Bizning bolamizni begona tarbiya qilmasin...
Zamon shiddat bilan taraqqiy etgani sayin insoniyat ma’naviy bo‘hron qurshovida qolmoqda. Shunday tahlikali zamonda farzandlarimiz qalbini sof saqlash, milliy yuksalish hissini mustahkamlash davr talabidir. Ma’naviyatimizni asrab qolish ham g‘oyat dolzarb vazifaga aylangan. Bunga qanday erishamiz?
Yosh kitobxonlarning, barcha adabiyot ixlosmandlarining sevimli adibi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi TO‘XTABOYEV O‘zA muxbirining shu mavzu atrofidagi savollariga javob berdi.
– Qaysi bir davrada bo‘lmasin ijodkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari haqida to‘lqinlanib gapirasiz. Bunday shukronalik hissini nimadan yoki qayerdan olasiz?
– Bugun mamlakatimizda ko‘tarinki shukuh kezib yuribdi. Yaratuvchi va bunyodkor kayfiyat to‘lqinlanib oqayotgan Amudaryo bo‘ylarida “quri-quri” deb qo‘y boqib yurgan, rizqimizga rizq qo‘shib yurgan cho‘ponlar davrasidan tortib Sirdaryoning ikki qanotida shirin va nordon, sarhil mevalarni yetkazib berayotgan bog‘bonlar yuzida, "Oltin vodiy" deya e’tirof etiladigan Farg‘ona, Andijon, Namangandan to vohalardagi kishilar chehrasida xursandchilik, kelajakka umid va ishonch balqib turibdi. Ayni vaqtda esa bu narsa bizning ma’naviy xazinamiz – adabiyotimizga ham singmoqda, ijodkorlar asarlarida o‘z aksini topmoqda. Adiblarimiz bugungi davr mavzusining tagiga berkinib yotgan fikrlarni, falsafiy mushohadalarini keng ommaga erkin va o‘z holicha yetkazib berishga o‘zlarida kuch topayotir.
Shu o‘rinda bolalar adabiyotida ham ba’zi o‘zgarishlar, yangiliklar bo‘lmoqda. Ba’zi, degan so‘zimga e’tibor bering. So‘nggi ikki yil ichida bu yo‘nalishda men sanoqligina asar o‘qidim. Nabijon Boqiyev “Gul yetim”, Otabek Quvvatov qadimiy ertaklar asosida ma’lumotlar to‘plab roman yozibdi, Shukrullo Abdullayev ismli ukamiz hayvonot olami haqida biri-biridan ajoyib ertaklar bitibdi. Avvalo, ularga rahmat aytaman. Ammo yurtimizdagi bolalar soniga hisoblaganda bularning yozgani juda oz. Ular dengizdan tomchi xolos...
– Bugungi bolalarning ilmga, kitob o‘qishga qiziqishini qanday baholaysiz. Ularda mutolaaga chanqoqlikni ko‘rasizmi?
– Albatta, bizning bolalarni kitobdan ajratib bo‘lmaydi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida 3 yoshdan boshlab bolalarda intellektni rivojlantirish zarurligini ko‘p ta’kidlayapti. Bugungi bolalar tug‘ma iste’dod va yuqori salohiyat bilan maktabga qadam qo‘ymoqda. Uning dunyoqarashini shakllantirib, ishlov berish o‘qituvchining vazifasi. Maktabga shoshib ketayotgan qizaloq ko‘zida kitobga bo‘lgan mehrni ko‘raman. Orqasida bir dasta kitobni tutgan bolakay ko‘zida mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni sezaman. Chunki azal-azaldan ularning ota-bobolari ilm o‘rganish yo‘lida zahmat chekkan, kitobni nondan aziz bilgan.
– Biz farzandlarimizga zarur adabiyotlarni yetkazib bera olayapmizmi?
– Yo‘q. Aslida bizning eng katta kamchiligimiz ham shunda. Bugun katta-katta ijodkorlarimiz ommaviy axborot vositalarida, xususan, televizorda “Bolaga kitob beraylik, bolaga kitob beraylik” deb da’vat qilmoqda. Bu yaxshi, ammo hech bir yozuvchining "men bolalarga shu kitobimni beraman, bu yil men shu asarni bolalarga atab yozdim" deganini eshitmadim. Bolalar adabiyotining esa ahvoli juda nochor. Bir nechta asarlarni sanaganimiz bilan butun boshli adabiyot yuzaga kelib qolmaydi. Bizning bolalarga katta maydonga ega bo‘lgan mukammal adabiyot kerak.
