Qiziqarli yozish siri
— Salom, o‘rtoq!
— Salom, hammasi OKmi?
— Yomonmas.
— Bugun darsga kelmading?
— E, qo‘ysangchi, darsda nima qilaman? Bir “знаменитый” blogerning kursiga borgandim. Sening xabaring yo‘qmidi?
— Eshitgandim. Qanday bo‘ldi?
— Zo‘r! “Как писать интересно” mavzusida gaplashdik.
— Biz esa tahririyatga bordik, mashhur jurnalistlar bilan fikrlashdik.
— Qiziqmisan, hozir birov gazeta o‘qirmidiki, jurnalistga ehtiyoj bo‘lsa, blogerlarning davri kelgan...
“Blog” va “bloger” so‘zlari bugun kundalik hayotimizdan faol o‘rin egallagan. Hattoki ba’zilar “jurnalist” so‘zini “bloger” atamasi bilan almashtirib ham ulgurdi.
Avvalo, bu tushunchaning paydo bo‘lish tarixi va rivojlanish bosqichlariga nazar solsak. Yaqin tarixda birinchi blog sifatida tilga olinadigan “Links.net” 1994-yili amerikalik erkin jurnalist Jastin Holl tomonidan yaratilgan. Asosan yaratuvchining shaxsiy qaydlaridan iborat bo‘lgan bu blog hozirgi ko‘rinishdagilaridan mutlaqo farq qilgan. Unda muallif o‘zining kundalik voqea, reja va o‘y-fikrlarini bayon qilib borgan. Bir so‘z bilan aytganda, ilk bloglarning ijtimoiy qamrovi zamonaviy avlodlariniki kabi keng bo‘lmagan.
“Weblog” atamasi va blogerlik faoliyati bevosita Jorn Bejer nomi bilan bog‘liq. 1997-yilning 17-dekabrida u mazkur so‘zni va o‘z blogini ommaga taqdim etdi. Ayni shu yili Sharlotte Observer ham o‘z blogi bilan kuzatuvchilar diqqatini torta boshladi. Jurnalist Jonatan Dabb esa blogerlik faoliyatiga o‘ziga xos, ya’ni jurnalistik yondashuv bilan kirib keldi. Uning har bir posti dolzarbligi, hali hech kim xabar topmagan yangiliklardan iboratligi bilan barchaning e’tiborini tortdi.
Ko‘rib turganingizdek, jurnalistika kabi u qadar olis o‘tmishga ega bo‘lmagan blogerlik faoliyati 2000—2004-yillarda tezlik bilan rivojlanib bordi. 2005—2010-yillarda muvaffaqiyat cho‘qqisini zabt etdi. Texnika taraqqiyotining jadallashishi uning rivojiga rahnamolik qildi. Chunki kompyuter va qo‘l telefonlarining zamon va makon qarshiliklarini parchalay olish imkoniyati bloglarning tezkorligiga xizmat qildi. Bugun OAV muxbiri eshitgan yoki guvoh bo‘lgan yangiligini tahririyatga kelib, yozib, tahrir qilib, o‘quvchiga yetkazaman degunicha, bu ma’lumot blogerlarning sahifasida yoritiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning ommalashishi blogerlik foaliyatida yaxshi ma’nodagi burilishlarga sabab bo‘lmoqda. Endi turli bloglar o‘rnini telegram tarmog‘idagi ijtimoiy kanallar faollik bilan egallamoqda. Bunday keskin raqobat maydonida omon qolish uchun ko‘plab bosma nashrlar ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yaratmoqda. To‘g‘rida, agar o‘quvchiga axborot olishning elektron usuli ma’qul bo‘lsa, nega endi gazetalar o‘z mahsulotini internet orqali yetkazmasligi kerak? Ammo hozir bu ham u qadar samarali natija bermay qo‘ydi. Nega? Chunki gazetalarning elektron ko‘rinishlari ham zamonaviy o‘quvchilarning ta’biga mos tushmayapti, ularda e’lon qilinadigan chuqur mulohazali maqolalarga ko‘pchilikning tishi o‘tmagani sabab vaqt tig‘izligini bahona qilishyapti. Masalaning asl muammosi o‘zi chindan ham vaqtmi? Gazetxonlar sonining kamayishiga chindan ham vaqt tig‘izligi aybdormi?
