Tabiatni o‘zgartirayotgan megaloyihalar: "Ulkan yashil devor"
Bugun Yer yuzida tabiatning tobora ifloslanib borayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Uning oqibatida jahonda turli kasalliklar avj olayotgani ham hech kimga sir emas. Statistik ma’lumotlarda qayd etilganidek, dunyoda o‘limga sabab bo‘layotgan omillarning 15 foizi havoning ifloslanishi bilan bog‘liq. Bu muammoning zamirida asosiy omil — insonning tabiatdan uzoqlashib borayotgani yotibdi.
Odamzod azaldan tabiat bilan uyg‘unlikda yashagan. Qadim zamonlarda dov-daraxtlar, o‘t-o‘lanlar yastanib yotgan yam-yashil olamda ham insonlar, ham jonzotlarning hayot kechirishi uchun barcha narsa yetarli bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tib, inson ongining rivojlanishi natijasida odamzodning tabiatga aralashuvi ortdi. Barcha sohalar taraqqiy etgani sari Yer yuzida inson qadami yetmagan joy qolmadi hisob. Katta-katta hududlardan iborat o‘rmonlar, daraxtzorlar yo‘q qilinib, o‘rniga osmono‘par binolar qad rost-ladi. Natijada sayyoramizdagi jonli tabiat hududi asta-sekin yo‘qolib, atrofimizni sanoat korxonalari-yu baland binolar o‘rab oldi.
Uzoq yillar davomida uzluksiz davom etgan bu jarayon zamirida yuzaga kelgan ekologik muammolar zamonaviy texnologiyalar asriga kelib, yanada dolzarb tus oldi. Bugun dunyo olimlari va ekologlari sayyoramiz aholisiga xavf solayotgan ekologik muammolarni bartaraf etishning eng yaxshi yo‘li — inson va tabiat uyg‘unligini qaytarish ekanini tushunib yetdi. Xususan, bugunga kelib o‘likka aylangan ayrim hududlar tabiatini qayta tiklash hamda muqobil usullar yordamida boshqa muammolarni bartaraf etishga urinmoqda. Shu maqsadda amalga oshirilgan ekologik chora-tadbirlar orasida megaloyihalar ham bor.
“Ulkan yashil devor”
Sayyoramizdagi eng katta Sahroyi Kabir cho‘llarida bir vaqtlar daraxtlar, ko‘llar bo‘lgani, bu yerda hatto odamlar va hayvonlar yashaganiga ko‘pchilik ishonmasa kerak. Global sovish davrida, Yevropa muzliklar bilan qoplangan bir paytda hozirgi sahro hududida daryo va yashil o‘rmonlar bo‘lgan. Hozir ham katta hududni egallagan Sahroyi Kabir cho‘llari faqat quruq qumlikdan iborat emas. Bu yerda tog‘lar, toshli yassi tog‘lar, egri-bugri daryo o‘zanlari bor. Qumtepaliklar orasida ko‘lli vohalar yashiringan bo‘lib, ularda ba’zan timsohlarni ham uchratish mumkin.
So‘nggi yillarda Sahroyi Kabir cho‘llari yaylov va o‘rmonlarning yo‘qolib borishi hisobiga sekin-asta Afrika qit’asining shimoliy qismlariga ham yoyilmoqda. Bu holatni to‘xtatish va cho‘llarni gullaydigan tekisliklarga aylantirish bo‘yicha mutaxassislar ko‘plab loyihalarni taklif etdi.
Afrika mamlakatlari, aniqrog‘i, 20 dan ortiq davlatlar Sahroyi Kabirning janubiy chegarasida “Ulkan yashil devor” yaratish eng maqbul yechim ekaniga ishonch bildirdi va u yerlarda o‘n millionlab tup daraxtlar ekishga kelishib olindi. Chuqur o‘ylangan ushbu loyiha tuproqning qurib qolishi va nurashini to‘xtatish orqali ekologik falokatga chek qo‘yishga yordam beradi. Natijada sahro iqlimi ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga yaroqli holga keladi. Bu yerda ekilgan o‘simliklar esa atmosferadagi 250 million tonnagacha karbonat angidrid gazini o‘ziga yutib, havoni namlantiradi.
Hozir “yashil devor” loyihasining 15 foizi tayyor. Shu kunga qadar birgina Senegal hududida 11 milliondan ortiq daraxt ekildi. Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu g‘oyani amalga oshirish jarayonida mamlakat ekologiyasi yaxshilanib borish bilan birga, hududlarda 350 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni yaratiladi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.