Javonda sarg‘ayib qolmasmikan?!
Jizzax viloyatida shunday nurli, fayzli koshona bor. Bu maskan viloyat axborot-resurs markazidir. Atoqli o‘zbek shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari o‘rnatilgan muhtasham bog‘ to‘rida qad ko‘targan bu ko‘rkam bino har qanday kishining e’tiborini tortadi. Ziyo maskaniga qadam qo‘yamiz.
Foyedagi manzaraning o‘ziyoq kishini mutolaaga chorlaydi, kitob o‘qishga rag‘bat uyg‘otadi. Javonlarda o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari did bilan terilgan.
Ro‘paramizdan quvnoq kayfiyatli qizaloq chiqadi. Tanishamiz. Baxmal tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Dilnavoz Safarboyeva ekan.
— Po‘lat Mo‘minning “Bolajon, bolajonim” kitobini o‘tgan hafta olib ketgandim, mazza qilib o‘qib chiqdim, — deydi u. — Hassos shoir Hamid Olimjonning yangi kitobi chop etilgan ekan. Shuni olib o‘qimoqchiman.
— Nima uchun Baxmaldan atayin kitob olgani bu yerga keldingiz?
— Bu yerdagi kutubxonachilar juda xushmuomala, mehribon. Istagan kitobingizni topib berishadi. Hatto so‘ralgan kitob kutubxonada bo‘lmasa, buyurtma asosida keltirib berishadi.
— Kitobsevarlarimiz orasida yoshlar bilan birga mehnat faxriylari ham ko‘pchilikni tashkil etadi, — deydi axborot-resurs markazi bo‘lim mudiri Gulnora Sharipova. — Ular barcha adabiy-badiiy tadbirlarni tashkil etishda bizga yaqindan ko‘maklashadi. Yoshlarga kitobga havas, mutolaaga ishtiyoq uyg‘otishda ibrat bo‘lishyapti.
— Jamoamizda 48 nafar xodim ishlaydi, — deydi ARM direktori Anvar Yo‘ldoshev. — 6 nafari oliy, 23 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli, 19 nafari nomutaxassis. Ayni paytda markazimizda bir paytning o‘zida 100 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor. Biroq soha bo‘yicha mutaxassis kadrlar juda kam. Shu bois Jizzax davlat pedagogika institutida kutubxonachilik bo‘limi ochilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Darhaqiqat, bugungi kunda viloyatdagi 542 ta maktabda ishlayotgan 711 nafar kutubxonachining atigi 24 nafari oliy ma’lumotli. 38 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega, qolgan 600 nafardan ziyod xodimning esa sohaga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Mazkur axborot-resurs markazi viloyatdagi maktab kutubxonalariga uslubiy yordam ko‘rsatadi. Bir qator mahallalar va bolalar bog‘chalarida oyiga bir marta kichik ko‘chma kutubxona tashkil etadi. Yil boshidan axborot-resurs markazi Jizzax shahridagi “Shalola”, “Aziza”, “Bahor”, “Go‘zal”, “Quyoshcha” kabi MTM, ko‘zi ojizlar maktab-internati, shuningdek, qator mahallalarga yangi kitoblar yetkazib beryapti. Achinarlisi, ko‘pchilik maktab kutubxonalarining kitob fondi o‘ta nochor. Yangi badiiy asarlar yo‘q hisobi.
Axborot-resurs markazida bugungi kunda 20 ming nusxadan ziyod kitob bor. G‘afur G‘ulom nomidagi, “O‘zbekiston” kabi nashriyotlar bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha markaz joriy yilda 100 million so‘mlik kitob xarid qilishi lozim.
* * *
Kitoblar bor, yana keltiriladi. Lekin muammo — bitta. Ularning barchasi o‘z o‘quvchisini toparmikan? Javonlarda turib, sarg‘ayib qolmasmikan? Hamma gap shunda. Har bir o‘qituvchi, tarbiyachidan tortib ota-onalargacha — barchaning oldida turgan masala shu. Farzandlarimiz kitobxon bo‘lishi, har bir xonadondan kitob o‘rin olishi lozim.
Abdulla AHMAD
Jizzax viloyati