Bolani jazolash o‘rinlimi?
O‘qituvchi va ota-ona munosabati to‘g‘risida maqola yozish uchun ko‘p insonlar bilan suhbatlashdim. Turfa yoshdagi, har xil kasb egalarining, tabiiyki, qarashlari ham turlicha bo‘ldi. Bir hamkasbim maktab davrida o‘qituvchi va ota-ona munosabatini juda chiroyli tushuntirib berdi:
“6-sinfda o‘qirdim. Yaxshi o‘qisam-da, biroz to‘polonchi ham edim. Kunda, kunora bir qiliq chiqarardim. Bir kuni shunday bezoriligimdan jahllangan o‘qituvchimiz qattiq jazoladi. Hatto yuzimga bir-ikki shapaloq tortib yubordi. Yuz-ko‘zim qizarib ketganidan uyga kirishga qo‘rqdim. Otamga bu holatni qanday izohlashni o‘ylardim. Chunki otam bunday vaziyatda avvalo meni ayblardi. Bir aybing borki, ustozing jazolagan, derdi. Noiloj, qilgan noma’qul ishimni aytardim. Keyin otam ham jazolardi. Kattalarning mana shunday yo‘l tutgani bois o‘qituvchidan dakki eshitmaslikka, darslarni vaqtida tayyorlashga, har bir topshiriqni bajarishga intilardik.
Endi o‘zimning farzandlarim o‘quvchi, ular ham ba’zan maktabdagi muammoli vaziyatlardan nolib kelishadi. Ammo men o‘sha 12-13 yoshimda o‘z-o‘zimga bolalarimning ustozlari bilan gap-so‘z talashmayman, deya so‘z berganimni eslayman. Hech bir pedagog bolalarga besabab tanbeh bermaydi”.
Hamkasbim so‘zlariga quloq tutib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchini bolani urganlikda ayblagan, izza qilingan videolar chiqib qolsa o‘ylanib qolaman. Avvalo, bolaga tarbiya uyda beriladi, maktabda esa mustahkamlanadi.
Qush uyasida ko‘rganini qiladi
Bolani urib tarbiyalash kerak, degan fikrdan yiroqmiz. To‘g‘ri, o‘quvchiga qo‘l ko‘targan, uning sha’niga, g‘ururiga tegadigan gaplarni aytuvchi, jahlini bosolmaydigan o‘qituvchilar ham bor. Ammo turli muhitda tarbiya topayotgan 30-40 nafar bolaga birdek munosabatda bo‘lish oson emas.
Psixologlarning ta’kidlashicha, o‘smirlarning jismoniy va ruhiy jihatdan ulg‘ayishi tezlashib bormoqda. Ularning fiziologik normativlari ham oldingi avlodlarga solishtirganda, ancha ildamlagan. Ana shunday kayfiyatdagi o‘smirga ta’lim berish muallimdan sabr-toqat, pedagogik mahorat va ruhiy yondashuvni talab etadi. Aslida muammolarning birgina sababi, ota-onalarning farzandi oldidagi mas’uliyatini his eta olmasligidir. Mas’uliyat degani, javobgarlikni his qilish, yelkasida muhim vazifalar turganini anglashdir. Bugungi kunda ota-onalar farzandi kelajagi uchun qay darajada o‘zlarini mas’ul hisoblaydi? Bu savolni eshitgan borki, “juda yuqori darajada”, “hozir aksariyat kishilar farzandining o‘qishi, yaxshi yeb-ichib, chiroyli kiyinishiga e’tibor bermoqda”, “yaxshi oliy o‘quv yurtida tahsil olishi uchun jon kuydirib, chet tillarini o‘rganishiga keng yo‘l ochib bermoqda”, deyishi mumkin. Biroq, mas’uliyat shular bilangina belgilanmaydi. Bola tarbiyasi, xulq-atvori haqida gap ketganda kimdir bu mas’uliyatni maktabga yuklasa, yana birov ota-ona zimmasida, degan fikrda. Biroq bu vazifani o‘zidan soqit qilish yoki loqayd qarash jamiyatimiz uchun qimmatga tushadi. Farzandlarimizga bilim
berish barobarida ularga kattalarni hurmat qilish, ustozini e’zozlash, jamoada o‘zini madaniyatli tutish kabi sifatlarni o‘rgatish juda muhim.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— Muallim — buyuk zot. Azal-azaldan ustozga yuksak ehtirom ko‘rsatilgan. Xo‘sh, bugun shogirdlar ustozlar mehnatini munosib qadrlayaptimi?
