“Illatlarga qarshi birga kurashaylik”
Yashnobod tumani “Barkamol avlod” bolalar markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Illatlarga qarshi birga kurashaylik” mavzusida o‘tkazilgan ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tanlov o‘z oldiga o‘quvchilar hayotida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va yoshlar orasida giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi illatlarning oldini olish, OITS kasalligiga qarshi kurashishni maqsad qilgan.
Tadbirni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ochdi. Bayram tadbirida “Fiyesta” raqs dastasi o‘quvchilari, kavkaz raqs guruhi va dutorchi qizlarning badiiy chiqishlari chet ellilk mehmonlar, ota-onalar va tanlov ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
— Bu tadbir BMTning narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish Markaziy Osiyo mintaqaviy vakilligi bilan hamkorlikda ko‘p yillardan beri o‘tkazib kelinadi, — dedi Dilshod Kenjayev. — Yoshlar orasidagi giyohvandlik, ichkilikbozlik, kashandalik kabi illatlarga qarshi kurashish har bir O‘zbekiston fuqarosining vazifasidir. Bu illatlarning oldini olish uchun yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazib, ularni ma’naviyat, madaniyat, sport, musiqa kabi yo‘nalishlarga yo‘naltirishimiz lozim. Farzandlarimizni Vatanimizga sharaf va g‘urur keltiradigan insonlar etib tarbiyalashimiz kerak. Biz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz va aynan bugungi tanlov g‘oliblariga oktabr oyining oxiri va noyabrning boshida Rossiya Federatsiyasidagi “Artek” oromgohida dam olish yo‘llanmasini taqdim qildik.
Respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov tasviriy san’at va mohir qo‘llar yo‘nalishlarida o‘tkazildi.
— Bu tanlovning “Mohir qo‘llar” yo‘nalishida “Ikki yo‘l — ikki taqdir” nomli ijodiy ishim bilan ishtirok etdim va faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Noutbuk, telefon, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandim, — deydi Jomboy tumanidagi 56-maktab o‘quvchisi Dildora Rahmatova.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga tashkilotchilar va homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jahongir MARDONOV