Kitob o‘qish oliy saodatdir
Kitob musibatli damda yordamga keluvchi do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi ustoz, baxtiyor kunlarimizning asl sababchisi. Kitob o‘qigan kam bo‘lmaydi. Niholning o‘sishi, gullashi uchun suv naqadar zarur bo‘lsa, kishining kamol topishi uchun kitob shu qadar zarurdir. Kitobxonlik — ta’lim-tarbiyaning asosiy bo‘g‘ini, o‘qish — hayotning eng buyuk falsafasi, muvaffaqiyatlar kalitidir.
— Adabiyot insoniyat yaratgan eng ta’sirchan, eng go‘zal kashfiyot, — deydi 2018-2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi bo‘lgan Zamira Ayimbetova. — Insonning o‘zini anglashi, to‘g‘ri yo‘l tanlashi, dunyoqarashining yuksalishi u o‘qigan kitoblarga bog‘liq. Bolaligimdan badiiy asarlarni sevib mutolaa qilardim. Bu mening sevimli ishimga aylandi. O‘zim sevgan, o‘zim qiziqqan sohani tanladim. Hozir Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistrantiman. “I.Yusupovning liroepik poemalari: g‘oyaviy-mavzuviy, janriy-uslubiy o‘ziga xosliklari. Qahramon obrazi” mavzusida ilmiy izlanish olib boryapman. O‘z ishimdan olam-olam zavq olaman, ko‘nglim doim shod.
Ko‘pincha insonning kelajagi uning bolalikda olgan dastlabki taassuroti, hayajoni asosiga quriladi. Shu bois ota-ona, ta’lim muassasasidagi o‘qituvchi, ustozlar yoshlar qalbini kitobga muhabbat bilan to‘yintira olishi, hayotimizda bu bebaho merosning naqadar yuksak o‘rin egallashini ko‘rsata bilishi kerak.
— O‘quvchilarni kitob o‘qishga qiziqtirish maqsadida turli bayram va taniqli adiblarning tavallud kunlari doirasida tadbirlar, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelyapmiz, — deydi Kegeyli tumanidagi 39-maktab kutubxonachisi Paro‘azxon Nurkashova. — Har mavsumda “Eng ko‘p kitob o‘qigan kitobxon”, “Kitobxonlar sahnada” bellashuvlari “Men sevgan ertak qahramoni” rasmlar tanlovini o‘tkazib, bilimli, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirib kelyapmiz. Yaqinda Yoshlar ittifoqi tomonidan 36 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari kutubxonamizga sovg‘a tariqasida berildi. Bu xushxabarni eshitib, o‘quvchilar navbat bilan talashib-tortishib kitob o‘qishga kirishdi. Yoshlarimiz kitob o‘qiyapti. Faqat muammo — kutubxona fondini boyitish kerak.
To‘g‘ri, kutubxonalarimiz nechog‘lik taraqqiy etsa, kitobxonlar qancha ko‘paysa, ko‘zlagan maqsadimizga tezroq yetamiz. Donishmandlardan biri aytganidek, “Inson aqlini charxlash yo‘lida hamyonini bo‘shatar ekan, hech kim uning aqlini olib qo‘yolmaydi. Bilimga sarflangan sarmoya eng katta daromad keltiradi”. Bu haqiqatni xalqimizga, yoshlarimizga tushuntirish, o‘rnak ko‘rsatish maqsadida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Misol sifatida ikki yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovini aytib o‘tish o‘rinli. Bu yil mazkur tanlovning respublika bosqichida 15—19 yosh toifasida Kegeyli tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Nursulu Kokanova mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobili bilan taqdirlangan edi. Bu muvaffaqiyat g‘olibaga tuganmas kuch-quvvat bag‘ishlagani shubhasiz.
— Bu nafaqat mening, balki ota-onam, ustozlarim va do‘stlarimning yutug‘i, — deydi Nursulu. — Chunki bir o‘zing o‘qigan boshqa, ko‘pchilik bilan o‘qib, fikr almashgan boshqa. Kitob mazmunining xotirada yaxshi saqlanib qolishining boisi ham o‘qiganingni uqib, o‘zgalar bilan fikrlashishingda. Bu xuddi quvonchingni do‘stlar bilan baham ko‘rishga o‘xshaydi. Birgalikda, birdamlikda qilingan ish xayrli bo‘ladi. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida ota-onam, ustozlarim men bilan tengma-teng kitob o‘qidi, ayrim kitoblarni respublika kutubxonalari, kitob do‘konlaridan olib keldik. Mehnatimiz o‘z natijasini berib, ishonchni oqlaganimdan baxtiyorman. Bu tanlov — kitoblar orzu-niyatlarimizga yetishishda eng yaqin ko‘makdosh bo‘lishining, bilim baland cho‘qqilarga olib chiqishining isbotidir.
