18000 bola dam oladi
Shu kunlarda Namangan viloyatidagi 8 ta statsionar bolalar oromgohida so‘nggi hozirlik yakuniga yetkazilmoqda. Turdosh maskanlar uchun esa Yangiqo‘rg‘on tumanidagi so‘lim Qizilyozi qishlog‘ida joylashgan «Kamalak» oromgohi namuna sifatida tanlangan. Yaqinda mazkur oromgohda viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi va hamkor tashkilotlar ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Bir smenada 560 nafar o‘quvchi dam olish imkoniyatiga ega «Kamalak» davr talablari asosida bunyod etilgan, bolajonlar yayrab hordiq chiqarishi uchun zarur shart-sharoitga ega oromgoh hisoblanadi. Bu yil mazkur maskanda 5 smenada 2800 nafar o‘g‘il-qizni dam oldirish va salomatligini mustahkamlash rejalashtirilgan.
— Shu kunlarda oromgohni, eng avvalo, tajribali pedagog-tarbiyachilar bilan ta’minlash, boshqa tashkiliy masalalarini hal qilish yakunlandi, — dedi Yangiqo‘rg‘on ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi Sirojiddin Tojiboyev. — Hamkor tashkilotlar bilan bolalar salomatligini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash, ularga sifatli oziq-ovqat yetkazib berish, turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldik. Oromgoh 1-iyundan boshlab ilk dam oluvchilarni qabul qila boshlaydi.
Chust tumanidagi «Barkamol avlod» bolalar oromgohi ham bahavo va salqin bog‘ qo‘ynida joylashgan. Har smenada 160 nafar bolaning hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan oromgohda katta hajmdagi obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida artezian qudug‘i kavlandi. Sport maydonchalari, ARM va madaniy tadbirlar uchun ajratilgan bino sifatli ta’mirlanib, kerakli jihozlar o‘rnatildi.
— Qariyb 3 ming nusxada turli badiiy va bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar olib keldik, — dedi tuman ARM direktori Turg‘unoy Tojiboyeva. — Kitoblar lotin alifbosida chop etilgan. Yangi asarlar, she’rlar bolajonlarning kitobga, ijodga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi, degan niyatdamiz. Bu yerda alohida o‘qish zali va boshqa sharoitlar mavjud. O‘zbek va rus tilidagi audiokitoblar ham keltirganmiz.
Xuddi shunday tayyorgarlik Uychi tumanidagi «Umid», Popdagi «Oftobcha», To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Shirin» va Norin tumanidagi «Norin» bolalar oromgohlarida ham yakuniga yetkazildi. Bu yilgi yozgi ta’til kunlari viloyat bo‘yicha mavjud 8 ta oromgohda 8000 nafar o‘quvchining mazmunli va ko‘ngilli dam olishi rejalashtirilgan. Yana 10000 nafar bolajon umumta’lim maktablari qoshida faoliyat yuritadigan kunduzgi oromgohlarda ta’til zavqini suradi.
G‘anisher AKBAROV,
“Ma’rifat” muxbiri