Xalq ta’limi vazirligi va Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorlikda 1040 nafar o‘quvchini oromgohlarga yuboradi
Yana bir yoshga ulg‘aygan bolalarning yangi o‘quv yilida yangicha kuch-g‘ayrat va qiziqish bilan bilim olishi uchun yozgi ta’til kunlarini zavqli o‘tkazishi ahamiyatli. Shu bois ta’til davrida umumta’lim maktablari o‘quvchilari qatori Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham dam olish maskanlari hamda sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishadi.
Bu yil ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida 1040 nafar tarbiyalanuvchi uchun tog‘ yonbag‘ridagi go‘shalarda hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi.
Yashnobod tumanidagi 103-maxsus maktab-internatda Navoiy, Zarafshon, Samarqand hamda Toshkent shaharlaridagi Mehribonlik uylarining 180 nafar tarbiyalanuvchisini Bo‘stonliq tumanidagi “Mehribonlik uyi” oromgohiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi mas’ullari, Mehribonlik uyi tarbiyachilari, ota-onalar va mahalla faollari ishtirok etdi.
— 20 nafar o‘quvchimizni oromgohga yuborish uchun olib keldik, — deydi Zarafshon shahridagi Mehribonlik uyi direktori Dilbar Orziyeva. — Ular yoz mavsumini juda sog‘inib kutishadi, negaki so‘lim tabiat qo‘ynida miriqib dam olish barobarida do‘stlar orttirishadi.
Mavsum davomida oromgohlarda nazoratchi tarbiyachilar va shifokorlar yordamida sifatli tibbiy xizmat, sanitariya-gigiyena talablariga mos shart-sharoit hozirlanadi.
Shoira BOYMURODOVA