Maqsadimiz — bolalarni kitobga oshno etish
Respublika bolalar kutubxonasi foydalanuvchilari uchun kitob shunchaki tanlab berilmaydi, balki uning mazmun-mohiyati keng tushuntiriladi. Buning uchun kutubxonaning moddiy-texnik bazasi yetarli. Maqsad — bolalarni kitobga ko‘proq oshno etish, mutolaa madaniyatini shakllantirish. Zero, “Qalb qanchalar gunohdan poklansa, ilm shu
qadar munavvar va mukammal bo‘ladi”, deydi Hakim at-Termiziy.
Shu o‘rinda kutubxonamiz faoliyatiga nazar tashlasak. Respublika bolalar kutubxonasi 1965-yilning yanvar oyida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining
o‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi fondi negizida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan viloyatlardagi bolalar kutubxonalari uchun ilmiy-uslubiy markaz sifatida tashkil etildi.
Kutubxona dastlabki davrda V.Mayakovskiy nomidagi kutubxona bilan bir binoda joylashgan edi. 1972-yilga kelib o‘z binosiga ega bo‘ldi. Kutubxona uchun bino tanlashda uning shahar markazida, qulay joyda joylashishi, maktablar va bolalar bog‘chalariga yaqinligi hisobga olindi. Respublika bolalar kutubxonasi davlat muhofazasidagi me’moriy yodgorlik bo‘lmish qadimiy binoda joylashgan.
1965-yilga qadar respublikada bolalar kutubxonalari faoliyatini umumlashtiruvchi, uslubiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan tashkilot yo‘q edi. Shu davrdan boshlab Respublika bolalar kutubxonasi uslubiy markaz vazifasini bajarishni o‘z zimmasiga oldi.
Kutubxona viloyat bolalar kutubxonalari faoliyatini boshqarib, ilmiy-uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatgan.
Respublika bolalar kutubxonasi yiliga 13 mingdan ziyod kitobxonga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ko‘p sonli kitobxonlar orasida bog‘cha bolalaridan 11-sinf o‘quvchilarigacha bo‘lgan yoshlarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, Toshkent shahridagi barcha maktab o‘quvchilari, bolalar bog‘chalari murabbiylari, pedagoglar hamda ARM mutaxassislariga kutubxona xizmati ko‘rsatilmoqda.
Kutubxona har jihatdan qulay va shinam. Nafaqat kichkintoylar, balki kattalarning ham qiziqishiga javob beradigan kitob zaxirasiga ega.
Kutubxona fondida 219 ming-dan ziyod adabiyot va 100 dan ortiq boshqa nashrlar mavjud. Bular: fanning barcha sohalari bo‘yicha bolalar yoshini hisobga oluvchi badiiy adabiyotlar, ilmiy-ommabop nashrlar, ijtimoiy-siyosiy kitoblar, jurnallar, O‘zbekiston va Rossiyada nashr qilingan bolalar hamda kattalar uchun mo‘ljallangan gazeta va jurnallar, CD, DVD, video-audio kassetalardir. Shuningdek, ilmiy-uslubiy va bibliografik nashrlar ham o‘z o‘rnini topgan.
Dilorom OBIDOVA, Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi