Farzandga pul emas, mehr bering!
Har bir ota-ona farzandining kelajagi porloq bo‘lishini istaydi. Uning boshqa tengqurlaridan kam bo‘lmasligi uchun moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga harakat qiladi. Yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Albatta, bu barcha insonlarga xos bo‘lgan xususiyat. Ayniqsa, farzandining moddiy ehtiyojini qondirish uchun ota-ona bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Mehr — ko‘ngillarning malhami
Komiljon SULTONOV, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi:
— Pul yaxshi narsa, ammo u o‘z nomi bilan “qo‘lning kiri”. Pul, mol-dunyo farzandning kamoli va baxt-u iqboli uchun zamin bo‘lolmaydi. Bunday yondashuv va munosabat oxir oqibat bolaning boqimandalik illati girdobiga tushib qolishiga sabab bo‘ladi. Zero, boqimandalik illati insonda aynan bolalikdan shakllanadi. Bu bor gap. Demak, farzandning oilaga, jamiyatga nafi tegadigan inson bo‘lib yetishishi uchun, uning nafaqat moddiy, balki ma’naviy ehtiyojini ham qondirish zarur. Bu yuksak vazifani amalga oshirish ota-ona hamda o‘qituvchi-murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi va kelajakda, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Ma’naviy ehtiyoj nima, deysizmi? Bu insonning yuksalishi va ruhan kamoloti uchun eng zarur bo‘lgan ehtiyojdir. Ma’naviy ehtiyojning eng asosiy omillaridan biri — bu mehrdir. Manbalarda yozilishicha, ma’naviy ehtiyojlar insonda ona qornidaligidayoq paydo bo‘ladi. Ya’ni, tug‘ilgan farzand onasida sodir bo‘layotgan jarayonlar bilan birga nafas oladi. Onani kimdir ranjitsa yoki aksi — ona sevinsa, bolada ham shu jarayon sodir bo‘ladi. Hali tug‘ilmagan go‘dak ona qornida unga ko‘rsatilayotgan mehr va qahrni farqlay oladi. Unga tashqaridan yetarli e’tibor ko‘rsatilsa, u orom oladi, sevinadi yoki aksi bo‘lsa, bezovta bo‘ladi, chunki unda ma’naviy ehtiyoj bor.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nega bugungi kunda odamlar orasida mehr-muruvvat tanqis bo‘lib borayapti? Nega yurtimizda yosh avlodni sog‘lom, bilimli va zukko qilib tarbiyalash borasida keng imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda, ayrim yoshlarimiz jinoyat yo‘liga kirib qolmoqda?
Ushbu savollarga javob topish uchun ajdodlarimizning bola tarbiyasiga doir tajribalariga murojaat qilishni lozim topdik. O‘zbek xalqi azaldan bolajon bo‘lganligi uchun, o‘z farzandlarini mehr bilan o‘stirishga, ularga o‘rnak bo‘lishga harakat qilgan. Bobo-momolarimiz farzandlar oldiga aniq chegara va talablar qo‘yib, odob-axloqli bo‘lishga, o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilishga o‘rgatishgan. Maktab (madrasa) davridan boshlab esa, farzandlarni qattiqqo‘llik va talabchanlik bilan tarbiyalashga e’tibor qaratishgan. Bolalar xulqi, qobiliyati va yutuqlariga qarab ota-ona va ustozlar tomonidan rag‘batlantirilgan.
Xo‘sh, bugun-chi?
Keyingi paytlarda bola axloqiga, umuman, ta’lim-tarbiyasiga doir noxush holatlar yuzaga kelganda, barcha mas’uliyatni maktab va maktab o‘qituvchilari zimmasiga yuklashga o‘rganib qoldik. Vaholanki, hali ham oramizda shunday ota-onalar uchrab turadiki, ular farzandining na o‘qishidan xabar oladi, na qanday ta’lim olayotganiga qiziqadi. Mabodo, o‘qituvchi-murabbiylardan birortasi uning farzandini urishib, tanbeh berganini eshitib qolsa, kelib o‘qituvchining yoqasidan oladi, uni haqorat qilishgacha boradi.
Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda o‘zim shunday holatning guvohi bo‘lganman. Uyga berilgan vazifani bajarmagan, boz ustiga darsga kechikib kelgan o‘quvchini orqa partaga o‘tqizgani uchun, o‘sha bolaning otasi kelib sinf rahbarini hamma o‘quvchilar oldida haqorat qilgan edi. Achinarli tomoni shundaki, “hurmatli otaxon” bu qo‘pol harakati bilan nafaqat o‘qituvchining obro‘siga, balki o‘z farzandining tarbiyasiga ham jiddiy zarar yetkazgan edi. Zero, muborak hadisda aytilganidek, hech bir ota o‘z farzandiga xulq-u odobdan buyukroq meros bera olmaydi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish uchun, avvalo, ularning ma’naviy ehtiyojlarini ilmga, ezgulikka to‘yintirish va bizdan kutilayotgan mehr va e’tiborga munosib javob berish mas’uliyatini unutmasligimiz lozim. Zero, mehr odamlarni birlashtiruvchi, yaxshilikning asosi, ko‘ngillarning malhamidir. O‘tkir Hoshimov ta’kidlaganidek: “Odam hamma narsaga to‘yishi mumkin. Boylikka... Amalga... Shon-shuhratga... Xudoning o‘zi kechirsin-ku, hatto, hayotga ham... Qariganda “Omonatingni ola qol, Yaratgan Egam” deydiganlar chin dildan gapiradi... Odam hamma narsaga to‘yishi mumkin. Faqat bir narsaga — Mehrga to‘ymaydi. Bu masalada shoh-u gado barobar. Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo‘q. Bir og‘iz shirin so‘z, bir chimdim mehr kimni o‘ldiribdi! Biz esa, shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...”.
Farzandlarimizga o‘rnak bo‘laylik!
Muhayyo ISMOILOVA, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi:
— Bugun tarbiyaning katta muammolaridan biri ota-onaning farzandiga yetarlicha vaqt ajrata olmayotganligi bilan chambarchas bog‘liq. Mehr hammaga kerak. U hali tug‘ilmagan go‘dakdan tortib, keksalargacha zarur bo‘lgan tuyg‘ulardan. Unda insonni o‘zgartira olish xususiyati bor. Ha, u qalb xastaligiga malham bo‘lib, uni davolaydi.
Kuzatgan bo‘lsangiz, bolalar kattalarning samimiy harakatlarini, mehr bilan aytgan gaplarini tezda eslab qoladilar: tushlik uchun otalarimizning onamizga aytgan “rahmat”lari, buvijonlarimizning ko‘zoynaklarini topib berishlarini so‘rab bizga aytgan “iltimos”lari, kimningdir kichkintoyga nisbatan “siz” deya murojaat qilishi. Bu bolalar uchun “Sen bunday deyishing kerak”, “bunday qilishing kerak” deb o‘rgatilganiga nisbatan ancha tezroq ko‘nikma hosil qiladigan yo‘ldir.
Uch yoshgacha bo‘lgan kichkintoylar kattalarning muloyim so‘zlari hamda harakatlarini tezda ilg‘ab olib, qaytarishni boshlaydilar. Bu davrda bolakaylar rahmat aytish, salomlashish, xayrli tun tilash, dasturxon atrofida o‘zini qayday tutish kabi dastlabki ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Shuning uchun kichkintoylarga nima yaxshi-yu, nima yomonligini yotig‘i bilan tushuntirish lozim. Chiroyli xulq-atvor harakatlarini maqtab qo‘yish ularda yanada maqtovga sazovor bo‘lish hissini kuchaytiradi. Masalan: “Qo‘shnimizga salom berganing meni rosa ham quvontirdi. Juda aqlli bolasan” yoki “Buvijoningga “xo‘p bo‘ladi” deganing uchun kel bir o‘pay, aqlli qizim” kabi.
