Maktab va kollejlar qoshidagi kutubxonalar tugatiladimi?
Poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi yangiliklar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda hafta mobaynida qabul qilingan o‘nga yaqin qonunchilik hujjati haqida ma’lumot berildi, xabar berdi www.uza.uz sayti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019-yil 7-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2019-2024-yillarda O‘zbekistonda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Shunga ko‘ra, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan mablag‘larning ikki foizi Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladi.
– Axborot-kutubxona markazlari asosan oliy ta’lim tizimida yoki umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan edi. Bu aholiga bir qator noqulaylik tug‘dirardi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mas’ul xodimi Fozila Ro‘zieva. – Qarorning 4-bandida endilikda Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman va shahar axborot-kutubxona markazlari tashkil etiladi. Bu maktab yoki kollejlardagi kutubxonalar yopiladi, degani emas. Albatta, ular amaldagi normativ qonun-qoidalarga muvofiq o‘z faoliyatini olib boradi. Lekin yangi tashkil etiladigan axborot-kutubxona markazlari shahar yoki tuman markazlarida bo‘lib, aholining barcha qatlamlariga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, davlat tashkilotlarida, jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalar tashkil qilinadi. Ularning kitob fondini yangilash va to‘ldirish uchun zarur nashrlar ro‘yxati har yili shakllantirib boriladi.
Qarorga ko‘ra, 21-may Kutubxonachilar kuni deb belgilandi. Bunda kutubxonachilarni ko‘p yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va rag‘batlantirish ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, Prezidentimizning “Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi, “Avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashishni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “Kongress-ko‘rgazma tadbirlarini davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajalarda tashkil etish va o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi, “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda “Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari haqida tushuntirishlar berildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.