Tarixda iz qoldirmoqchi bo‘lsang – kitob o‘qi!
XXI asr texnologiya asri deb bejiz aytilmaydi, kundan kun rivojlanib borayotgan texnologiyalar biz uchun oddiy va odatiy hisoblangan buyumlarni ham noodatiy ko‘rinishga keltirmoqda: telefon o‘rnida foydalansa bo‘ladigan oyoq kiyimlaridan tortib to sensorli dazmollargacha bu asrning rosmana texnologiya asri ekanligini ko‘rsatadi. Shunga qaramay bir narsa o‘zgarmay qoladi: kitob o‘qish!
Nima uchun kitob? Shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnologiyalar asrida kitobga o‘rin bormi? Bundan tashqari, hozirda ko‘plab ilmiy-texnik, badiiy adabiyotlar birinchi bo‘lib elektron tarzda taqdim etilmoqda va birgina kaftdek keluvchi smartfon yuzlab, boringki minglab va hatto millionlab kitoblarni o‘zida saqlashi va foydalanuvchiga ularni istalgan vaqtda o‘qish imkonini berishi mumkin. Shunda ham bu asrda kitobga o‘rin bormikan? Javobim — ha!
Kitob xuddi nonga o‘xshaydi, kompyuter va telefonlar esa tortga. Hech bir odam hech qachon nondan bezimaydi, tort esa ikki bo‘lakdan so‘ng me’dangga tegadi.
Qo‘lingizdagi smartfonda qancha ko‘p elektron kitob bo‘lmasin, u hech qachon oddiy kitob o‘rnini bosolmaydi. Sizni quruq oldi-qochdi gaplar bilan bezdirmayman, o‘rniga esa qo‘lingizdagi smartfonlar haqida qiziq ma’lumotlarni keltiraman:
1. Smartfon 1 yil ichida shuncha ko‘p zararli modda yig‘adiki, buncha modda hatto hojatxonada ham yo‘q!
2. Telefon va kompyuter o‘z joniga qasd qilish ehtimolini kamida 2 marta oshiradi!
3. Smartfoningizda oddiy parolni yechish uchun sarf etadigan kunlik vaqtingiz kamida 1 bet maqolani o‘qishga sarf bo‘ladigan vaqtga teng!
4. Hozir yoshlarning tez-tez asabiylashishiga sabablardan biri ularning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmlari “like” yig‘a olmasligidir!
5. Qorong‘ida yorqin ekranga termulib o‘tirish 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ko‘rish zaiflashuviga asosiy sabab bo‘lmoqda.
6. Yoshlarda uyqusizlikning asosiy sababi ularning ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar(telegram, whatsapp va b.)da yozgan gaplariga izoh kutib o‘tirishlaridir.
7. Kuniga 3 soatdan ziyod smartfondan foydalanish bo‘yin va bel osteoxondroziga sabab bo‘ladi.
8. Odam ijtmoiy tarmoqlar orqali bildirilgan arzimas yomon fikrdan og‘ir jismoniy mashg‘ulotdagi kabi ruhiy zo‘riqish oladi.
9. Doimiy ravishda telefonni olib yurish yoki uzoq vaqt kompyuterda o‘tirish yurakka zaruriy moddalarni tashuvchi qondagi gemoglobinni kamaytiradi. Bu esa yurakning ishdan chiqishiga olib keladi!
10. Odamlarning telefon tufayli chiqaradigan janjali irqchilik yoki millatchilik tufayli kelib chiqadigan janjalidan ham ko‘proq uchraydi!
Qaysi biri yaxshiroq — oddiy kitob yoki elektron kitob? Hozir ko‘pchilik yoshlar kitoblarning skaner qilingan yoki maxsus dasturdagi variantini o‘qishni afzal ko‘rishlarini bildirishadi. Chunki ularni istalgan vaqtda o‘qish imkoniyati, bir vaqtda ko‘plab kitoblarni hech qanday og‘irliksiz olib yurish mumkinligi juda katta qulaylik yaratadi. Shunga qaramay smartfon, kompyuter yoki boshqa qurilmalar orqali kitob o‘qish kutilganidek aqliy samara bermaydi.
Oddiy kitob o‘qish asablarni tinchlantiradi, diqqatni jamlashga yordam beradi, insonda qiziqish tuyg‘usini oshiradi, aqliy rivojlanishni tezlashtiradi. U o‘zidan ko‘zni charchatuvchi yorqin nur chiqarmasligi, zararli to‘lqinlar tarqatmasligi, elektr quvvati talab qilmasligi va turli SMSlar bilan sizni chalg‘itmasligi hisobiga o‘zidagi bilimlarni sizga yengilroq o‘rganishingiz uchun yordam beradi.
Stiv Jobs, Bill Geyts, Mark Sukerberg kabi dunyo tanigan IT sohasi bo‘yicha gigant kompaniya egalari ham o‘z-o‘zidan boy bo‘lib qolmagan. Ular siz kabi barcha bilimlarini kompyuter yoki internetdan olmagan, ularning hammasi kitob bilan do‘stlashgan. Ha-ha, aynan oddiy kitob hisobiga ular o‘zlarining hozirgi muvaffaqiyatlariga erishganlar.
Bill Geyts har yilning boshida o‘tgan yili shaxsan o‘zi o‘qib chiqqan kitoblar nomini aytadi va unga havas qiluvchilarga ham shu kitoblarni o‘qib chiqishni taklif qiladi.
“Facebook” asoschisi Mark Sukerberg ham dunyoning eng boy odamlaridan biri bo‘lishi hamda eng zamonaviy kompyuterlarga ega bo‘lishiga qaramay, oddiy kitoblarni o‘qiydi. Uning ofisidan olingan rasm shuni ko‘rsatadiki, boy bo‘lish izlanishni to‘xtatish kerak, degani emas, aksincha, avvalgidan-da ko‘proq izlanish va o‘qish kerak.
Eng rivojlangan va dunyoga mashhur ta’lim muassasalari — Harvard yoki Oksford univarsiteti talabalari ham oddiy kitoblarni o‘qishni xush ko‘rishadi. Ular kutubxonalarda soatlab vaqtlarini kitob o‘qish bilan o‘tkazishadi. Kitob ularni kamolotga erishtiruvchi eng ishonchli vosita ekanligiga ishonishadi.
Shuni unitmangki, inson harf yozishni boshlaganidan beri kitob mavjud bo‘lib kelgan. Aynan o‘qish va yozish insonning rivojlanishida eng katta vosita bo‘lgan. Aziz do‘stim, agar sen ham tarixda iz qoldirishni istagan mashhur shaxs bo‘lmoqchi bo‘lsang kitob o‘qi! Zero, tarixda iz qoldirgan odamlarning bari kitobni eng yaqin do‘sti deb biladi.
Saodat ISMATOVA, Respublika bolalar kutubxonasining axborot-resurs markazlariga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘limining 1-darajali kutubxonachisi