Oylikni oshirish kerak!
Bo‘sh vaqtga o‘rin yo‘q!
Bugun Buxoro viloyatida 14 ta “Barkamol avlod” bolalar markazida 12 998 nafar o‘quvchi qamrab olingan. O‘quvchi-yoshlarning qiziqish va talablari hisobga olinib, Badiiy ijodiyot yo‘nalishida 289 ta, Texnik ijodiyot yo‘nalishida 99 ta, O‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishida 117 ta, Chet tili yo‘nalishida 27 ta, Sport yo‘nalishida 25 ta to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda. Chekka hududlardagi o‘quvchilarning ham bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni to‘garaklarga jalb etib, boshlang‘ich kasb-hunar sirlarini o‘rgatish maqsadida umumta’lim maktablari qoshida 290 ta, mahallalarda 4 ta, mehribonlik uyida 6 ta to‘garak ish olib boryapti. 35 nafar imkoniyati cheklangan, 25 nafar ichki ishlar organlarining profilaktik hisobiga olingan, 100 nafar “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, shuningdek, 1 699 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari imtiyozli ravishda to‘garaklarda o‘z qiziqishlari asosida kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Tugallangan o‘quv yilida markazlarda davlat ta’lim talablari asosida bilim olgan va o‘quv rejasidagi mavzularni mustahkam o‘zlashtirgan o‘quvchilarning 6 998 nafari guvohnomalarga ega bo‘lishdi.
Hamisha gavjum maskanlar
Zamira aya hech erinmaydi, kunora uch nevarasini shu dargohga yetaklab keladi. Bu yerda uning kabi nevaraparvar bobo-buvilar talaygina.
Kogon shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazi yozgi ta’til mavsumida Zamira ayaning nabiralari qatori 260 nafar o‘quvchi-yoshlarni o‘z bag‘riga qamrab olgan. Ularga qiziqishlari asosida turli kasb-hunarlar yo‘nalishida dastlabki saboqlar berib borilyapti. Ayniqsa, “Tasviriy san’at”, “Mental arifmetika”, “Boshlang‘ich tasviriy modellashtirish”, “Kompyuter” to‘garaklari o‘quvchilar bilan gavjum.
— To‘garak a’zolarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etish maqsadida yozgi ta’til ish rejasiga ko‘plab qiziqarli kechalar, viktorinalar, ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarini kiritganmiz, — deydi markaz direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Laylo Sulaymonova. — Ayniqsa, bolalarda kitobga va mutolaaga ishtiyoq uyg‘otuvchi “Men sevgan qahramon”, “Kitob — olam chirog‘i”, “Mening sevimli kitobim” singari ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovlarini tashkil etishga alohida ahamiyat qaratilgan.
Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi hovlisi ham erta tongdan farzandlarini yetaklab olgan ota-onalar, bobo-buvilar bilan gavjumlashib ketadi. Mahobatli ustunlari uzoqdanoq diqqatni tortuvchi, ko‘rkam bu binoning ichi ham tashqi ko‘rinishiga monand nihoyatda shinam va ozoda. Ostona hatlaboq, nigohingiz, eng avvalo, to‘garak a’zolari tomonidan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasiga tushadi. Ko‘zni quvnatadigan munchoqli bezaklar, zardo‘zlik va kashtachilik mahsulotlari, did va mahorat bilan yaratilgan chevarlik va to‘quvchilik ishlari, misgarlik, kandakorlik hamda naqqoshlik san’atiga xos ijod namunalari hech kimni befarq qoldirmaydi.
— Markazimizga a’zo bo‘lish istagida kelgan bolalar va ularning ota-onalarini dastlab to‘garaklarimiz faoliyati bilan batafsil tanishtiramiz, — deydi markaz direktori Mavjuda Jamolova. — Ular bemalol mashg‘ulotlarda ishtirok etishlari va to‘garak rahbarlarining salohiyati, a’zolarning qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishayotganiga bevosita guvoh bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, to‘garak rahbarlari tomonidan oyida ikki marta ota-onalar ishtirokida mahorat darslarini o‘tkazish an’ana tusini olgan. Bunday darslar bolalarni yanada ruhlantiradi, to‘garak rahbarining esa ota-onalar oldidagi mas’uliyatini oshiradi.
Muassasamizda yetarli shart-sharoitlarning yaratilganligi ham to‘garaklar qamrovining oshishida muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti. Barcha to‘garak xonalari o‘z yo‘nalishiga mos ravishda zaruriy va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, mashg‘ulotlarning samarali o‘tishi uchun yetarlicha xomashyo zaxirasi mavjud. Yaqinda yana 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga yangi jihozlar xarid qilindi.
