Kitobxon tasavvuriga daxl qilmang
Kitob nashr etishning ham o‘z etikasi, tartib-qoidalari bor. Biroq bugun ayrim eng katta nashriyotlar ham bejirim, xatosiz, kitobxonni o‘ziga chorlaydigan kitoblarni sotuvga chiqarish bilan ovora bo‘lib, muhim bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmoqda — kitob muqovasi ham ko‘p narsani hal qiladi. Nashriyot chiqargan mahsulotidan zarar ko‘rmasligi lozim. Nashriyot ishi igna bilan quduq qazishdek gap. Baribir ilm ahlining ko‘nglini bir narsa xotirjam qiladi: axir, kitoblarni ko‘paytirib sotishdan savobliroq ish bor ekanmi?
Keyingi paytda kitob nashr etishda urfga kirayotgan bir holat bizni benihoya tashvishlantirayotir. Qo‘limizga olgan “O‘tkan kunlar” kitobiga 14—18 yoshli kitobxon nigohi bilan qaraymiz. Tamom. Endi kitobni o‘n marta o‘qigan taqdirda ham bu chanqoq ko‘ngil oynasida Otabek va Kumush xuddi kitob muqovasidagidek aks etib turadi. Butun respublika bo‘ylab tarqalgan kitobni necha kishi o‘qisa-da, bir xil tasavvur qoldiradi. Muqova aslida nima maqsadda bu ko‘rinishga keltirilgan bo‘lmasin, faqat tasavvurning biqiq va siqiqligiga xizmat qilmoqda.
Muqova nashriyot manfaatlariga xizmat qilar ekan, balki xodimlarga birday ma’quldir. Nafaqat nashriyot xodimlariga, kino san’ati ustalariga ham juda ma’qul ko‘rinadi, albatta. Axir, muqova badiiy asardan ko‘ra, filmning birlamchi ekanidan darak berib turgandek. Qolaversa, kitob ayni vaqtda filmning reklamasiga to‘liq xizmat qilib turibdi. Takror aytish lozimki, asar va film hech qachon bir-birini to‘ldirolmaydi.
Bugun yoshlarimizga adabiyotimizda yaratilgan yirik-yirik romanlar mazmuniga oid biror savol berib ko‘rsak, butun sujetning yarim-yortisiga tayanib suratga olingan film taassurotlari bilan javob beradi. Nazarimda, bundan keyin filmga aylangan asarlarni qayta nashr etayotgan mutaxassislar san’atkorlar suratini muqovaga joylashtirmasalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ming turfa olamda ming turfa odam yashar ekan, badiiy asarni mutolaa qilayotgan har bir kitobxon uni o‘z tasavvurida jonlantirgani ma’qul.
Ma’mura ZOHIDOVA, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bo‘limi bosh mutaxassisi