi va unga rasman qirolning birinchi raqamli rassomi, muhandisi va me’mori lavozimi berildi. U bu yerda yaxshigina maosh evaziga katta loyihalarga boshchilik qildi. Umrining so‘nggi uch yilini Klo-Lyuse qasrida o‘tkazgan rassom 1519-yilning 2-may sanasida shu yerda vafot etdi.
Leonardo da Vinchi asosiy vaqtini me’morchilikka bag‘ishlagani bois, chizgan rasmlari u qadar ko‘p emas. Ularning orasida tugallanmagan kartinalar ham bor. Biroq u o‘zining ozgina ishlari bilan ham rangtasvir san’atini yuqori cho‘qqiga olib chiqa oldi.
Da Vinchi umri davomida qimmatli vaqtini nazariy bahslar, tortishuvlarda ishtirok etishga sarflamadi, siyosiy hayotda faollik ko‘rsatmadi, shunchaki ijod qildi va chinakam shoh asarlar yaratdi. U loyihalashtirgan mukammal ixtirolar esa o‘sha davrlarda tan olinmagan va hayotga tatbiq etilmagan bo‘lsa-da, vaqti kelib, ular fan-texnika rivojiga mislsiz hissa qo‘shib, bugun insonlar hayotini yengillashtirayotganining o‘ziyoq fidoyi olimning mehnatlari besamar ketmaganini tasdiqlaydi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.