Bu kabi savollar bilan kimga yuzlanmang, “axir biz XXI asrda yashayapmiz-ku”, degan javobni olasiz. O‘ylanib qoladi kishi, faqat biz XXI asrda yashayapmizmi? Agar butun dunyo shu asrni boshidan kechirayotgan bo‘lsa, nega unda texnika taraqqiyotida bizdan ham ilgarilab ketgan davlatlarda hali ham gazeta o‘qishyapti? Nega Yaponiyada har bir odam boshiga bir necha minglab gazeta to‘g‘ri kelmoqda?
Javoblar turlicha, kimdir bu holatni xalqning ma’naviy darajasi bilan bog‘lasa, yana kimdir nashrlarning salohiyat ko‘rsatkichlarini vaj qiladi. Aslida esa noshirda ham, mushtariyda ham ayb bor. Biri ancha yillardan buyon eshitganini xonadan chiqmay o‘tirib yozishga o‘rganib qolgan. Ikkinchisi esa vaqt tig‘izligini ro‘kach qilib, qisqa xabarlarga usta bo‘lgan blogerlar tomoniga o‘tib oldi.
Bugun jurnalistika sohasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarning aksariyati o‘z bloglarini yaratishga, yana ham aniqrog‘i, ijtimoiy tarmoqlarni ajabtovur postlari bilan zabt etishga intilishmoqda. Hatto dars qolib, turli blogerlarning treninglarida ishtirok etishni ma’qul ko‘rmoqdalar. Bunday treninglarda ko‘p o‘quvchi yig‘ish, qanday qilib qiziqarli yozish sirlari o‘rgatilarmish. Balki bunday sirlarni o‘rganish ham bo‘lajak jurnalist uchun foydadan xoli bo‘lmas, qachonki uning qalami mashq qayrog‘ida charxlangan bo‘lsa. Xo‘sh, bunday qayroqni qayerdan topsa bo‘ladi? Albatta, tahririyatdan. O‘quvchi hukmiga havola etiladigan axborotni, avvalo, to‘g‘ri bayon qila olish, uning dolzarb jihatlarini ko‘rsatish va o‘rni kelganda o‘quvchiga tahlil qilib berish ko‘nikmalarini egallash uchun tahririyat tegirmoniga tushib chiqish kerak. Ana shunday ko‘nikmalarni o‘zlashtira olganlar esa blogerlarning trening saboqlaridan samarali foydalanishlari mumkin, nazarimda. Chunki bunday darslarning asl zamirida axborotni to‘g‘ri bayon qilish emas, balki uni reklama qilish yotadi. Ammo reklama har qancha jimjimador va ko‘zni qamashtiradigan bo‘lmasin, uning hiylasiga bir marta uchgan kishi ikkinchi marta buni takrorlamaydi. Qalami o‘tkir va fikri tiniq jurnalist uning reklama sirlarini o‘rganib olganida esa vaqt tig‘izligi tufayli kishilar tafakkurida hosil bo‘layotgan bo‘shliqni to‘ldirishga erishadi.
Yuqoridagi fikrlarimiz orqali har ikkala faoliyatni qoralash yoki oqlash niyatidan yiroqmiz. Chunki birining vaqt bilan hamqadamligini rad etib bo‘lmaganidek, ikkinchisining sermulohazaligini tan olmay ilojimiz yo‘q. Biroq tezkor, ammo tafakkurni to‘ydira olmaydigan maqola ham kun kelib ong bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘ladi. Shu bois ham gazeta ijtimoiy kanallar tezkorligini o‘zida mujassam etsa, ijtimoiy kanallar esa asrlar silsilasidan o‘tgan gazetaning tahlil va tanqid usullarini o‘rganib olsa, har ikkisining ham yarmi butun bo‘lgan bo‘lar edi.
— Xulosa qilishga biroz shoshmagin, o‘rtoq.
— Yo‘q, men baribir fikrimdan qaytmayman!
— Unda bunday qilamiz, ertaga o‘rin almashamiz, sen tahririyatga
borasan, men esa treningga.
— Kelishdik.
Ertasi kuni:
— Ha, o‘rtoq, trening qanday bo‘ldi?
— Zo‘r! Bilasanmi, yaxshi maqolani avval reklama qila olish kerak ekan, yana... xullas ertaga bafurja gaplashamiz. O‘zingda qanday bo‘ldi?
— Zo‘r bo‘ldi! Bilasanmi, bitta vergul yoki nuqta butun boshli matn mazmuniga ta’sir qilishini endi bilib oldim...
Mukarram OTAMURODOVA