Bolaga ulkan emas, hech bo‘lmasa, ota-onalik mehrini bering!
Habiba Alimova, Yangiyo‘l tumanidagi 3-maktab o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi:
— Bugun hamma narsa zamonaviylashib ketyapti. 10—15 yil oldingi odamni bugun topolmaysiz. U o‘zgargan. Zamonaviylashgan qiyofada. Ammo zamonaviy insonga bugun nimadir yetishmayotgandek. Bu narsa MEHR bo‘lib, negadir uni berishdan qizg‘anyapmiz, xoh u inson, xoh u hayvon bo‘lsin!
Oldingizdagi farzandingizdan izlang-chi, topolarmikansiz. Qarindosh-urug‘larni-ku, aytmasangiz ham bo‘ladi.
Shuni bilib oling, ro‘zg‘or tashvishlari hech tugamaydi. Ish, ro‘zg‘or deb yelib-yugurishni biroz kamaytirib, bola tarbiyasiga e’tibor berish kerak. Bola tarbiyasidagi ozgina qora chiziq ham kun kelib o‘z samarasini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Bugungi bolalarimizning dasta pul, qimmatbaho telefon, brend kiyimlardan ko‘ra mehrga ko‘proq ehtiyojlari bor. Ma’lumki, o‘smirlik — eng injiq davr. Bu yoshdagilarning ba’zilari o‘zlarini “katta odam” qilib ko‘rsatish maqsadida teskari harakatlarni amalga oshirishni istaydilar. Bu bilan ular “o‘zlarining dunyolari” mavjudligini, ular ham to‘laqonli mustaqil shaxs ekanligini atrofdagilarga ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Bilasizmi, o‘smirlik davrida yoshlarda qo‘pollik hamda jizzakilikning paydo bo‘lishi, bu ularga kattalar tomonidan yetarli darajada mehr, e’tibor berilmasligi oqibatidir. Aynan o‘smirlik davrida bolaga ota-onaning har tomonlama ko‘magi kerak. Chunki aynan shu davrda farzand katta hayotga qadami qo‘yadi, kelajagini belgilaydi.
Ayrim otalar bolalari uchun ozgina e’tibor, mehr kerakligini har doim ham his qilavermaydilar. Qolaversa, bugun ba’zi oilalarda erkak tarbiyasiga xos jihatlar yetishmayapti. Bola uchun bu juda zarur. Nafaqat o‘g‘il bola, balki qizlarning tarbiyasida ham otaning alohida o‘rni bor. Axir qadimdan otalar oila qalqoni, farzandlar posboni hisoblangan!
Ota-ona pul topish ilinjida farzandiga keraklicha vaqt ajratolmas, farzandi bilan yetarli darajada suhbatlashmas, birga vaqt o‘tkazmas ekan, bolalar odamovi bo‘lib, yolg‘izlanib qolishadi, bilib-bilmay turli noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishadi. Achinarlisi, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayotgan hodisa va harakatlar asosida tarbiyalanib boradilar. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deganlaridek, ular ota-onalaridan vaqtida ololmagan tuyg‘ularini, ertaga farzandlariga ham berolmaydi. Bu esa avloddan-avlodga o‘tib, jamiyat uchun noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuni unutmangki, bugun sizning bolangizga berayotgan mehringiz albatta, o‘zingizga qaytadi... Jondan ortiq sevgan farzandingiz, jigarbandingiz sizdan pul, mol-dunyo emas, faqat MEHR kutadi, MEHR! Xuddi kishi keksayganda atrofdagilarning har qancha bo‘lsa ham, e’tibori va mehrini kutayotgandek...
Qarang, mehr nimalarga qodir!
