So‘nggi qo‘ng‘iroq yodi
Katta orzularimdan biri amalga oshib, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldim. O‘qituvchilarimning bergan bilimlari, chekkan zahmatlari va intilishim sabab o‘zim xohlagan universitetga o‘qishga kirdim. Inson umri ma’lum boshqichlardan iborat ekan.
Har bir bosqichdan mardonavor o‘tganlar keyingi bosqichda qiyinchiliklarga uchramaydi. Qaysi bosqichga o‘tmaylik, ularning barchasiga poydevor — maktab va o‘sha davrda olingan bilim hamda ta’lim-tarbiyadir.
Bugun so‘nggi qo‘ng‘iroq. Ertalabdan sinfdoshlar bilan telefon orqali bog‘lanib, bir-birimizni esladik. Maktab davrida eng namunali sinf deb topilganimiz, ustozlardan eshitgan maqtovlar-u, qilgan sho‘xliklarimiz… Barchasi xuddi kechagidek yodimizda. So‘ngi qo‘ng‘iroq ― bu so‘zlarni eshitgan har bir yurakda o‘zgacha entikish, hayajon va ajib tuyg‘u zohir bo‘ladi. Bundan 7 yil oldin Buxoro shahridagi 17-maktabda katta tantanalar bilan o‘tgan bitirish marosimi har bir bitiruvchi qalbida bir umrga muhrlandi. O‘sha kuni tabiatning tarovati, osmonning musaffoligi boshqacha edi. Kimlarningdir ko‘zida quvonch, yana kimningdir qayg‘uli nigohi, o‘qituvchilarimizning mehr-la boqishlari…
Bayram boshlanish arafasida maktab hovlisida bir gala qaldirg‘och paydo bo‘lib, yig‘ilganlarning boshi uzra aylanishi barchamizni hayratga soldi. Qisqa vaqt davom etgan qaldirg‘ochlar chug‘ur-chug‘uri biz bitiruvchilarning dilimizga yorug‘lik soldi. O‘shanda so‘zga chiqqan maktab direktori qaldirg‘ochlar insonning do‘sti, ezgulik va musaffolik ramzi ekanini aytib, bu hodisa faqat va faqat yaxshiliklar keltirishi haqida so‘zlagan edi. Biz shundan buyon qanday muvaffaqiyat va yutuqqa erishsak, ana shu voqeani eslaymiz. Bir necha yillar oldin ba’zi tushunmovchiliklar sabab oramiz buzilgan yaqin dugonam bilan araz-ginalarni unutib, endi hech qachon urushmaslikka ahdlashdik. So‘nggi qo‘ng‘iroq do‘stlarni bir-biridan yiroqlashtirsa, bizni qayta birlashtirgan edi.
Manzura KAMOLOVA, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi