Mutolaaga jalb qilish metodikasi bo‘yicha tanlov tashkil qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Bo‘ka tumaniga tashrifi doirasida besh tashabbusdan to‘rtinchisi – aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida yangi tashkil etilgan kutubxonaga bordi.
Kutubxona bilan tanishuv davomida O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tegishli vazirlik va idoralarning sohaviy muassasalari mutaxassislarini jalb qilgan holda, ilmiy yondashuvlar asosida aholining yosh qatlamlaridan kelib chiqib, kitob mutolaasiga qiziqtirish, yoshiga qarab qanday kitoblar o‘qishi bo‘yicha metodik qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Ushbu vazifa bo‘yicha O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bo‘yicha ma’lumot berdi.
Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i Vohidjon Hamidov 3 ta yo‘nalish bo‘yicha (maktabgacha yoshdagi bolalar, maktab yoshidagi bolalar va katta yoshdagilar) kitob o‘qishga jalb qilish uchun metodik tavsiya ishlab chiqilayotganligini ma'lum qildi, deyiladi agentlik axborot xizmati ma'lumotida.
Tadbirda kitob o‘qishga jalb qilish bo‘yicha xorij tajribasi o‘rganilgani va undan kelib chiqib qabul qilingan Davlat dasturlari haqida ma’lumot berildi. Shu jumladan, u kitob mutolaasiga qiziqish pasayganini inobatga olgan holda Milliy davlat dasturini ishlab chiqish zarurligini ta'kidlandi.
Ishchi guruhi yig‘ilishida mutolaaga jalb qilish metodikasini ishlab chiqishda pedagog, psixologlar bilan hamkorlikda ishlash tavsiya qilindi.
Muloqot davomida mutolaaga jalb qilish metodikasi bo‘yicha tanlov tashkil qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.