Ijodkor bolalar taqdirlandi
Toshkent shahridagi “Botanika bog‘i”da “Ijodkor bolalar” festival-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Festivaldan maqsad o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga yo‘naltirish, qiziqishlaridan kelib chiqib badiiy, texnik, o‘lkashunoslik va ekologiya kabi yo‘nalishlarga oid ko‘nikmalarni rivojlantirishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida respublika bo’yicha 215 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarining faoliyati tashkil etildi. Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar markazlarida 5,5 mingdan ortiq to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uch bosqichda (tuman(shahar), hududiy, respublika) o‘tkazilgan tanlovning quyi bosqichlarida ana shu “Barkamol avlod” markazlari va umumta’lim maktablarining 7,4 mingdan ziyod o‘quvchilari 6 yo‘nalish (yog‘och o‘ymakorligi, libos dizayni, avtomodel, robototexnika, ekodizayn va landshaft dizayni) bo’yicha ishtirok etdi.
Respublika bosqichida 14 ta viloyatdan 84 nafar o‘quvchi qatnashdi. Tanlov 2 shart bo‘yicha o‘tkazildi. Dastlab o‘quvchilar ikki soat ichida amaliy ishlarini yasashgan bo’lsa, ikkinchi shartda o‘z ijod namunalarini hakamlar hay’ati oldida himoya qildilar.
— Tanlovda qo‘l mehnati bilan yaratgan amaliy ishim bilan qatnashdim. Yasagan ishimni hakamlar 1-o‘ringa munosib deb topdi, — deydi libos dizayni bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi Nargiza Shavkatova.
Festival so‘ngida 6 yo‘nalish bo‘yicha faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Yosh iqtidor egalari ijrosidagi konsert dasturi bilan tadbir yakunlandi.
Jahongir MARDONOV