To‘g‘ri, bolalarimiz iqtidori har jabhada namoyon bo‘lmoqda. Kimyo, matematika kabi aniq va tabiiy fanlarni bemalol, qiynalmasdan o‘zlashtirmoqda. Demak, endi ularga ma’naviyatini oshiradigan kitoblar berishimiz kerak. Chunki badiiy asarsiz murg‘ak bola ruhiyatini poklash mushkul ish, ma’naviyatini go‘zallashtirish qiyin vazifa. Ilgarilari hamma gazetalarning to‘rtinchi betida bolalarga bag‘ishlangan asarlar bo‘lardi. Yozuvchilarimizning barchasi bolalarga atalgan sara asarlar yozishga intilardi. Yodimda, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Mirtemir, Asqad Muxtorlar bolalarga bag‘ishlangan ko‘p asarlar yozdi. O‘sha vaqtlarda katta-katta yozuvchilarimiz bolalarga kitob bag‘ishlashgandi. Qani aytingchi, hozir qaysi yozuvchimiz kelajagimiz mevalari uchun asarlar yozmoqda? Achinarlisi, viloyatlarda bolalar adabiyotiga oid kitoblar chiqayapti, ammo adadi shunchalar kamki u kitob bir mahallaga yetayapti xolos, viloyatdan chetga chiqquncha tugab qolayapti.
Yozuvchilar uyushmasi qoshida bolalar adabiyoti bo‘limini ochish kerak. Televideniyeda bolalar adabiyotiga bag‘ishlangan bitta bo‘lim tashkil etilsa, bolajonlarimizning badiiy adabiyotga bo‘lgan ehtiyoji ozroq bo‘lsada qoplanardi. Hududlarda esa bolalar uchun kutubxonalar, barcha soliqlardan ozod etilgan kitob do‘konlari ochilsa, biz bolajonlarimizning kitobga bo‘lgan chanqog‘ini qondirgan bo‘lardik.
– Farzandlarimiz boshqa millat ertaklarini o‘qib katta bo‘layotir, xorij multfilmlarini ko‘rmoqda. Buning oqibati nima bo‘ladi?
– Bugun mamlakatimizda 100 dan ortiq nashriyot faoliyat olib borayotganmish. Ularning deyarli barchasida mo‘may pul topish maqsadi mujassam. Shu maqsadda Yevropa mamlakatlari ertaklarini tarjima qilib, nashr etmoqda. Janubiy va Shimoliy Amerika ertaklari ham chop etildi, endi navbat Afrika ertaklariga kelgan bo‘lsa, ajab emas.
Mening ularga aytadigan bir gapim bor: bizning bolamizni begona tarbiya qilmasin. Yevropaliklarning ota-onalari mehribon ekan – bolalariga bir dunyo ertaklar yozib ketibdi, yozayapti. Bizchi? Biz farzandlarimiz uchun qanday ma’naviy ozuqa bera olayapmiz? Bizning ota-onalar bugun farzandi o‘qishi uchun o‘zbek ertaklarini topolmasdan sarson. Qora ko‘zmunchoqlarimiz ajnabiy ertaklarni o‘qib, televizordan o‘zgalar mentaliteti targ‘ib qilingan ertak-multfilmlarni tomosha qilib ulg‘aymoqda. O‘y-fikri bizga begona o‘gay qizning o‘ch olishi, qo‘sh xotinli hukmdorlar, er tanlagan yosh qizchalar haqidagi multflmlar farzandimizga nima beradi, axir! Shu ketishda biz beg‘ubor bolalarimizni yo‘qotib qo‘yishimiz tayin.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 600 dan ziyod a’zosi bor ekan. Qani edi, har bir yozuvchimiz o‘z mahallasida yashovchi ota-bobolaridan ertaklar yozib olsa, ularni to‘plab kitob holida taqdim etsa...
Respublikamizda bolalar adabiyoti masalasiga bag‘ishlab katta bir yig‘in o‘tkazilsa, konferensiyalar qilinsa, bolalarga atab kitob yozgan, ammo chop etolmay yurgan ijodkorlarning kitoblari homiylik asosida chiqarilsa qanday yaxshi bo‘lardi.
Bugun yozuvchilarimiz baxtiyor. Ular "qulochlarni keng yozib", javlon urib ijod qiladigan davr. O‘zim OAVda ko‘p "chiqish" qilaman. 10 yil davomida bolalar kitobxonligiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda, 24 yil “O‘yla, izla, top” ko‘rsatuvida ishtirok etdim, hozir "Xudoyberdi bobo mehmonda" dasturida bolajonlar bilan ishlayapman. Sirasini aytganda 70 yildan buyon bolajonlar uchun qalam tebratib kelmoqdaman. Bolalar adabiyotining yirik darg‘asi do‘stim Anvar Obidjon ham zahmat chekib kitoblar yozmoqda. Ammo yuzlab ijodkorlarimiz bor, ular ham adabiyotdagi kamchiliklarni, bolalar adabiyoti uchun zarur bo‘lgan kemtiklarni to‘ldirsa, yaxshi bo‘lardi.
Dilobar MAMATOVA suhbatlashdi.