Ertaklar aslida ham “ertak”mi?!.
Daraxt hosil berishi uchun tomirlari orqali yerdan kuch oladi. Oddiygina mobil qurilmani ishga tushirish uchun elektr toki yordamida quvvatlantirish kerakligini bilasiz-a? Badiiy asar mutolaasi tasavvurni xuddi shunday ta’sirlantirish kuchiga ega. Bolalikdan boyitilgan, yetarli darajada “oziq”langan inson esa katta kashfiyotlar qilishi mumkin. Badiiy asarlarning xalqona yo‘nalishi — ertaklarning hayotimizda tutgan o‘rni qanday?
Ertak haqida “ertak” eshitishga kattalik qilaman, deysizmi? Ertak voqealari men uchun judayam oddiy-ku, deganday bo‘ldingizmi? Yo‘q, menimcha, unday emas! Aslida bizga oddiy va jo‘n tuyulgan ertaklarda ulkan hikmat yashirin bo‘lishi mumkinki, anglash uchun katta yoshlilikning o‘zi kamlik qiladi. Inson ziyrak, mulohazakor, topqir bo‘lishi kerak.
Ular qanday paydo bo‘lgan?
Juda qadimdan insoniyat tabiat hodisalari sirini anglash, ularni o‘ziga bo‘ysundirish, adolat, baxt va saodatni orzu qilgan. Barcha xalqlar orzu-niyati bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, turli xalqlarda turlicha kuzatishlar mavjud. Xalqlarning orzu-istaklari ifodasi o‘laroq, ertak janri paydo bo‘lgan. “Ertak” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “aytib bermoq, hikoya qilmoq” degani. Qadimiy o‘zbek xalq ertaklari namunasi ham o‘z-o‘zidan dunyoga kelgan emas. “Ur, to‘qmoq!” ertagida bosqinchiliklardan aziyat chekkan xalqimizning yovlar zaminimizdan ta’zirini yeb, tezroq badarg‘a bo‘lishlari orzusi yashirin. “Ochil, dasturxon”ni tasvirlab, qachondir dasturxonlari to‘kin-sochin bo‘lishini, qorni mazali ovqatlarga to‘yishini niyat qilgan o‘zbek xalqi farovon hayotga erishadi. Cholning laylak oyog‘ini davolab tuzatgani zamirida esa, har qanday orzu-umidga yetish, o‘zgalarga yaxshilik qilish va mehnat qilish bilan bog‘liq ekanligiga ishora bor. Qadimiy ertaklarimizdan yana biri — “Uch og‘ayni botirlar”da ikki katta akasining qora devga mag‘lub bo‘lganini eshitgan Kenja botir dev bilan olishishga ketish oldidan bilagini tilib, tovoqchani qonga to‘ldiradi va ustidan sochiq yopadi. Xotiniga qarab: “Sochiqdan qon tomib tursa, mendan xavotir olma. Tovoqchadagi qon zardobga aylanganda esa mendan umidingni uzaver!” deb aytadi. Ertakdagi bu majoziy ifoda aslida aka-ukalar tirik bo‘lgan taqdirda hali avlod davom etishi, so‘nggi vakil nobud bo‘lsa, u tag-tomiri bilan supurilib ketishi haqidagi hayot haqiqati yotibdi.
Barcha kashfiyotlarning asosi
Bugun siz texnika asrida yashayapsiz, aziz do‘stim! Samolyot, raketa nima ekanini yaxshi bilasiz. Hatto havoda uchadigan samolyotning kichikroq nusxasini o‘zim yasab bera olaman, desangiz, men ishonaman. Chunki maktabdagi darslik, televizor, gazeta-jurnal, qolaversa, internetdan bunday texnik vositalarning yasalishi va ichki mexanizmi haqida ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin. Ammo ularni dastlab kashf qilgan olimlar-chi? Ular qanday o‘ylab topdi? O‘sha olimlar ko‘pgina kashfiyotlariga asos bo‘lgan g‘oyalarni aynan xalq ertaklaridan oldi! Ha, ishonavering, ertaklardan!
Buning dalil-isbotlaridan biri uchar gilamdir. Axir uchar texnik vositalar haqidagi tushunchalar paydo bo‘lmasdan turib juda qadimdan insonlar osmonda parvoz qilish haqida o‘ylay boshlagan. Bu amalga oshirish mumkin bo‘lgan orzu ekanini his etishgan va uchar gilam haqidagi ertakni to‘qishgan. Keyinchalik italyan rassomi Leonardo da Vinchining dastlabki uchish moslamasini yasash maqsadida izlanishlar olib borishiga ham va nihoyat rus dengiz ofitseri A.Mojayskiyning 1884-1885-yillarda ilk rosmana samolyotni yaratishiga ham aynan uchar gilam haqidagi ertaklar bosh g‘oya bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa ehtimol. Televizor kashf etilishiga esa qadim ertaklarda aytiladigan “Oynayi jahon” turtki bo‘lganiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. Zero, televizorning hozirgi nomlaridan biri ham — oynayi jahon-ku!
Xullas, aytmoqchi edimki...
Yorug‘ olamdagi hech qaysi ertak aslida, “ertak” emas!
Ertaklar — qadimda yashagan ajdodlarimizning umid va armonlari!
Ertaklar — ota-bobolarimizning o‘git va nasihatlari!
Ertaklar — dono o‘tmishdoshlarimizning asrlar osha bizga yo‘llagan g‘oya va kashfiyotlari!
Shunday ekan, aziz do‘stim, har zamonda ertak o‘qib turing. Mag‘zini chaqishga urinib o‘qing. Allaqachon bir qancha ertaklar o‘qib qo‘ygan bo‘lsangiz, unda to‘qing! Orzularingiz, kelajakdagi maqsadlaringiz unga singib ketsin! Orzularingiz qachondir amalga oshadi.
Bayram Ali QO‘LDOSHEV