“Eng yaxshi psixolog” kim bo‘ldi?
Bola qalbi — sirli olam. U ulg‘ayar ekan, ichki o‘y-qarashlarini tashqi olam, atrofidagilar xatti-harakati bilan qiyoslaydi. Yaxshi va yomonni ajratishga qiynaladi, ich-ichidan o‘ylantirayotgan savollariga javob izlaydi, mehrtalab bo‘lib qoladi.
Bunday paytda ota-onasi, oilasi, yaqinlari tomonidan e’tibor, g‘amxo‘rlik berilsa u o‘z yo‘lini topib ketadi, aksi bo‘lsa-chi?.. Ko‘chadan mehr, e’tibor istaydi. Ana shunday vaziyatda ta’lim muassasasidagi amaliyotchi-psixologning ziyrakligi, tajriba va bilimi muhim ahamiyatga ega.
Xalq ta’limi tizimidagi amaliyotchi-psixologlar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, salohiyatli va fidoyilarini aniqlash, ularning ijodiy faolligini oshirish, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanib, ijobiy natijalarga erishayotganlarini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish maqsadida har ikki yilda bir marotaba “Eng yaxshi psixolog” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlovning bu yilgi respublika bosqichi Farg‘ona shahrida o‘tkazildi. Unda tanlovning viloyat bosqichlarida o‘z bilimi, ijodkorligi, tashabbuskorligi va ijodiy faolligi bilan yuqori o‘rinlarni egallagan eng kuchli 14 nafar amaliyotchi-psixolog ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlov 4 turda o‘tkazildi. Ish-tirokchilar 1-bosqichda test sinovlari, 2-bosqichda “Muammoli vaziyat”dan chiqish, 3-bosqichda “Belgilangan mavzu yuzasidan trening-mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rish”, 4-bosqichda namunaviy trening-mashg‘ulotni notanish sinfda o‘tish shartini bajarishdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Farg‘ona shahridagi 40-IDUM psixologi Yuliya Em g‘olib deb topildi. Namangan tumanidagi 16-maktab psixologi Qunduz Irisboyeva 2-o‘rinni, Karmana tuma-nidagi 10-maktab psixologi Lola Sayidahmedova 3-o‘rinni egalladi. Bu yilgi tanlovda ishtirokchilar tomonidan “O‘smirlarda depressiya va stress holatlarini bartaraf etish” mavzusida mualliflik video-treningi tayyorlandi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ovozga qo‘yildi.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi direktori L.Gaynutdinova va Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov qatnashdi.
G‘oliblar vazirlikning diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.XOLMETOVA