Butun bir mamlakatning e’tiborida turgan tarbiya o‘zani ba’zan yot taraflarga burilib qolyapti. Nahotki, o‘quvchi otasidek mehribon kishisiga qo‘l ko‘tarsa, uni haqoratlasa? Xo‘sh, qayerda xatoga yo‘l qo‘ydik, qayerda bo‘shliq paydo bo‘ldi?
Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Tarbiya beriladigan maskanda axloq-odob izdan chiqqan bo‘lsa, o‘quvchi bu yerda nimani o‘rganadi. O‘qituvchining ozgina qattiqqo‘lligini “zulm” deb bilgan ota bolasining yonini olib, muallimga do‘q ursa, o‘spirin yigit qanday qilib ustozini hurmat qiladi? Mahalla-ko‘y va faollar jim turishsa, “yangi nag‘malar”ning ortib borishiga sababchi bo‘lmaydimi?..
Savollar ortidan savol tug‘iladi, ammo javobga kelganda, yelkamizni og‘ir yuk bosadi. Ehtimol, ota-onalar yig‘inida tez-tez yoshi ulug‘ otaxon-u onaxonlar, imom-xatiblar, mahalla faollari, ibratli oila sohiblari, mehnatidan baraka topayotgan kasb egalari taklif qilinib, ularning suhbatlari ko‘proq tinglansa, yoshlar orasida mehr-oqibat, kattalarga, ustozlarga hurmat-e’tibor yo‘qolmaydi. Bolalarimizni boshlang‘ich ta’limdan boshlab mehr bilan tarbiyalash, shirin so‘z bilan o‘qishga chorlash zarur. Ular shu kichik yoshidan yomon so‘z aytish va tengdoshlarini urib-so‘kishga botinolmasligi kerak. Chunki oq qog‘ozdek toza bola qalbi faqat ezguliklar, mehr va samimiy hislarga loyiq.
Bolaga gapirish havoga so‘zlashmi?
Bugungi kunda “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona”, “Qo‘shning tinch — sen tinch” degan xalq maqollari o‘z ahamiyatini yo‘qotganday, nazarimizda. Chunki, yon qo‘shningizning bolasi noma’qul harakat qilayotganini ko‘rsangiz, urushib berolmaysiz, negaki, onasi xafa bo‘lib qoladi. “Oldin o‘zining bolalariga tarbiya bersin”, degan dashnomni ham eshitmay qolmaysiz.
“Qo‘shnim eridan bevaqt ayrilgach, 4 bolasini yolg‘iz katta qildi. Ro‘zg‘orni butlayman, deb ancha yillar Qozog‘istonda ishladi. Shu orada kenjatoyining yurish-turishi o‘zgarib qoldi. Kimlardir uyiga keladigan, uni mashinada olib ketadigan odat chiqardi. So‘ng soch-soqol qo‘yib, odamlardan o‘zini olib qochadigan bo‘ldi. Uni bir-ikki marta ogohlantirdim. Bir kuni formadagi odamlar kelib, uning xatti-harakatlari, shubhali uchrashuvlari to‘g‘risida suhbatlashib, unga biror yaqin kishisining kafilligi kerakligi, ahvol shunday davom etsa, oqibati yomon bo‘lishini aytishdi. Shunda men hech ikkilanmasdan shu yigitchaga kafilman, deb mas’uliyatni o‘z bo‘ynimga oldim. Shundan keyin har kuni oldimga chaqirib, ro‘zg‘ordagi mayda-chuyda ishlar, duradgorlik, bog‘dorchilik kabi yumushlar bilan mashg‘ul bo‘ldik. Mana, hozir qo‘li gul usta, mahalladagi kishilarning nimaiki ishi bo‘lsa, yordamga shoshiladi. Besh farzandini halol ulg‘aytiryapti. Har zamonda dildan suhbatlashib qolsak, “o‘shanda siz kafilligimni olmaganingizda, bilmadim, qanday bo‘lardi”, deb eslab qo‘yadi.
