Farzandlarimizni televizor emas, bobo-buvilari tarbiyalasin!
Hayot tashvishlari bilan kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar o‘tib boraverarkan. So‘nggi vaqtlarda “Vaqt buncha tez o‘tib ketmasa”, “Yer shari har doimgidan tez aylanmoqdami?”, “Kecha dushanba edi, mana bugun shanba-ya!” kabi gaplar tez-tez quloqqa chalinadi.
Bolalik davrlarimni eslasam, vaqt bir muddat sekinlashganday tuyuladi. Kattalar birmuncha mehr-oqibatli edi. Qarindoshlar bir-biridan tez-tez xabar olardi. Ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida oqibat kuchli edi. Lekin o‘sha davrda ham uy-ro‘zg‘or tashvishlari hozirgidek mo‘l-ko‘l bo‘lgan...
Buvimning hovlisida xola-yu tog‘alarim oilalari bilan tez-tez yig‘ilib turishardi. Bu yig‘inlarda, ayniqsa, biz bolalarga maza bo‘lardi. Turli o‘yinlar o‘ynab vaqt o‘tganini sezmasdik. Chorpoya ustiga qurilgan pashshaxonada qatorlashib yotib, turli ertaklar, matallar eshitib, mo‘jizaviy dunyoga tushgandek, sehrli olam ichra kezardik. Yulduzlarni sanab, osmon-osmon orzular qilardik.
Buvim bilan yetaklashib, qarindoshlarni ziyorat qilardik. Kimga yordam kerak, qaysi qarindoshning keliniga “ma’naviyat soati” lozim, kim to‘y boshlagan, xullas, hammaning holidan xabar olinardi. Turli ko‘ngilsizliklar joyida bartaraf etilardi.
Mahallada ham xuddi shunday: hamma bir-birining holidan xabardor bo‘lardi:
— Eson bobo betob ekan, yo‘qlab kelinglar!
— Zarbuvi momoga kelini yaxshi qaramayotgan ekan, issiq-sovug‘idan xabar olinglar!
— Aka-ukalar gap talashib qolibdi, oqsoqol, uyiga borib xabar oling!
— Usmon yana ichishni boshlabdi, yana uni “oshpichoq”ning tagiga olish kerak!”.
— Ta’ziyali uyga qarashinglar... kabi so‘zlar quloqqa tez-tez chalinardi.
Hozir bilan bolaligimdagi davrni taqqoslasam, yer bilan osmon qadar farq bor.
Zamondoshlar, biz qachon mehrsiz, e’tiborsiz bo‘lib qoldik? O‘zimizdan o‘zgani o‘ylashga nahotki vaqtimiz yo‘q? Qarindoshlarni oylab, hatto yillab ko‘rmaymiz, ba’zan olamdan o‘tganda ham janozasiga yetib borolmaymiz... Qo‘shnilarning qaysi betob, qaysi yordamga muhtoj — buni ham bilmaymiz yoki bilmaslikka olamiz. Aka-ukasidan xabar olmaydi, ota-onadan hol so‘rashga vaqt yo‘q...
Oilamizda 6 nafar farzand ulg‘aydik. Kam-ko‘stlarimiz bo‘lgandir, lekin onamning noliganini, biror-bir kishiga hasrat qilganini eshitmaganman. Pultli televizor, kir yuvadigan mashina, xullas, hozirgidek shart-sharoitlar bo‘lmasa-da, onam barcha ishga ulgurardi, nolish nimaligi bilmasdi. Hozir-chi, shuncha shart-sharoitlar bo‘lsa ham, shukronalikdan ko‘ra norozilik kayfiyati ko‘proq. Ko‘p qavatli uyda yashayman, ikki yoki uch farzandli ko‘pgina juvonlarning uy ishlaridan hasrat qilganini eshitib qolaman...
Qizaloqlarim uchun sochpopuk olish maqsadida do‘konga kirdim. Bir-biridan bejirim sochpopuklarning ko‘pligini ko‘rib tanlashga qiynaldim. Yodimga yana bolaligim tushdi. Akamning velosipedi bo‘lardi, garaj devoriga kameralarini osib qo‘yardi. Bir kuni qo‘shni qizlar bilan garajga sekin kirib, kamerani olib tezlik bilan tomga chiqdik. Kamerani kesib sochimizga rezina tayyorladik. Ishga berilib ketib akamning yonimizga kelganini sezmay qolibmiz. Biz eski emas, yangi kamerasini kesib qo‘ygan ekanmiz. Gapni eshitib hammamiz har joyga qochib ketdik. Bir haftagacha akam qovog‘ini uyib yurgandi... Qo‘limda qizlarimga bejirim shochpopuklarni olib borarkanman, shu xotiralar xayolimda gavdalandi...
Vaqtimizni tejaymiz, deb yaqinlarimiz diydoridan, mehridan bebahra qolmaylik. Farzandlarimiz qarindoshlar orasidagi muhabbatni his qilib o‘ssin. Zero, bizdan keyin farzandlarimiz bir-biriga oqibatli bo‘lsin.
Qo‘shnilarni faqat ma’rakalarda emas, biron-bir sababsiz ham yo‘qlab turaylik. Ota-onalarimizning “Bolam, qachon kelasan?” degan savoliga bahona axtarguncha, ularni xursand qilish uchun bahona izlaylik, har daqiqani g‘animat bilaylik. Farzandlarimiz internet o‘yinlaridan emas, osmondagi yulduzlarni ko‘rib, ulardan zavq olsin. Televizorga yaqin o‘tirmasdan, bobo-buvilarining bag‘rida o‘tirib, ertaklar tinglab katta bo‘lsin.
Shahnoza KARIMOVA, Uchquduq tumani BO‘SM direktor o‘rinbosari