Kitobga, kitobxonlikka katta e’tibor qaratilayotgan bir vaqtda maktablar, umuman, ta’lim muassasalari kutubxonalarini ham talab darajasida jihozlash, kerakli adabiyotlar bilan ta’minlash masalasi oldimizda turgan muhim vazifadir. To‘g‘ri, biz izlagan asarlarni boshqa joylardan topish mumkin. Ammo maktab kutubxonasida qancha kitob fondi bo‘lishi kerak? Bu o‘quvchi soniga bog‘liqmi yoki boshqa talablargami? Aslida, bir inson, bir ta’lim muassasasi uchun shuncha kitob yetarli deb cheklanib bo‘lmaydi. Lekin xalqimizning boy merosi hisoblangan xalq og‘zaki ijodi, yirik adiblarimiz va jahon adabiyotining durdona asarlari har bir kutubxonadan topilishi kerak. Masalaning moliyaviy tomonini hisobga olsak, kutubxona masalasida yirik tashkilotlar qatori ota-onalar, o‘qituvchilar homiyligidan foydalanish mumkin. Yurtimizda “Bir farzandga uch kitob” kabi aksiyalar o‘tkazib kelinmoqda. Ammo bu usul hali kutilgandek natija bermayapti. Ayrim ota-onalargina maktab kutubxonasi uchun yiliga bir-ikki kitob sovg‘a qilishi, ko‘pi bunga majbur emasligini iddao qilayotgani sir emas. Ota-onalar yig‘ilishlarida bu ishning muhimligini hayotiy misollar bilan, ta’sirchan tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yish kerak. Yiliga har bir ota-ona, har bir o‘qituvchi maktab kutubxonasi uchun kamida bir donadan kitob sovg‘a qilsa, besh-olti yilda kutubxona ancha boyirdi. Nazarimda, muammoni quyidan yechishning eng samarali usuli bu. Katta natijaga ham kichigidan boshlab erishiladi, katta toqqa ham pastdan chiqiladi. O‘zimizda mavjud muammoni kimdir kelib, hal qilib berishini kutib o‘tirish zamondan orqada qolish emasmi?! Qo‘ldan keladigan ishni qilish kerak. Xalq — katta kuch. Oila, mahalla, maktab birdamligi ko‘plab muammoni o‘z joyida hal qilishga qodir.
Nukus shahridagi 31-IDUM kutubxonasi 18 759 kitob fondiga ega. Shundan 2 000 dan ortig‘i badiiy adabiyotlar. Kutubxonachi Gulziyra Murtazayevaning aytishicha, har kuni 20 nafar o‘quvchi kutubxona xizmatidan foydalanadi.
Mazkur ta’lim muassasasidagi muammo sifatida 3- va 8-sinflar uchun ayrim darsliklar yetishmasligini aytib o‘tish kerak. Bu yerda o‘qish qoraqalpoq, qozoq va rus tillarida olib boriladi. Muassasada kutubxona bilan birga axborot-resurs markazi ham faoliyat yuritmoqda. 23 659 kitob fondi, 1 500 elektron kitob va 12 nomdagi gazeta-jurnallar bilan ta’minlangan ARM xizmatidan har kuni o‘rtacha hisobda 40 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilar foydalanadi.
— Ko‘plab kitoblarimiz eskirgan, shu qatori kirill alifbosida chop etilgan, — deydi ARM xodimi Raya Yusupova. — Qaniydi, shu adabiyotlarimiz lotin alifbosida qayta nashr etilsa. Bolalar adabiyoti ham kam. Bu tarjimaga borib taqaladi. Adabiyotni yaxshi o‘zlashtirgan tarjimonlarga zarurat katta. Ular chet el bolalar shoir-yozuvchilarining asarlarini ona tilimizga tarjima qilishsa, yaxshi bo‘lardi.
Kutubxona — ta’lim muassasasining yuzi, yoshlarning eng sevimli maskaniga aylanishi kerak. Aytishadi-ku, kitob saodat topish uchun o‘qilmaydi. Unutmaslik kerakki, kitob o‘qishning o‘zi — oliy saodatdir.
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri