Erkin sayohat yangi dunyolarni kashf etadi
1979-yili Ispaniyada o‘tgan konferensiyada Xalqaro sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan tashkilot nizomi qabul qilingan kun — 27-sentabr sanasi “Xalqaro turizm kuni” deb e’lon qilindi. O‘shandan boshlab dunyoning turli burchaklarida nafaqat sayyohlik sohasida faoliyat yuritadigan kasb egalari, balki sayohat qilishni sevadigan barcha insonlar har yili katta xursandchilik bilan nishonlayotgan ushbu norasmiy bayramning tashkil etilganiga bu yil roppa-rosa 40 yil to‘ldi.
O‘tgan yillar davomida sayyoramizdagi jamiki xalqlar rivojlanishi, yanada taraqqiy etishida turizmning o‘rni nechog‘lik yuqori ekanini ko‘rsatishga xizmat qilayotgan “Xalqaro turizm kuni” ko‘plab davlatlarda keng ommalashdi. Bir vaqtlar turizmni targ‘ib qilish, uning jahon iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasini yoritish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan xalqaro bayram bugun ham dunyo hamjamiyati e’tiborini turizmning ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy ahamiyatiga qaratish orqali ushbu sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Chindan ham so‘nggi yarim asrda turizm jahon iqtisodiyotining muhim va tez o‘suvchi sohasiga aylandi. Ayrim mamlakatlarda u hatto davlat budjetining asosiy daromad manbayi hisoblanadi. Ayni damda dunyodagi yalpi ichki mahsulotning 10 foizini tashkil etayotgan turizm sohasi rivojlanish ko‘rsatkichlari jahonda sodir bo‘layotgan global iqtisodiy inqiroz, tabiiy ofat va turli kasalliklarga qaramay, yil sayin o‘sib bormoqda. Ayniqsa, turizm bilan bog‘liq yangi texnologiyalarning paydo bo‘lishi va transport narxlarining pasayishi xalqaro sayohatlar sonining yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
Hech shubhasiz, mamlakatlardagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarning rivojlanishi bevosita turizmga bog‘liq. Agar u barqaror boshqarilsa, davlatga katta foyda keltirishi turgan gap. Ayniqsa, jahonda tinchlikni saqlash va turli xalqlar madaniyatini o‘rganishda xalqaro turizmning o‘rni yuqori.
Sayohat qilish hamisha insonlarning sevimli mashg‘uloti bo‘lgan. Qadimda odamlar asosan savdo-sotiq maqsadida turli davlatlarga borgan bo‘lsa, bugunga kelib, kishilar orasida dam olish, sayohat qilish, davolanish, tijorat va boshqa ko‘plab maqsadlarda chet el safarlariga chiqish ommalashgan. Ayniqsa, turistik agentliklar va ular ko‘rsatadigan xizmatlar sifatining takomillashayotgani jahonda sayyohlar sonining yanada ortishini ta’minlamoqda.
Bugun dunyo bo‘yicha eng ko‘p sayyohlarni qabul qiladigan davlatlar nomi ko‘pchilikka qiziq. BMTning Xalqaro sayyohlik tashkiloti an’anaga ko‘ra, 2018-yili sayohatga chiqqan turistlar soni va eng ko‘p sayyohlar tashrif buyurgan mamlakatlar nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, sayyohlik oqimining 60 foizi 20 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Top — 10 talikning birinchi pog‘onasini Fransiya zabt etdi. Ushbu davlatga 2018-yili 93,2 million sayyoh tashrif buyurgan. Keyingi o‘rinlarni Ispaniya, AQSh, Xitoy hamda Italiya egalladi. Ilk o‘ntalikdagi davlatlar orasida eng katta o‘zgarish Turkiyada kuzatildi. 2018-yili 45,8 million sayyohni kutib olgan ushbu mamlakat sayyohlar oqimi bo‘yicha 8-o‘rindan 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Keyingi o‘rinlar esa Meksika, Germaniya va Tailand davlatlariga nasib etdi. Birinchi o‘ntalikdagi eng “omadsiz” davlat o‘ninchi o‘ringa tushib qolgan Buyuk Britaniya bo‘ldi.
