“Ma’rifat” kitobxoni” tanlovi
“Ma’rifat” gazetasi jamoasi barcha o‘quvchi yoshlarni yana bir o‘quv yilini tamomlab, yozgi ta’tilga chiqqani bilan tabriklaydi! Endi badiiy asarlarni o‘qish uchun yanada ko‘proq vaqtingiz bo‘ladi. “Ma’rifat” kitobxoni” tanlovi doirasida yozgi ta’tilga mos, sarguzashtlarga boy bo‘lgan asarlarni tavsiya etib, ta’tilingiz yanada maroqli o‘tishida o‘z hissamizni qo‘shishni niyat qilganmiz. Jamoamiz siz uchun kitob tanlashda uning mazmuni bilan birgalikda kutubxona va kitob do‘konlaridan oson topilishiga ham e’tibor qaratmoqda.
Tengdoshlaringizning may oyida o‘qigan asari — “Alvido, bolalik” haqidagi taassurotlarini gazetamizning kelgusi sonlarida o‘qishingiz mumkin. Eslatib o‘tamiz, yil so‘ngida tanlovning barcha ishtirokchilari orasidan g‘oliblar aniqlanadi va “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti esdalik sovg‘alari hamda gazetamizning faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanadi!
Iyun oyida mutolaa uchun amerikalik yozuvchi Mark Tvenning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” qissasini tavsiya etamiz. O‘yinqaroq va quvnoq Tomning sarguzashtlari haqida o‘qib, o‘zingiz ham uning qahramoniga aylanasiz. Xullas, asarni o‘qiganingizdan so‘ng fikrlashamiz!
Taassurotlaringizni info@marifat.uz elektron pochta manziliga yoki @marifatkitobxoni telegram manziliga yo‘llashingiz mumkin.