Kitob bizni birlashtiradi
G‘afur G‘ulom nomli madaniyat va istirohat bog‘ida Xalq ta’limi vazirligi va Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan “Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitobxonlar festivali o‘tkazildi.
– Festival qisqa vaqt ichida yosh kitobxonlar qalbidan joy egallashga ulgurdi, – deydi Respublika bolalar kutubxonasi direktori Doniyor O‘rolov. – Bu yil beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan tadbirga asosan chekka hududlardagi maktablar o‘quvchilarini jalb qilishga harakat qildik. Turli millat vakillaridan iborat o‘quvchilarning kitobga, ma’rifatga mehr qo‘yishini istagan holda ularga qimmatbaho sovg‘alar bilan birga kitoblar va ''Bolalar adabiyoti'' jurnalimizning yangi sonini taqdim etdik.
Festival davomida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nashriyotlar tomonidan bolalar uchun maxsus chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi.
O‘quvchi-yoshlar va festival ishtirokchilari orasidan ''Eng yaxshi kitobxon maktab'', ''Yosh kitobxonlar'', ''Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi'' kabi ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.