Xalqaro sayyohlik tashkiloti 2018-yili jahon bo‘yicha sayyohlik tashriflari rekord darajaga — 1,4 milliardga yetgani va bu avvalgi yilga nisbatan 6 foiz ko‘pligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili sayohatlar soni Yaqin Sharqda 10, Afrikada 7, Osiyo va Yevropada 6, Shimoliy va Janubiy Amerikada 3 foiz oshgan. Markaziy Amerika va Karib orollarida esa 2017-yilning sentabr oyida sodir bo‘lgan “Irma” va “Mariya” bo‘ronlari tufayli sayyohlar oqimi sezilarli darajada kamaygani kuzatilgan.
Xalqaro turizm ko‘plab mamlakatlarda kirimlarning ortishiga xizmat qiladi. 2018-yil ham davlatlar turizm sohasidan yomon foyda ko‘rmadi. Xalqaro sayyohlik tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili turistlar o‘z sayohati davomida jami 1,7 trln AQSh dollari — avvalgi yillarga nisbatan 4 foiz ko‘proq mablag‘ sarflagan. Bu borada Osiyo va Tinch okeani hududlari 7 foiz ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Yevropada esa turizmdan tushgan kirimlar 5 foizni tashkil etdi. Yaqin Sharq va Afrikada bu ko‘rsatkich 3 va 1 foizga teng ekani aytilmoqda.
Kuzatuvlarga ko‘ra, 2018-yili chet elga sayohat qilganlarning ko‘p qismi Buyuk Britaniya, AQSh va Xitoy aholisi bo‘lgan. Jarayonda 126,2 million britaniyalik xalqaro uchish xizmatlaridan foydalangan. Bu dunyo bo‘yicha jami yo‘lovchilarning 8,6 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarni esa AQSh va xitoylik yo‘lovchilar band etdi. Top-5 talikdan Germaniya va Fransiya aholisi ham joy olgan. Xalqaro sayohatlar natijasida dunyodagi barcha aviakompaniyalar o‘tgan yil davomida 4,4 milliard yo‘lovchini manziliga eltib qo‘ygan. E’tiborlisi, bu ko‘rsatkich yildan yilga ortmoqda.
2019-yil ham turizm sohasi uchun yomon boshlanmadi. Xalqaro sayyohlik tashkiloti 2019-yilning birinchi yarim yilligida xalqaro sayyohlik tashriflari sonining 4 foizga ortganini ma’lum qildi. Yarim yillikning o‘zidayoq xalqaro sayohatlar soni 671 mln.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018-yilning shu vaqtiga nisbatan 30 mln.ga ko‘proq. Qayd etilishicha, bu yil sayyohlar oqimi Yaqin Sharqda 8, Osiyo mamlakatlari va Tinch okeani hududlarida 6, Yevropa davlatlarida 4, Afrikada 2, Markaziy Amerikada 1 foiz oshgan. Janubiy Amerikada esa aksincha, sayyohlar soni 5 foiz kamaygan.
Bu yil Yaqin Sharqda sayyohlar sonining ortishiga sabab bo‘lgan ikkita yirik kvartal kuzatildi. Biri qishki mavsum bo‘lsa, ikkinchisi may-iyun oylariga to‘g‘ri kelgan muborak Ramazon oyi va u bilan bog‘liq diniy marosimlardir.
So‘nggi yillarda sayyohlar soni bo‘yicha yetakchilik qilayotgan davlatlar orasida Turkiya ham bor. Ilk yarimyillikda mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi so‘nggi 5 yillikda rekord darajaga yetdi. Istanbul shahri 6 oy ichida 5,42 mln xorijlik mehmonga mezbonlik qildi. Sayyohlarning aksariyati Germaniya, Eron va Rossiya fuqarolaridir. Shahar meri Ali Yerlikayning ta’kidlashicha, Istanbul sayyohlar soni bo‘yicha jahonda 10-, Yevropada 3-o‘rinda turadi. Turkiyaga keluvchilarning har 100 nafardan 42 nafari muazzam Istanbul shahrini ko‘rmay ketmaydi. Bundan o‘zgacha g‘urur tuygan shahar hukumati yil so‘ngiga qadar 15 mln sayyohni uzluksiz qabul qilishni maqsad qilgan.
Dunyoda turizm sohasi yil sayin rivojlanmoqda. Bunga nafaqat insonlarning sayohat qilish va dunyoning betakror maskanlarini ko‘rishga qiziqishi, balki mamlakatlar orasida savdo-sotiq aloqalarining kengayib borayotgani ham sabab. Har yili ko‘plab davlatlarda nishonlanadigan 27-sentabr —Xalqaro turizm kuni sayohatni jon dildan sevadigan kishilar uchun chinakam bayram sanaladi. Unda tashkilotchilar insonlarni sayohat qilishdan bahra olishga chorlaydi. Shu kuni odamlar “Turizm — jahon tinchligining hayotiy quvvati”, “Erkin sayohat yangi dunyolarni kashf etadi”, “Bir milliard sayyoh — bir milliard imkoniyat”, “Barqaror turizm — rivojlanish garovi” shiorlari ostida birlashib, barchani turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqiradi.