Ayni paytda markazda 27 ta to‘garakda 720 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Yaqin kunlarda shug‘ullanuvchilar soni yana 200 nafarga oshishi ko‘zda tutilmoqda.
E’tibor tufayli imkoniyatlar oshmoqda
— Yozgi ta’til boshlanishi bilan markazimizdagi qamrov soni ham oshib ketadi, — deydi viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori Mavjuda Jamolova. — Chunki shaharda aksariyat ota-onalar kun bo‘yi ishda, bolalarni esa uyda yolg‘iz, qarovsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bunday paytda ularni o‘z qiziqishi asosida markazimiz to‘garaklariga berishni eng bexavotir va foydali yo‘l hisoblashadi. Ammo shaharning ikkinchi qismida yashaydigan ota-onalar masofaning uzoqligidan nolishardi. Yaqinda ana shu muammo ham o‘z yechimini topdi.
Gap shundaki, o‘tgan yili viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev markazda bo‘lib, bu yerdagi shart-sharoit, mavjud ahvol bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchi-yoshlar qamrovini yanada oshirish, chekka hududdagi bolalarni ham to‘garaklarga jalb etib, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli tashkil etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tashabbusi bilan 2018-yilning noyabr oyida shaharning ikkinchi qismida joylashgan 14-maktabning bo‘sh turgan eski binosi markaz balansiga o‘tkazib berildi. Viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 700 million so‘m mablag‘ hisobiga mazkur bino kapital ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. Joriy yilning 1-iyunida 412 o‘rinli yangi binoning 1-qavati to‘la ta’mirlanib, xonalar jihozlangan holda foydalanishga topshirildi. Ayni paytda bu yerda 12 ta to‘garakda 300 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida topshirilishi rejalashtirilgan binoning 2-qavati ishga tushgandan so‘ng o‘quvchilar qamrovi bir kunda 400—450 nafarga yetishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda ayrim mahalliy hokimliklarning markazlarimizga biroz e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim. Shunday muammolarimiz borki, bu borada biz ularning ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolyapmiz. Reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyatda eng peshqadam sanalgan G‘ijduvon tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi o‘z binosiga ega emas. Ayni paytda markaz maktabgacha ta’lim muassasasining bir qismida joylashgan bo‘lib, imkoniyatlari nihoyatda cheklangan. Ayonki, bog‘chaning kun tartibi bilan markaz faoliyati tamoman bir-biridan farq qiladi. Bog‘cha bolalari endigina orom olishga kirgan payti, markaz a’zolari o‘z qiziqishlari asosida mashg‘ulotlarni boshlashi kerak. Bu yerda “Doira”, “ Raqs” kabi shovqin-suron bilan o‘tadigan to‘garaklar ham bor. Oqibatda bu to‘garaklar faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga majbur bo‘lyapmiz.
Qorako‘l tumanida ham shunga o‘xshash ahvolni kuzatish mumkin. Birgina farqli jihati, “Barkamol avlod” bolalar markazi binosining bir qismiga tuman xalq ta’limi bo‘limi joylashib olgan. Bu markazning to‘la faoliyat olib borishiga xalaqit qilayapti.
Metodik xizmat va nazorat
— Markazlarimizda 594 nafar pedagog xodim faoliyat olib bormoqda. Ularning 141 nafari oliy, 21 nafari tugallanmagan oliy, 425 nafari o‘rta maxsus va 7 nafari o‘rta ma’lumotli kadrlardan iborat, — deydi viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Elnora Umurova. — Pedagoglarimizning saviyasini oshirish, zamonaviy metodlar va tizim yangiliklari bilan tanishtirib borish doimiy e’tiborda. O‘tgan o‘quv yili davomida 106 nafar to‘garak rahbari malaka oshirish kurslariga jalb etildi. Bundan tashqari, ularning ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, tajriba almashish jarayonini tashkil etish hamda ta’lim-tarbiya jarayonida ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga ham alohida ahamiyat qaratilgan. 2018-2019-o‘quv yilida G‘ijduvon, Romitan, Olot, Peshku tuman va Kogon shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlarining ilg‘or pedagoglari tomonidan qator tavsiyanoma hamda qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Romitan tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi “Texnik ijodiyot” yo‘nalishi uslubchisi Z.Saidovaning “Barkamol avlod” bolalar markazlarida maktabdan tashqari ta’lim sifatini takomillashtirish”, Olot tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Qurbonovaning “To‘garak mashg‘ulotlarini samarali tashkil qilish va o‘quvchi yoshlarni jalb qilishda oila, maktab, mahalla, IIB hamkorligi, viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi “Tasviriy san’at” to‘garagi rahbari S.Nosirovaning “Mo‘yqalam sohibasining ijod qirralari”, Shofirkon tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi “Badiiy ijodiyot” yo‘nalishi uslubshunosi S.Adizovaning “To‘garaklarda bolalar va pedagoglar kitobxonligini rivojlantirish yo‘llari”, Peshku tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori G.Razzoqovaning “Insoniyatning atrof-muhitga salbiy ta’siri” kabi viloyat miqyosida ommalashtirilgan uslubiy qo‘llanmalar va metodik tavsiyalar ana shular jumlasidan.
