“Barkamol avlod” markazlari nega gavjum emas?
Ta’limda ta’til bo‘lmaydi, deb bejiz aytilmaydi. Umumta’lim maktablarida darslar tugagan bo‘lsa-da, shijoati baland, izlanishdan to‘xtamaydigan o‘quvchilar to‘garaklardan bilim izlaydi. Bu o‘rinda “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazlarida yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat muhim o‘rin tutadi. Jonkuyar o‘qituvchilarni o‘quvchilarining darsdan tashqari ta’limi jarayonidagi muammo va kamchiliklar ham o‘ylantiradi. Zero, haqiqiy muallim uchun ta’limga daxlsiz jihatning o‘zi yo‘q.
“Ma’rifat” mushtariylari” “Telegram” guruhida bu safar “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyati muhokama qilindi.
Fotima Karimova:
— Hududimizda “Barkamol avlod” bolalar markazi aholi gavjum joydan uzoqda joylashgan. Bu o‘quvchilarga muammo tug‘diradi: Maktablarda markazning filiallari ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda o‘quvchilarning qatnovi uchun qulaylik yaratilardi. Bolalik yillarimiz bunday to‘garaklar bepul edi. Hozir hammasi pullik. Shuning uchun ularni jonlantirish qiyin bo‘lyapti. Aslida maktabdan tashqari ta’limni kuchaytirish juda ham dolzarb masala. O‘quvchi maktabdagi darslarda ilm o‘rgansa, “Barkamol avlod” markazida kelajakda asqotadigan kasb-hunarni o‘zlashtiradi. San’at, texnika, sport kabi yo‘nalishlarda mahoratini oshiradi. Bu bolani kasbga yo‘naltirishdagi muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois bu tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga e’tibor qaratish judayam zarur. Birinchi navbatda, markazning filiallarini ko‘paytirish, iloji bo‘lsa, ularni maktablar ichida tashkil qilish lozim. Shunda voyaga yetmaganlar orasida turli noxush holatlar kamayadi.
G‘ayrat Qorabekov:
— Markazlarda kadrlar qo‘nimsizligi ham katta muammo. Oylik maosh miqdorining ozligi, to‘garak badal pulini undirish bilan bog‘liq muammolar xodimlar ko‘nglini ishdan sovitadi. Shu bois markazda o‘qituvchilar ko‘p almashadi. Natijada darslarning uzluksizligiga putur yetadi. Bir-ikki marta murabbiy kelmasa, ota-onalar bolasini to‘garakka yuborishni istamay qoladi.
Sh.Ergashevna:
— O‘quvchilarimni tuman markazidagi “Barkamol avlod”ga olib bordim. Bolalarning ism-familiyasini yozib olib, navbat kelsa, o‘zimiz chaqiramiz, deyishdi. Oradan ikki-yil o‘tdi, hali ham chaqirishmadi, navbatimiz hamon kelmadi, shekilli... O‘quvchilarimning oldida xijolat bo‘ldim. Biri texnikaga, boshqasi rassomlikka qiziqardi. Nazarimda, bugun “Barkamol avlod” markazlari malakali kadrlarga muhtoj.
Nazokat Xolmetova:
— Markazda ishlaydigan qaysi o‘qituvchi bilan gaplashmang, oyligimiz kam, bu maoshga yoshlar ishlagani kelishmaydi, deydi. Balki ularning ham maoshi oshirilsa, maktabdan tashqari ta’lim tizimi ham rivojlanib, markazlarga malakali kadrlar kirib kelgan bo‘lardi. Qolaversa, markazlarning gavjum emasligida faqat muassasalarni aybdor sanash ham noto‘g‘ri. Bugungi o‘quvchi telefon va internet, kompyuter o‘yinlari ta’sirida hamma narsaga befarq va loqayd bo‘lib qolayotganini nazardan qochirmaylik. Ota-onalar bolalarini nazorat qilishi, ularni ijodiyot markazlariga olib borib, qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha to‘garaklarga jalb qilishi lozim. El tanigan san’atkor va hunarmandlar bilan suhbatlashsak, aksariyati o‘z yutuqlarini otasi yoki onasining ilk bor to‘garakka yetaklab olib borgan kuni bilan bog‘lashadi.
Saidaxon Mamajonova:
— Biz xo‘jako‘rsinga ishlashga o‘rganib qolyapmiz. Hamma narsa faqat qog‘ozda ko‘rinishi kerak. “Barkamol avlod” markazidagi hamma to‘garaklar bir binoda joylashadi. Filiallari yo‘q. Biz kattalar ishda bo‘lamiz, yashash hududimizga juda ham uzoq bo‘lgani uchun farzandimning bir o‘zini markazga jo‘nata olmayman. Hamma to‘garaklarni bir joyga joylashtirishdan maqsad tekshiruvchi kelganda qiynalmaslik bo‘lsa kerak.
Dilobar Jaloliddinovna:
— Markazimizda 24 yo‘nalishdagi to‘garak bor. Kutubxona ham tashkil qilganmiz. 500 nafar o‘quvchini qamrab olganmiz. Ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ammo tuman miqyosidagi barcha hududlarni qamrab ololmadik. Tumanning narigi chekkasida yashovchi o‘quvchilar markazga qatnay olmaydi. Shu bois chekka hududlarni ham qamrab olish maqsadida tuman moliya bo‘limiga shtat so‘rab ko‘p bora murojaat qilganmiz. Yana qo‘shimcha shtat berilsa, maktablarning o‘zida talabga binoan to‘garak ochardik. To‘garak rahbarlariga beriladigan ish haqining ozligi ham ba’zan malakali kadrlarni jalb qilishga to‘sqinlik qiladi. Har qanday malakali kadr mehnati va salohiyatiga yarasha haq olishni istaydi. To‘garaklarimizga har oy 10 ming 200 so‘mdan badal puli to‘lansa-da, bu mablag‘ xomashyo olishga sarflanadi. To‘garak mashg‘ulotini xomashyosiz o‘tib bo‘lmaydi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.