“Bizda kitob o‘qishga rag‘bat shunday uyg‘otilardi...”
Aksariyatimiz o‘zaro gurung tizginini bugungi yoshlar kitob o‘qimay qo‘yganiga burishni odat qilganmiz. Ammo buning asl sababini izlashga e’tibor ham bermaymiz. Aslida bugunning yoshlari o‘z o‘tmish tengdoshlaridan izlanuvchanligi, dunyoqarashi kengligi bilan farqlanib turadi. Negaki, ularda imkoniyatlar bisyor. Ilgari o‘zing istagan asarni topish uchun qishloqdan ancha olis shahardagi kam sonli kitob do‘konlari peshtaxtalarini titkilab, o‘shanda ham baxting chopsa, izlagan kitobingni qo‘lga kiritish mumkin edi.
Bugun o‘tirgan o‘rningda kompyuter yoki smartfonni internet tizimiga ulab, “gugl” tugmachasi orqali sevimli yozuvching nomini “qidiruv”ga berishning o‘zi kifoya. Tag‘in noshirlik ishiga chuqur nazar tashlasak, hamma asarlar ham vaqtida nashr etilyapti, deb bo‘lmaydi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazib boshlaganidan so‘ng bu sohadagi kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi.
— Domla, “Tom tog‘aning kulbasi” degan asarni o‘qiganmisiz?
— Ha, Garriet Bicher Stounning romani, qora tanlilarning ayanchli taqdiri haqida hikoya
qilinadi.
— Shu kitobni topib berolmaysizmi?
— Afsuski, yo‘q. Bolalik chog‘larim, o‘tgan asrning oltmishinchi yillari bir qo‘limga tushgandi, keyin nashr etilganini eshitmaganman...
Tanlovda ishtirok etishni niyat qilgan yosh kitobxon tanishlarim menga tez-tez shunday savollar bilan murojaat etishadi. Kitobni topib berish imkoni bo‘lmagach, qo‘limdan kelgancha xotiralarni titkilab, gapirib berishga urinaman. Lekin qisqacha mazmunni tinglagan — boshqa, asarni qo‘lga olib, mutolaa qilgan — boshqa. O‘tmishda maktab kutubxonalari ancha boy edi. Mustaqillikning ilk yillari nashriyot yoki to‘rt bosh harf bilan ataladigan imperiya nomi bahona ming-minglab sara asarlarga “milliy istiqlol g‘oyasiga zid” tamg‘asi bosilib, kutubxonalar fondidan chiqarib tashlandi. Mamlakatimiz miqyosida inson kapitaliga, aholining kitobxonlik darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bugungi kunda javonlardan noo‘rin quvg‘in qilingan o‘sha kitoblar qadri yaqqol sezilyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining noshirlik ishini yanada takomillashtirish, kitobxonlik targ‘ibotini kuchaytirish borasida bergan ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlarida bu sohadagi ishlar ko‘lami aniq belgilanib, nufuzli ishchi guruh tomonidan yosh kitobxonlar o‘qishi tavsiya etilgan jahon va o‘zbek adabiyotining eng sara namunalari ro‘yxati tuzilib, qisqa muddatda undan o‘rin olgan asarlarni keng kitobxonlar ommasiga tuhfa etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Yurtboshimizning yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan besh tashabbusi maktab kutubxonalari fondini mustahkamlashning yangi, yorqin ufqlarini ochdi. Yaqinda maktabimiz sobiq bitiruvchilaridan bir guruhi “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” tashabbusi doirasida kutubxona fondiga ikki yuz nomdan ziyod adabiyot taqdim etishdi.
— O‘quvchilik yillarimiz sinfimizga rahbarlik qilgan matematika fani o‘qituvchisi Oqmamat Bo‘tayev har darsga yangi kitob olib kirishni odat qilgandi, — deb eslaydi viloyat soliq boshqarmasi xodimi Rustam Andayev. — Yangi mavzuni boshlashdan oldin, albatta, adabiyot olamida “sayohat qilardik”. O‘tilgan mavzu bo‘yicha eng yaxshi tayyorlanib kelgan o‘quvchiga ustoz o‘zi olib kelgan kitobni mutolaa qilish uchun berardi. Bu sovg‘aga loyiq topilganimiz, keyingi darsda ham ishonchni oqlash uchun bor vujudimiz bilan tayyorgarlik ko‘rardik. Bizda kitob o‘qishga rag‘bat shunday uyg‘otilgandi. Bola uchun kitobdan qimmatroq sovg‘aning o‘zi yo‘q. Shunday ekan, xayrli tashabbusga bosh qo‘shish har birimizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori