Hilol Nasimov o‘quvchilar huzurida
Bolalikdan san’atga oshno bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarning dunyoqarashi keng, did-farosati o‘tkir, his-tuyg‘ulari samimiy bo‘ladi. Ular qaysi sohada faoliyat yuritmasin, yon-atrofidagi insonlar bilan do‘stona muloqot qila oladi.
Aktyor, kinorejissor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hilol Nasimov bilan bo‘lgan ijodiy uchrashuv o‘quvchilarda ana shunday taassurot qoldirdi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 308-umumta’lim maktabida “Besh tashabbus amalda” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbir doirasida san’atning nozik qirralari, adabiyot va badiiy ijod namunalari haqida so‘z bordi. Unda o‘quvchilar o‘zlarining musiqa, adabiyot va kino sohasi bo‘yicha qiziqishlari yuzasidan savollariga javob olishdi.
— Ona tili va adabiyot darslarida mutolaa qilingan asarlar, rang-barang syujetlar talqini ba’zi filmlarda namoyon bo‘ladi, — deydi pedagog Ra’no Ochilova. — Yoshlar biror filmni teleekran orqali tomosha qilishdan avval o‘sha asarni o‘qib chiqishi ularga har ikkala talqinni solishtirish imkonini beradi. Bu borada maktabimizning musiqa fani o‘qituvchisi Shaxira Irmatova bilan integratsiyalashgan tajribalar ustida ishlaymiz. Zero, adabiyot, san’at, kino va musiqa olami bola xayolotini boyitadi.
Shoira BOYMURODOVA