Sentabr so‘ngidagi muhim voqealar. 23-sentabr
Vatanimiz tarixi turli davrlarda ro‘y bergan muhim hodisalarga boy. Bunday voqeliklar 365 yoki 366 kunlik yilning bir yoki bir necha kunida yuz berishi ayon. Shuning uchun ham vaqt o‘tgani sari bashariyat o‘tmishida yuz bergan hodisalarni birlashtiruvchi yana bir jihat bo‘y ko‘rsata boradi. Bu ham bo‘lsa, yilning muayyan sanasida yuz bergan o‘nlab, yuzlab voqealardir.
To‘g‘ri, taqvimning bir sanasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar asrlarning turli yillarida yuz bergan. Biroq turfa yilda sodir bo‘lishiga qaramay, ayni bir sanada bo‘lib o‘tgan voqealar bir tizimga solinsa, tarixni yanada yaxshiroq idrok etish imkoni paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, ayni bugungi kundan yuz, ikki yuz, boringki, ming yil oldin qanday voqealar sodir bo‘lgan? Ushbu kun tarixini qay hodisalar boyitmoqda? Quyida O‘zbekiston tarixidagi sentabr so‘ngidagi ana shunday ma’lumotlar bilan tanishasiz.
23-SENTABR — BURHONIDDIN MARG‘INONIY TAVALLUD TOPGAN KUN VOQEALARI
1123-yil — buyuk faqih imom Burhoniddin Marg‘inoniy dunyoga keldi (vafoti — 1197-yil). U oliy diniy unvon — shayxulislom darajasiga erishgan. 1178-yilda «Kitob al-Hidoya» asarini yaratdi. Bu kitob fiqh ilmi bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar hisoblanadi. Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham «hidoyat yo‘lining sarboni» deya katta hurmat-e’tibor topdi.
1860-yil — Buxoro amiri, mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan hukmdor Nasrulloxonning o‘g‘li Muzaffar
(yashagan yillari: 1819—1885) taxtga o‘tirdi (hukmronligi: 1860—1885).
1866-yil — Rossiya imperiyasi polkovnigi Voronsov-Dashkov boshchiligidagi harbiy qism Buxoro amirligi hududiga bostirib kirdi.
1896-yil — seleksioner olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sergey Kanash tavallud topdi (vafoti — 1975-yil). U g‘o‘zaning bir necha serhosil yangi navlarini yaratdi.
1908-yil — zoolog, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Ahror To‘laganov tavallud topdi (vafoti — 1990-yil). U 1957—1963-yillarda Samarqand davlat universiteti rektori bo‘lgan.
1913-yil — Xivada kasalxona ishga tushirildi. Shu munosabat bilan Xiva xoni Asfandiyorxon (hukmronligi: 1910—1918) Turkiston general-gubernatori nomiga quyidagi telegrammani jo‘natdi: «Siz hazrati oliylariga shuni ma’lum qilamanki, men tomondan Xivada martabasi oliy taxt vorisi, buyuk knyaz
Aleksey Nikolayevich nomiga qurilgan kasalxona shu yilning 23-sentabrida, general-mayor S.Seyl, ulamolar va amaldorlar ishtirokida, meditsina xizmati ko‘rsatish uchun ochildi». Xivadagi kasalxonaning ochilish marosimida qatnashgan tarixchi Bayoniy (1858—1923) shunday yozgandi: «Ushbu yil zulqa’da oyida dorushshifo, ya’ni duxturxonaning binosi itmomga yetdi (yakunlandi). Xon hazratlari onda yaxshi to‘y berib, tamomi ulamo va tamomi to‘ralar, beklar va tamom-u amaldor-u oqsoqollar va tamomi elni da’vat etdilar va Rusiya duxturlaridan ikki duxturni talab etib kelturmish erdilar».
1921-yil — Butun Buxoro xalq vakillarining 18-sentabrda boshlangan ikkinchi qurultoyi nihoyasiga yetdi. Unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
1932-yil — hujjatli kino rejissiyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Soli Davlatov dunyoga keldi. U «Beruniy», «Aljabr — algebra» kabi bir qancha filmlarni suratga oldi. Uning «Surxon tongi» filmi 1985-yili Riga kinofestivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
1992-yil — Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi.
1997-yil — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Gennadiy Seleznyovni qabul qildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti talabasi Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.