Qayda qoldi mardlik g‘ururi?
Ruhshunoslar o‘tkazgan test natijalariga ko‘ra, yigitlarning 57 foizi o‘ziga to‘q, ota-onasi yaxshi lavozimda ishlaydigan, boy oila qiziga uylanish istagida ekanliklarini bildirishgan.
Hech bir andishasiz, yigitlik g‘ururi, oriyatini bir chetga surib qo‘yishganu, oila boqish, ro‘zg‘or yuritishdek mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishni xohlamasliklarini ochiq bildirishgan.
Bugun ro‘zg‘or yuki ayrim ayollarning nozik yelkasini ezayotgani, shu bois ularning chet ellarda mardikorlikka yollanayotgani, og‘ir yumushlarni qilishga majbur bo‘layotgani, hatto qing‘ir yo‘llarga kirib ketayotgani shundan emasmikan? Ayolini, farzandini boqishdan bo‘yin tovlab, ajrashishni afzal bilgan nomardlar tufayli yolg‘iz ayollar, yetim bolalar soni oshayotganiga nima deysiz?
Inson o‘ziga ato etilgan baxtning to‘rtdan uch qismini oiladan, atigi bir qismini boshqa narsalardan toparkan. Oilada mehr-oqibat hukm surishi ko‘proq erkaklarga bog‘liq. Biz yoshlarni oilaga tayyorlaymiz deb “Orasta qizlar”, “Qizlar klubi”, “Qaynonalar kengashi” tuzib, boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizga qaynonani hurmat qilish, kelin bo‘lgan uyining ostonasiga ham sizlab gapirish, pishir-tushir, tikish-bichish qatori muomala madaniyatini puxta egallash, qaynona-qaynotani ota-ona o‘rnida ko‘rish kerakligini qayta-qayta uqtirishdan charchamayapmiz. Lekin bir narsani unutib qo‘yganga o‘xshaymiz. Axir oila quradigan yigitlar bilan kim ishlaydi? Farzand tarbiyasi, oila ta’minotini, otalik, erlik majburiyatlarini bir chetga surib qo‘ygancha chet ellarda yurib yoki ko‘chadan “mehr”ni pulga sotib olib, uyida mehrga muhtoj rafiqasi, bolalarini esidan chiqarib qo‘yayotgan erkaklarni kim insofga chaqiradi?
Menimcha, bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti keldi. Maktabda o‘g‘il bolalar orasida tushuntirish ishlarini olib borib, ularga oila — muqaddas dargoh ekanligini, bu joyda erkak eng muhim mavqe, majburiyatga egaligini uqtirish lozim. Toki, ular o‘z burchlarini chuqur anglasinlar, yigitlik g‘ururini yo‘qotmasinlar.
Dilrabo ELMURODOVA, Qorako‘l tuman XTB sho‘ba rahbari