Nima uchun ishlarni ortga suramiz?
Bu holat sizga ham tanishmi? Maqolani o‘qigandan so‘ng yumushlarni kechiktirish davomida miyangizda nimalar sodir bo‘lishi haqida bilib olasiz.
Internet vujudga kelishidan bir necha yillar oldin ham ko‘p odamlar o‘z yumushlarini kechiktirganlar va bu unchalik ko‘p bo‘lmagan. Ammo Amerika Psixologlar Assotsiatsiyasining tadqiqoti natijasiga ko‘ra, 20 foizga yaqin erkak va ayol doimiy biror ishni kechiktiruvchilardir. Aynan biror faoliyatni kechiktirish davomida inson miyasida o‘zgarish sodir bo‘lar ekan. Agar o‘tmishga nazar solsak, bunday odat bir necha asrlar oldin ham mavjud bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. 535 yil oldin rohiblar Leonardo da Vinchidan butxonalari mehrobi uchun ularning e’tiqodiga ko‘ra Bokira Mary va xristian bola suratini chizib berishini so‘raydi. Rassom uni 7 oyda tugatishini aytadi. Lekin bu asarni yakunlash uchun 25 yil sarflaydi. Uyg‘onish davrining iste’dodli va mashhur rassomi shunday orqayin inson bo‘lgan ekan.
Nima uchun kechiktiramiz?
— Odatda biror ishni kechiktirish vazifa murakkab tuyulishi sababli sodir bo‘ladi, — deydi psixiatr A.Kris (AQSh, Texas). — Ba’zan kechiktiruvchi ishni yaxshi uddalay olmayman, deb hisoblaydi. Bu o‘zini past baholash muammosidir. Bundan tashqari, shaxsdagi uyalish, o‘z-o‘zini ayblash hissi ham ishni yakunlashga xalal beradi va aslida bajarilishi mumkin bo‘lgan ish — umuman amalga oshirib bo‘lmaydigan ishdek tuyuladi. Doktor kechiktirish — himoya mexanizmining bir ko‘rinishi ekanligini ta’kidlaydi. Kechiktirish jarayonida esa ong ostida xuddi bu ish yordam berayotgandek tushuncha hosil bo‘ladi. Ammo bu yanglish tushuncha. Inson biror ishni bajarishni ortga sursa, miya himoya mexanizmidan foydalangan holda, vazifani bajarishni ortga suraveradi. Siz esa amalga oshirishingiz kerak bo‘lgan faoliyatga sarflaydigan vaqt miqdorini minimallashtirasiz. Natijada ishni yakunlash yanada qiyinlashib boraveradi va haqiqatda umuman amalga oshirib bo‘lmaydigan ishga aylanadi. Aslida, bu miyaning o‘ylab topgan hiylasidir.
Ba’zilar oxirgi 10 yildagi ishlarni ortga surish sindromining asosiy sababi zamonaviy texnologiyalar, deb o‘ylashadi. Aslida, ham shundaymi?! 50 yil oldingi kompyuterni eslaylik, u bizning vaqtimizni tejab, yanada ko‘proq vaqtga ega bo‘lishimiz uchun yaratilgan texnologiyalardan biri edi. Biroq biz hali -hamon yumushlarimizni kechiktirmoqdamiz. Mulohaza qilsak, bu yerda zamonaviy texnologiyalarning hech qanday aybi yo‘q. To‘g‘ri, internet saytlari juda ko‘p, bitta ma’lumotni qidiramiz, ikki soat vaqt o‘tsa hamki, ma’lumotlar qo‘limizda bo‘lmasligi mumkin. Ammo nima kerakligini aniq bilsak va boshqa qiziq tuyulgan, aslida foydasiz axborotlarga e’tibor bermasak, unday bo‘lmaydi. Ko‘pchilik bu “odat”ni tark etshning iloji yo‘q yoki bu juda qiyin jarayon deb hisoblaydi. Quyidagi tavsiyalarni kechiktirmasdan amalda qo‘llab ko‘ring, balki bu ish siz o‘ylagandek qiyin emasdir:
1. Chuqur nafas oling va boshlang. Bajarishingiz kerak bo‘lgan ish, aslida, chuqur nafas olish shart bo‘lmagan arzimagan ishdir. Masalan, teskari yechilgan futbolkangizni o‘nglab qo‘yish — bu ahamiyatsiz, muhimi ana shu ishni bajarishga sizda ishtiyoq bo‘lsin.
2. To‘g‘ri munosabatda bo‘ling. Ijobiy munosabat orqali siz vazifalarni oson uddalaysiz va kayfiyatingiz chog‘ bo‘ladi. Ammo salbiy munosabat orqali stress yuzaga keladi va kechiktirish sizni “boshqarish”iga yo‘l ochasiz.
Qaror qilish vaqti keldi: “Ikkilanmang, siz uddalaysiz!”.
3. Vazifani bir necha kichik bosqichlarga bo‘ling. Bajarishingiz kerak bo‘lgan yoki anchadan buyon kechiktirib kelayotgan ishingiz nisbatan murakkab bo‘lsa, uni bir necha bosqichlarga ajratib chiqing. Masalan, maqola yozishingiz kerak. Dastlab, kichik paragraf yozing, uni yakunlagach, navbatdagi paragrafni yozishni boshlang.
4. Sizga xalal beradigan narsalardan yiroq bo‘ling. Agar internetga bog‘lanib qolgan bo‘lsangiz, wi-fi tizimini biroz vaqt o‘chirib turing. Telefon orqali do‘stlaringiz bilan juda ko‘p xabarlashadigan bo‘lsangiz, telefoningizni vaqtincha boshqa xonaga qo‘ying. O‘zingizni chalg‘ituvchi barcha narsadan yiroq bo‘lishingiz xotirjam muhit hadya etadi va buning natijasi sizni hayratga soladi.
5. Ishni yakunlagach, o‘zingizni mukofotlang. Vazifani tugatgandan keyingi mukofot sizni ilhomlantiradi. Bu sizning xohishingizga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, biror savdo markaziga borib qimmatbaho buyum yoki texnika sotib olish yoki shunchaki sevimli filmni qayta tomosha qilish.
Mushtariy ABDULLAYEVA, Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi, psixolog