Tanlovlar iqtidorlarni kashf etadi
Bola hamma vaqt ham o‘zidagi iste’dodni, qobiliyatni to‘la anglab yetmaydi. Bunday paytlarda bizning markazlarda o‘tadigan tanlovlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tugallangan o‘quv yilida ham ko‘plab o‘quvchilar tanlovlarning tuman (shahar), viloyat bosqichlarida faol ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini namoyish etishdi. Ulardan bir nechtasi respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori natijalarni qayd etishdi.
Ko‘rik-tanlovlarda qo‘lga kiritilgan natijalar shahar va tumanlar kesimida muntazam ravishda monitoring qilib boriladi. Tugallangan o‘quv yili yakuniga ko‘ra, G‘ijduvon tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi I, Romitan tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi II, Kogon shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi III o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar markazlarining badiiy ijodiyot yo‘nalishidagi 2018-yil yakuniy monitoring tahlillariga ko‘ra, Buxoro viloyati respublika bo‘yicha reytingda 1-o‘rinni qayd etdi.
Muammolar va ularning sabablari
Gap muammolar xususida borar ekan, dastlab “Barkamol avlod” markazlarida mutaxassislar bilan ta’minlanganlik darajasi nihoyatda past ekanligi, kadrlar qo‘nimsizligi masalasi tilga olinadi. Xo‘sh, bu muammolarning kelib chiqish sabablari nimada? Ularni qanday yo‘l bilan bartaraf etish mumkin? Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori Mavjuda Jamolova tajribali rahbar va salohiyatli mutaxassis sifatida ana shu savollarga javob beradi:
— Markazlarimizda ishlashni istab keladiganlar ko‘p. Shart-sharoitlarimiz, ish kun tartibi ayni ular istaganidek, ammo oylik maoshga kelganda, aksariyat talabgorlar “bunday past maoshga ishlab bo‘ladimi?!” deya qaytib ketishadi. Aslini olganda ham, agar qilayotgan ishingga munosib haq olmasang, seni qo‘llab-quvvatlovchi kuch borligini his etib turmasang, har qancha sevimli kasb bo‘lmasin, bora-bora ishtiyoqing so‘nib boradi. Tajribali mutaxassislarning yetishmasligi, kadrlar qo‘nimsizligining asosiy sababi ham shunda. Menimcha, tizim xodimlarining oylik maoshini qayta ko‘rib chiqish fursati yetdi.
Qolaversa, bundan tashqari ham tizimda talay muammolar mavjud. Avvalo, hech bir oliygohda maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishida mutaxassis tayyorlovchi kurslar yo‘q. Bizga ishga olingan oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassis to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga kirishib keta olmaydi. Buning uchun u o‘zi faoliyat yuritadigan yo‘nalishda zaruriy malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Bugungi kun malaka oshirish darajasi va amaliyoti esa bizni qoniqtirmayapti.
Yana bir jiddiy muammolarimizdan biri bu — o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar muammosi. Bilamizki, aslida, o‘quv qo‘llanma to‘garak rahbarlarining ish jarayonini belgilab beruvchi asosiy vosita sanaladi. Ammo bu vositalar bir-ikki ilg‘or tajribali to‘garak rahbarining jo‘ngina ko‘rsatmasidan bo‘lak narsa emas. Holbuki, o‘quv qo‘llanma eng salohiyatli mutaxassislar, olimlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan bo‘lishi lozim. Tizimda darsliklarning mavjud emasligi ham to‘garak mashg‘ulotlarining to‘laqonli samarali o‘tishiga monelik qiladi.
Iroda ORIPOVA
“Ma’rifat” muxbiri