Sana munosabati bilan joylarda turizm va sayyohlik biznesiga bag‘ishlangan turli bayram tadbirlari, quvnoq festivallar o‘tkaziladi. Mamlakatlar miqyosida turistik loyihalar, dasturlar tashkil etilib, unga barcha yosh va kasbdagi insonlar jalb etiladi. Shu kuni sayyohlik kompaniyalari o‘z mijozlariga qator chegirmalar taklif etadi. Turistik kompaniyalar xizmatlar sifatini yaxshilash va mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyalar tashkil etadi. Yirik kompaniyalar tomonidan turizmni rivojlantirishga doir xalqaro seminarlar o‘tkaziladi. Sayohatsevarlar esa yaqinlari davrasida yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zlari borgan va ko‘rgan g‘aroyib shaharlar haqida boshqalarga so‘zlab beradi. Ayrim kishilar esa shu kuni avval o‘zi bo‘lmagan biror davlatga sayohat qiladi. Axir bu — vaqtni maroqli o‘tkazish va sayohat zavqini his etish uchun eng qulay vaqt-da!
Yana bir g‘aroyib jihati, bayram kuni aksariyat insonlar odatiy uy yumushlaridan chalg‘ib, sershovqin shahar hayotidan uzoqroqqa, sokin maskanlarga sayohat qilish yoki shunchaki tabiat qo‘yniga sayrga chiqishga odatlangan. Chunki Xalqaro sayyohlik tashkiloti odamlarni ish joyidan qisqa muddatli ta’tilga chiqib, bayram kunlari biror davlatga, hech bo‘lmaganda tabiat bag‘riga sayohat qilib, o‘zini haqiqiy sayohatchilardek his etish zavqini tuyishga chorlaydi. Sayohat qilish imkoni bo‘lmasa, do‘stlar bir yerda jam bo‘lib, o‘z shaharlarini kezib, uning go‘zalligidan bahramand bo‘lishi mumkin. Bayram kuni insonlarning sayohat xaritasi yanada kengayishi uchun dunyoning ko‘plab davlatlaridagi muzey va boshqa madaniy maskanlarda “ochiq eshiklar kuni” o‘tkaziladi.
Bugun barcha rivojlangan davlatlar qatori O‘zbekistonda ham turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Poytaxtimiz va barcha viloyatlarda tashkil etilayotgan shahar ichidagi shaharlar, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va dam olish maskanlari, qayta tiklanayotgan tarixiy obidalar hamda xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish choralarining bari yurtimizga keladigan sayyohlar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. Qayd etilishicha, 2019-yilning birinchi yarmidayoq 3 mln 834 ming sayyoh mamlakatimizda mehmon bo‘ldi. Shulardan 175 mingi Qozog‘iston, 98 mingi Qirg‘iziston, 92 mingi Tojikiston, 42 mingi Turkmaniston, 40 mingi Rossiyadan kelgan turistlardir.
Shuningdek, “Wegoplace” onlayn-servisi kuni kecha e’lon qilgan 2019-yili yakka sayyohlar uchun eng xavfsiz davlatlar reytingida O‘zbekiston yetakchi beshtalikdan joy oldi. Reyting 142 ta davlat vakillari orasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali tuzildi. Unda ishtirokchilarga tungi shahar bo‘ylab sayr vaqtida o‘zlarini qanchalik xavfsiz his etishlari, mahalliy politsiyaga qanchalik ishonishlari hamda biror hujum yoki talonchilikka uchraganlari haqida savollar berildi. Natijada eng yuqori xavfsizlik indeksiga Singapur erishgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Norvegiya, Islandiya va Finlandiya davlatlari egalladi. 5-o‘ringa esa O‘zbekiston munosib topildi. Ushbu yuqori darajadagi ko‘rsatkich mamlakatimizda sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda yurtimiz tinchligidan dalolatdir. Zero, O‘zbekiston nafaqat sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, balki dunyoni hayratga soladigan ko‘hna obidalari bilan turistlarni o‘ziga jalb etishda ham hech bir rivojlangan davlatdan qolishmaydi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.