“Kichik akademiya”da 956 nafar o‘quvchi ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda
Iqtidorli o‘quvchilarning intellektual salohiyatini aniqlash, aql-zakovati va ijodiy qobiliyatini yanada rivojlantirish, ixtirochilik faoliyatini yuzaga chiqarish maqsadida maktabimizda tashkil etilgan “Kichik akademiya”ga ayni paytda 956 nafar o‘quvchi qamrab olingan. 2005-yili ish boshlagan ushbu “akademiya” bolalarning iqtidori va qobiliyatini kashf etuvchi ixtiyoriy ilmiy-ijodiy uyushma sifatida faoliyat yuritmoqda.
E’tiborlisi, “Jasoratimiz, ijodimiz sen uchun, Vatan!” shiori ostida faoliyat yuritayotgan bu uyushma o‘z ilmiy kengashi, nizomi, dasturi va ramziga ega. Akademiyada “Yilning eng iqtidorli o‘quvchisi”, “Eng yaxshi ilmiy ish”, “Eng yaxshi ijodiy ish”, “Eng yaxshi ixtirochi”, “Eng yaxshi jurnalist o‘quvchi”, “Eng yaxshi dasturchi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘g‘il-qizlarning qobiliyati yuzaga chiqmoqda.
2005—2018-yillari akademiyada 4 ta, 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab esa 5 ta yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Jumladan, fanlar kesimida iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash yo‘nalishida shug‘ullanayotgan bolalar 653 nafar. Bunda tajriba-sinov laboratoriya ishlarini bajarish, fan olimpiadalari, bilimlar bellashuviga tayyorgarlik ko‘riladi. Yosh ijodiy izlanuvchilar bo‘limi faoliyati esa o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish, ijodiy ish va bilimlarni ommalashtirish, o‘quvchilarning mustaqil shug‘ullanishiga ko‘maklashishdan iborat. Yosh ilmiy tadqiqotchilar yo‘nalishida o‘quvchilarning kichik ilmiy ish va ixtirolar yaratishiga ko‘maklashish, ularni ilmiy-amaliy konferensiyalarga tayyorlash, o‘z tadqiqotlarini “Kichik akademiya” qoshidagi kengashda himoya qilishlarini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratiladi. Madaniyat va sport bo‘limi bolalarning o‘zi qiziqqan sport va madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha bilimini oshirishiga ko‘maklashadi. Yosh ixtirochi va dasturchilar yo‘nalishida o‘quvchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, robototexnika, dasturiy injiniring hamda virtual loyihalash sohalariga qiziqishlari rivojlantiriladi.
Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat quyidagi jarayonlarni o‘z ichiga oladi:
— Axborot-metodik ta’minlash;
— pedagogning texnologik tayyorgarligini ta’minlash;
— iqtidorli bolalarning aqliy rivojlanishi va o‘zini namoyon qilishi uchun shart-sharoit yaratish hamda ularni nazorat qilish;
— iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashda tizimli-amaliy yondashuvni tashkil qilish.
Maktabimiz pedagoglari o‘quvchilarga bilim berishdan avval “Bugungi kun o‘quvchisi qanday qobiliyatga ega?” degan savolga javob topishadi. Masalan, qiziquvchan, ziyrak, noodatiy, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tez o‘zlashtiradigan... Hozirgi davr bolasiga faqat darslikdan saboq berib bo‘lmaydi. Eski, an’anaviy usulda dars beruvchi o‘qituvchi endi bugungi o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bera olmaydi. Buning uchun o‘qituvchi tinimsiz o‘z ustida ishlashi, o‘quvchida ro‘y berayotgan har bir o‘zgarishni tez payqay olishi, layoqati, iqtidorini ilg‘ashi va uni yo‘naltira olishi muhimdir. Buni yaxshi anglagan holda o‘quvchilarni mustaqil intellektual faoliyatga jalb etish, ilmiy-amaliy loyihalar ustida ishlashga qiziqtirishni birlamchi vazifa deb bilyapmiz. Natijada fidoyi muallimlar mehnati o‘z samarasini beryapti. Jumladan, Bilimlar bellashuvida “Kichik akademiya”miz o‘quvchilari turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha tumanda 20 ta faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9—11-sinflar o‘rtasidagi fan olimpiadasida ham o‘quvchilarimiz tuman bosqichida 19 ta, shahar bosqichida 2 ta sovrinli o‘rinni egalladi. 9-sinf o‘quvchisi Rahmatilla Omonov Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida o‘tkazilgan “Ulug‘bek izdoshlari” respublika fan olimpiadasida matematika va fizika fanidan mutlaq g‘olib deb topildi va Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro olimpiadaga yo‘llanma oldi. Yana ikki o‘quvchimiz — Abduvohid Erkinov “Eng yaxshi fizika masalasi yechimi” nominatsiyasida uchinchi, Izzatilla Otajonov informatikadan fan olimpiadasining shahar bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Azimjon Gadoymurodov esa S.Sirojiddinov nomidagi O‘zMU akademik litseyi tomonidan har yili o‘tkaziladigan iqtidorli bolalar tanlovida 1-o‘rinni egallab, litseyga imtihonsiz kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ayni vaqtda yuqori sinf o‘quvchilarimizdan 16 nafari IELTS, 9 nafari CEFR sertifikatiga ega.
Yana bir yutug‘imiz shuki, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish» mavzusidagi anjumanda respublika bo‘yicha 3000 ga yaqin o‘quvchi orasidan “Kichik akademiya”miz a’zosi Laylo Obidjonova ham o‘z layoqati va iqtidorini namoyon qilib, delegatlikka tanlab olindi.
O‘quvchilarimiz orasida Osiyo chempionlari, Xalqaro matematika olimpiadalari g‘oliblari, jahonning nufuzli musobaqalari sovrindorlari borligidan faxrlanamiz. Jumladan, 10-sinf o‘quvchilaridan Usmonjon Erkinov suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 2-, Nargiza Rahmonqulova kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 2-, Shahnoza Tog‘aymurodova qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egallagan. Bunday yutuqlarni ko‘plab davom ettirish mumkin. Asosiysi, bu yutuqlar zamirida izlanuvchan o‘qituvchilar mehnati va bilimdon o‘quvchilar sa’y-harakati mujassam.
Malika ABDULLAYEVA, Sergeli tumanidagi 300-IDUM direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, “Kichik akademiya” rahbari