Saksonni qoralagan Zarifboy otaning hikoyasi o‘yga toldiradi. Ota o‘rnida ota sifatida bir o‘smirning kafilligini olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Nazarimda, bugungi kunda ota-onaning o‘z farzandiga nisbatan mas’uliyati kamayib ketganday...
Jazolash... kerakmikan?
“Pedagogikada bolani jazolash mumkin emas, deb ta’kidlansa-da, uzoq yillik tajribamga muvofiq, tarbiyada ozroq qattiqqo‘l bo‘lish kerak. Gap faqat qo‘rqitishda emas, bugunning bolasi hech kimdan, hech narsadan tap tortmaydigan bo‘lib qoldi. Tan olish kerak, achchiq haqiqat shuki, ko‘pgina ota-onalar moddiy to‘kinlikni istab, chet ellarda ishlamoqda. Bu yerda bolalari bobo-buvisining qo‘lida qolmoqda. Baribir, ota-ona o‘rnini hech kim bosolmaydi. Ota-ona bolasidan ko‘ngli to‘q: pul yuborib turibman, nimaiki kami bo‘lsa, to‘ldiradigan, deb o‘ylaydi, shu bilan o‘zini ovutadi. Biroq, o‘sib kelayotgan o‘smirning qalbida kechayotgan nozik hislar, o‘zi ham boshqarishni bilmayotgan, bejilov fe’l-atvori yoki dilining tub-tubidagi mehrga tashnalik, ota-onasi bilan kechadigan do‘stona munosabat sog‘inchi bolani befarq va bemehr qilib qo‘yishi mumkin. O‘z-o‘zidan bola boqimanda va tayyorga ayyor dangasa bo‘lib shakllana boshlaydi. Ana undan keyin maktabda ustozining tergashi, dashnom berishi yoqmaydi. O‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib qoladi. Men o‘z ustida ishlab, mavzu o‘zlashtirmagan, uy vazifasini tayyorlamagan bolani jazolayman. Ustimdan arz qilib kelganlarida, jazolaganimning sababini tushuntirib beraman. Ana shundan keyin ota-ona yoki yaqinlari o‘z harakatlaridan uyalab qolishadi. Xohlaysizmi, yo‘qmi, bolani jazolamasak, u o‘zini yig‘ishtirib ololmaydi. Aksariyat hollarda jazolash usuli ijobiy natija berishiga amin bo‘lganman. Kim nima desa desin, lekin bugungi bolalarni jazolab ham turish kerak, aks holda biz kerakli natijaga erishmaymiz”.
Ushbu gaplarni aytayotgan uzoq yillik matematika o‘qituvchimiz Rustam aka Miskinov. U kishining qo‘lida o‘qiganlar bugun katta-katta tashkilotlarning rahbarlari, hisobchi va moliyachilaridir. Matematikani shundoqqina miyangga quyib qo‘yadilar, derdi matematikaga ixtisoslashgan sinfda o‘qiydigan tengdoshlarimiz. Talabchanliklaridan har yili 98 foiz o‘quvchilari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirardi. Bu kabi muallimlar nafaqat bilimli, mahoratli pedagog, balki kuchli ruhshunos ham bo‘ladi. Negaki, har bir bola o‘ziga xos xarakterga ega. Ana shu jihatlarni anglagan, unga mos munosabatda bo‘la olgan pedagog o‘quvchi qalbiga yo‘l topadi.
Nazokat XOLMETOVA