Ekobog‘lardagi ma’naviy tadbirlar
Uchtepa tumaniga “Ma’naviyat karvoni” keldi. Karvonning safari tumandagi 74- va 238-maktab o‘quvchilari uchun ham bir olam quvonch olib keldi. Boisi, bu maktablarga 16 dona kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
— Davlatimiz rahbarining 238-maktabga tashrifi davomida ta’lim muassasasi sharoitlari tanqid ostiga olingandi, — deydi Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Gulchehra Usmonova. — Ayni paytda maktab qarshisida qad rostlagan “Kitob olami” majmuasining faoliyati ota-onalarni ham mamnun etmoqda.
Ikkinchi tashabbus — yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha kuni kecha “Sog‘lom turmush tarafdorimiz” marafoniga start berildi. 2000 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zining jismoniy salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Bu kabi tadbirlar o‘tkazilayotgan tumandagi ekobog‘da haqiqiy bayramona muhitni ko‘rish mumkin. O‘quvchilar va ota-onalar kitob ko‘rgazmasida yangi adabiyotlar bilan yaqindan tanishib, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etishdi.
Sergeli tumanidagi “Green park” istirohat bog‘ida “Ijodkor va yaratuvchan bolalar” mavzusida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tadbirda Keimyung universiteti mutaxassisi Seung Jin va tuman hokimi Nozim Husanov qatnashdi.
Unda tuman maktablaridagi to‘garaklar faoliyati bo‘yicha besh tashabbus ijrosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
— Tumanimizdagi o‘g‘il-qizlarning kasb-hunarli bo‘lishi uchun yashil bog‘ qo‘ynida shunday tadbirlarni muntazam o‘tkazib borishni rejalashtirganmiz, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Leonid Magay. — Koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda bolalar o‘rtasida intellektual va sport musobaqalari, turli trening-mashg‘ulotlar uyushtiryapmiz.
Shoira BOYMURODOVA,
«Ma’rifat» muxbiri