Yoshlar robototexnikaga ko‘proq qiziqmoqda
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyot markazida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbir Chilonzor tumanidagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarini markaz faoliyati bilan tanishtirish, mavjud to‘garaklar haqida batafsil ma’lumot berish, o‘quvchilarni turli hunar-texnika to‘garaklariga jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli o’tkazish maqsadida tashkil etildi.
Hozirgi kunda “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyot markazida 15 yo‘nalish bo‘yicha 19 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. “Boshlang‘ich texnik modellashtirish”, “Aviamodel”, “Robototexnika”, “Duradgorlik”, “Yosh dasturchi”, “Tasviriy san’at”, “To‘qish”, “Bichish-tikish”, “Ingliz tili”, “Yosh doirachi”, “Raqs” to‘garaklari shular jumlasidan.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirida “Aviamodel”, “Robototexnika”, “Duradgorlik”, “Tasviriy san’at”, “Karving” to‘garagi a’zolarining mustaqil ijodiy ishlaridan namunalar mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi, hududdagi “Xirmontepa”, “Shuhrat” mahallasi vakillari markaz xodimlari va to‘garak a’zolarini o‘quv yili boshlanishi bilan tabriklab, markaz faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. To‘garaklarning faol a’zolari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir qatnashchilari Vatan, istiqlol, bolalikni madh etuvchi qo‘shiq va she’rlar ijro etishdi, “Turon” sport jamoasining chiqishlari, “Aviamodel” to‘garagi o‘quvchilari ishtirokida planerlarning ko‘rgazmali uchirilishi hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi.
— Markazimiz yangi o‘quv yiliga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Jumladan, o‘quv dastur va qo‘llanmalar yanada takomillashtirilgan holda tuzildi, kerakli xomashyolar, ehtiyot qismlari tayyor holga keltirildi, to‘garaklar soni ko‘paydi, — deydi markaz rahbari Lola To‘rayeva. — O‘quvchi-yoshlar, asosan, texnika yo‘nalishiga, robototexnikaga ko‘proq qiziqayotgani, bu to‘garakka a’zo bo‘luvchilar soni ko‘paygani, ota-onalar farzandlarini markazimizga o‘z xohishlari bilan olib kelayotgani ahamiyatga molik. Avvallari markaz xodimlari bilan birgalikda maktablarga targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun qatnab vaqt yo‘qotardik. Endi esa Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur tumanlaridan markazimizga kelayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Dilrux ISOMIDDINOVA, O‘zJOKU talabasi