Jahongir QO‘CHQOROV, psixolog:
— Bilasizmi, mehr berishning va olishning ham kishi salomatligiga ta’siri bor. Agar bolangizni yetarlicha bag‘ringizga bosib mehrga to‘yintirmasangiz, immuniteti tushib, shijoati, topqirligi susayib ketadi. Voyaga yetgach esa mehr-muhabbatli bo‘lib hayot kechirishga layoqatsiz bo‘lib qoladi.
Shu bois har kuni bolani kamida 25 marta quchoqlab mehr berishingizga to‘g‘ri keladi.
Ushbu aytilganlarga rioya qilmasangiz, u ijtimoiy hayotga ko‘nikib ketishi qiyin bo‘ladi. Xo‘sh, quchoqlab mehr berish bizga nima beradi?
1. Uyquni yaxshilaydi.
2. Yoshartiradi.
3. Yurak xastaligining oldini oladi.
4. Oksitotsin gormonini ko‘paytiradi. Bu depressiyani ketkazadigan gormondir.
5. O‘zingizga bo‘lgan qadringizni oshiradi.
6. Qo‘rquvni va yolg‘izlik hissini yo‘qotadi.
7. Ayniqsa, er-xotin muhabbatini yanada ziyoda qiladi.
Tun-u kun pul topish harakatida yurib, farzandlari uchun vaqt, mehr ajratolmagan aziz ota-onajonlar, bolangizni bag‘ringizga qattiq bosing, mehr bering. Bu oltinu javohirlarga topilmas, bebaho bo‘lgan mehringizni ulardan ayamang. Qariganingizda albatta yuz chandon bo‘lib qaytadi.
Quyidagi hikoya shu haqida:
Ota qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kabobni juda yaxshi ko‘rardi.
Buni bilgan o‘g‘il u kishini yaxshi bir oshxonaga olib boribdi. Avvaliga ota kabobini o‘zi yeyishga harakat qilibdi. Har safar ovqatini og‘ziga olib borganida qariligi sababli qo‘llari titrab, taomi soqoli-yu atrofiga to‘kilardi. Oshxonada o‘tirganlarning nazari ularga qaratildi. Past nazar qarashlar, masxaraomuz jilmayishlar va kayfiyati buzilgan chehralar. O‘g‘il esa sabr bilan otasiga taom yedirishni boshladi.
Nihoyat taom tugadi, o‘g‘il otasini suv oldiga yetakladi, og‘iz-qo‘llarini, yog‘ tomgan soqolini yuvib, ko‘zoynagini artib taqib qo‘ydi. Keyin esa otasini qo‘ltiqlab chiqish eshigi tomon yurdi.
Norozi nazarlarga qaramay o‘g‘il xursand edi, chunki otasini xursand qilgan edi u. Ovqat pulini to‘lab chiqib ketayotgan o‘g‘il ortidan bir amakining ovozi eshitildi:
— Hoy, o‘g‘lim, bu yerda bir narsa qoldirding, unutma!
Yana nazarlar ular tarafga burildi.
Biroz o‘ylangan yigit: — Hech narsa qoldirmadim, amaki, — deb javob berdi.
Amaki: — Bolam sen bu yerda juda qimmatbaho narsa qoldirding!
Shoshib qolgan yigit: — Nima qoldiribman, amaki?!
— Sen bu yerda har bir farzand uchun dars, har bir OTA uchun umid qoldirib ketayapsan!
Keling, azizlar, bu borada bir o‘ylab, mushohada qilib ko‘raylik. O‘z jigarbandingizdan, yaqinlaringizdan vaqtingizni, mehringizni ayamang. Bir kun kelib, albatta, parvarishlab o‘stirgan “daraxt”ingizning shirin mevalarini ko‘rib, bahridilingiz yayraydi. O‘sha baxtiyor kunlarni ko‘rib, beixtiyor ko‘zingizga quvonch yoshlari keladi.
Kamola AHMEDOVA tayyorladi.