89 yoshli onaxon — eng faol kitobxon
Bu yil 89 yoshni qarshilagan Magdaniya Murodimova Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 4-maktab kutubxonasining doimiy foydalanuvchisi. Kutubxonaning yakunlangan o‘quv yili sarhisobiga ko‘ra, Payshanba shaharchasida istiqomat qiluvchi onaxon eng faol kitobxon, deya e’tirof etildi.
Maktab kutubxonachisi Ra’no Qurbonovaning aytishicha, bu yerda onaxon o‘qimagan kitob qolmadi. Yil davomida momo har hafta 5-6 kitob olib o‘qidi. Ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchilari sovg‘a qilgan adabiyotlar ham onaxonning nazaridan chetda qolmadi. O‘zi kelolmagan vaqtlari kitoblarni maktabda matematika fanidan dars beradigan kelini yetkazib turdi.
— Qaynonam uyimizdagi barcha kitoblarni o‘qib tugatgan, — deydi momoning to‘rtinchi kelini Gulsara Shodiyeva. — Nevara kelini 2016-yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirgach, uning ijara uyida 3-4 oy turib, universitet kutubxonasidagi badiiy adabiyotlarni o‘qib keldi. Yaqinda 11-sinf bitiruvchilari kutubxonaga kitob sovg‘a qilganini eshitib, ularning mutolaasiga ham allaqachon kirishib ketdi. Uyda kitobni qo‘lidan bir zum tushirmaydi. Qolaversa, har yili 2-3 gazeta-jurnalga yillik obuna bo‘ladi. O‘qituvchi bo‘lganim bois, nashrlarda ta’limga doir yoki pedagoglar tajribasidagi yangiliklarga duch kelsa, ba’zan “Mana buni o‘qidingizmi, kelin?” deydi. Salkam 90 yoshida ham ro‘za tutishni kanda qilmadi. Saharlikdan keyin qosh qorayguncha sevimli mashg‘uloti bilan bandligi nevara, evaralariga ham o‘rnak bo‘lyapti.
— Kitob o‘qimasam, kunlarim o‘tmaydi, — deydi kitobxon momo. — Kecha “Oltin zanglamas”ni tugatgan edim. Bugun Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini qayta o‘qiyapman. O‘g‘illarimga rahmat, mutolaa uchun alohida xona, sharoit yaratib bergan. Kitob o‘qib, dam olaman. Hozirgacha o‘qigan kitoblarimning sanog‘ini bilmayman, ammo oyiga kamida 20 dan ziyodini qo‘ldan o‘tkazyapman. Ikkinchi jahon urushidan keyin Rossiyadan kelib, O‘zbekistonda qo‘nim topdim. Toshkent davlat pedagogika universitetini bitirib, nafaqaga qadar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-maktabda o‘quvchilarga o‘zbek tili va adabiyotidan saboq berdim. Shu orada 5 o‘g‘il, bir qizni elga qo‘shdik. Ayni kezda o‘qiganlarimni ko‘proq nevara-chevaralarim, qo‘ni-qo‘shni bilan bo‘lishaman. Mutolaaga oshno tutingan kishi kam bo‘lmaydi.
Dilshod RO‘ZIQULOV