“Ma’rifat”ga bobom, buvim ham intiq
Assalomu alaykum, “Ma’rifat” gazetasining tinib-tinchimas ijodkorlari! “Ma’rifat” kitobxoni” tanlovi — badiiy asarlar muhokamasi orqali sizlar bilan g‘oyibona fikrlashayotganimdan behad xursandman. “Shum bola”dan ta’sirlanib yozgan she’rim gazeta sahifalaridan joy olishi uyimizda, maktabimizda katta bayramga aylanib ketdi. Gazetaning yangi sonlarini hammamiz, hatto bobom, buvim ham intiq kutishyapti.
O‘zimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaganingiz, ota-onam, yaqinlarim faxrlanishiga sababchi bo‘lganingiz uchun katta rahmat! Onajonim “Ma’rifat”ga alohida obuna bo‘ldi. Xatlarim tez yetib borishi uchun elektron pochta ochishni ham iltimos qildim.
Gazetaning keyingi sonlarida mutolaa uchun O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini bersangiz. Bu — eng sevimli asarim. Qayta-qayta o‘qisam ham zerikmayman. Qolgan tengdoshlarim ham shu asarni o‘qib chiqishsa, birgalikda fikrlashardik!
Mohinabonu RUSTAMOVA, Shofirkon tumandagi 40-maktab o‘quvchisi