Lafz qadri qayerda qoldi?
Xalqimizda “Ayol qalbi bilan, erkak lafzi bilan go‘zal” degan naql bejiz aytilmagan. Haqiqatan ham bu so‘z zamirida olam-olam ma’no mujassam.
Bu purma’no so‘zning asl mohiyatiga nazar tashlasak, lafz — bu chin so‘zli, ahdida turadigan, va’dasining ustidan chiqadigan insonlarga xos tushuncha. Shu bois ota-bobolarimiz va’da bergandan so‘ng bajarish shartligini va bu so‘zning qiymati qanchalar bebaholigini ta’kidlab kelgan.
Lafz tushunchasini erkak so‘zidan ayro qo‘llab bo‘lmaydi. Ammo bugungi ayrim yigitlar uchun “lafz” yot tushunchaga aylanib ulgurgani achinarli hol. Boz ustiga “yigit aytadi ham, qaytadi ham” degan hazilnamo naql to‘qib, o‘zlariga shior qilib olganlari ortiqcha. Lafzida turmagan ikki so‘zli kishini kim hurmat qiladi?!
Lafzsizlikni ko‘pchilik qarz olib qaytarmaslik deb tushunadi. Ayting-chi, va’daning o‘zi qarz emasmi? U puldan ham qimmat turuvchi, sotib olib ham bo‘lmaydigan xislat. Lafzsizning million-million puli bo‘lmaydimi, u boshqalar oldida hamisha nochor va beburd.
Yodingizda bo‘lsa, bir necha yillar muqaddam “Lafz” nomli serial efirga uzatilardi. Serialdagi ikki do‘stdan birining lafzsizligi, do‘stining haqiga xiyonat qilgan sahnalari hammamizning yodimizda. Lafzsizlik oqibatida uning begunoh dilbandi aziyat chekadi. Shu holat kishini mulohazaga chorlamay qo‘ymaydi. Lafzsizning holi — shu. Lafzi halol yigitlar esa oilaning ham, do‘stning ham, yurtning ham koriga yaraydi.
Mushtariy USMONOVA, O‘zJOKU talabasi