Oromgohlar mavsumga shaymi?
Ta’til mavsumida tashkil etiladigan yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohlari butun o‘quv yili davomida darslardan toliqqan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazishiga ko‘maklashish, ularning jismonan, ham ruhan hordiq chiqarishini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ayni paytda Buxoro viloyatida 15 ta shahar tashqarisidagi va 126 ta maktab qoshidagi oromgohlar mavsumga shay holga keltirildi.
— Bolalarning yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish davri alohida e’tibor va yondashuvni talab etadi. Chunki bu davr shunchaki vaqt o‘tkazish emas, balki aniq belgilangan muddat hamda sharoitda o‘tkazilib, ta’lim tizimining bir qismi bo‘lmog‘i va ma’naviy-ma’rifiy tarbiya izchilligini ta’minlashi lozim, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shamshod Sa’dullayev. — Buning uchun esa oromgohdagi barcha tarbiyachi va yetakchilar yoz davomida o‘z mahoratini to‘la namoyon etib, bola shaxsiga yaqindan yondashishi, undagi insoniylik va ijobiy xislatlarni shakllantirishga turtki bo‘luvchi qiziqarli tadbirlar majmuasini tashkil etishi kerak. Shu bois ham oromgohlarda faoliyat olib boradigan pedagog-xodimlarni tanlashda ularning bilimi, tajribasi va pedagogik layoqatiga alohida e’tibor qaratdik. Dastlab oromgoh rahbari, yetakchi, tarbiyachi, musiqa rahbari, suv havzasi rahbari hamda jismoniy tarbiya rahbarlaridan iborat 900 nafarga yaqin pedagogik xodim ro‘yxati shakllantirildi. Shu yilning 10-11-may kunlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ular uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Bunda har bir xodimga o‘z vazifasi va zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat nimalardan iboratligi batafsil tushuntirildi. Shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan metodik qo‘llanma va tavsiyalar tarqatildi.
Umumta’lim maktablari qoshida vaqtinchalik tashkil etiladigan kunduzgi oromgohlarda ham viloyatdan mutasaddi tashkilotlar hamkorligida samarali ishlar amalga oshirildi. Yoz mavsumi boshlangunga qadar kunduzgi oromgohlar elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz, dizel-generator va suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Barcha maktab qoshidagi oromgohlarda sanitariya-gigiyena, sanitariya-epidemiologiya hamda xavfsizlik talablariga muvofiq tayyorgarlik ishlari olib borildi. 126 ta kunduzgi oromgohda tibbiy punkt tashkil etilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori-darmonlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, bolalar orasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari hamda ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi viloyat bo‘limi tomonidan kunduzgi oromgohlarning 10 kunga mo‘ljallangan taxminiy taomnomasi tuzildi. Ayni paytda har bir oromgohga hududiy hokimliklar tomonidan homiylar biriktirilgan bo‘lib, ular dam oluvchilarni maxsus ko‘rikdan o‘tgan, sifat belgisiga ega oziq-ovqatlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan.
Maktab qoshidagi oromgohlarni zarur jihozlar bilan ta’minlash ishlari ham namunali tashkil etilgan. Jumladan, turli adabiyotlarga boy ko‘chma kutubxonalar, ko‘rgazmali va o‘quv qurollariga ega to‘garaklar, kompyuter sinflari, ma’naviyat va ma’rifat xonasi o‘quvchilar xizmatida. Bundan tashqari, sport tadbirlarini o‘tkazish uchun ta’lim muassasalaridagi mavjud sport jihozlaridan vaqtincha foydalaniladigan bo‘ldi.
— Maskanimiz 2 mavsumda 100 nafar dam oluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega, — deydi Buxoro shahridagi 13-maktab qoshida tashkil etilgan “Qaldirg‘och” oromgohi rahbari Munis Adizova. — Buning uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar mavjud. Ayniqsa, oromgoh ish rejasida belgilangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xilma-xilligi va mazmundorligiga alohida e’tibor qaratganmiz. Sport musobaqalari, musiqiy kechalar, bellashuvlar, turli mavzularga bag‘ishlangan viktorinalar, seminar-treninglar, o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, she’rxonlik kechalari tashkil etiladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar o‘z qiziqishlari asosida “Yosh kompyuterchi”, “Raqs malikalari”, “Ingliz tilini o‘rganamiz”, “Yosh kitobxon” va “Yengil atletikachi” to‘garaklari mashg‘ulotlarida qatnashishlari mumkin. Ochiq osmon ostidagi muzeylarga sayohat, qo‘g‘irchoq teatri kunlari ham belgilangan.
Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 2 ta shaharorti oromgohi ham bugun mavsumga shay holatda. Romitan tumanidagi Arabxona qishlog‘i hududida joylashgan “Oromitan” oromgohi 3 mavsumda faoliyat olib borib, unda 710 nafar o‘quvchining miriqib dam olishi ko‘zda tutilgan.
— Maskanimiz binosi o‘tgan yili qayta rekonstruksiya qilinib, batamom zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Joriy yilda esa tumandagi qurilish tashkilotlari ko‘magida homiylar yordamida 8 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, — deydi oromgoh rahbari Rizamat Teshayev. — Oromgohga olib boruvchi yo‘llar to‘liq asfaltlandi. Mavjud yer maydonlari obodonlashtirildi, daraxtlar oqlandi, hovli atroflariga turli gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Shuningdek, oromgoh xavfsizligini ta’minlash maqsadida bino atrofi to‘liq o‘rab olindi, tungi yoritkichlar, kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Xo‘jalik xonasi, jihoz saqlanadigan ombor, avtomobillar uchun turargohlar tashkil etildi. Mavjud 3 ta yotoqxona zarur jihozlar bilan to‘liq ta’limlandi. Dam oluvchilarning mini futbol, basketbol, skeytbord, stol tennisi, shaxmat, shashka va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun ham yetarli sharoitlar mavjud.
Kogon tumanining Katta Org‘un qishlog‘ida joylashgan “Gulxan” shaharorti oromgohida ham mavsumga puxta hozirlik ko‘rildi. Mazkur dam olish maskanida joriy yilgi ta’tilda 300 nafar o‘quvchini dam oldirish rejalashtirilgan.
“Oltin tola” ochiq aksiyadorlik jamiyati homiyligida oromgoh oshxonasi to‘liq ta’mirlandi. Tuman madaniyat bo‘limi ko‘magida turli madaniy-musiqiy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan katta sahna bezatilib, ta’mirlandi. “Kogondon” korxonasi tomonidan cho‘milish havzasi ta’mirlangan bo‘lsa, “Kogonsuvoqava” tashkiloti tomonidan suv nasosi o‘rnatildi.
Mavsum davomida Buxoro shahridagi 1-maktab bazasida intellektual maktab qoshidagi oromgoh, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi bazasida esa o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan chiniqtirish maqsadida harbiy sport oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zlangan.
Aytish joizki, Buxoro viloyatida joriy mavsumda 18 120 nafar o‘quvchining dam olishi rejalashtirilgan. Bu ularning yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazib, yangi o‘quv yilini yangi ishtiyoq va yangicha g‘ayrat-shijoat bilan boshlashlariga xizmat qiladi.
Iroda ORIPOVA,
“Ma’rifat” muxbiri