Kitoblarning cheksiz dunyosi
Bu xalqaro ko‘rgazma-yarmarkani darrovgina yoki bir-ikki soatda, shunchaki bir aylanib tomosha qilishning sira iloji yo‘q. Unda kitoblarning mo‘jizakor ummoniga sho‘ng‘ib ketish, milliy adabiyotimiz darg‘alarining ajoyib suhbatidan bahra olish, noshirlar, matbaachilar, kutubxonachilar faoliyatidan to‘laqonli xabardor bo‘lish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan "Tashkent Book Fest – 2019" birinchi xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi stendlarini aylangan har bir insonda shunday taassurotlar paydo bo‘lishi shubhasiz.
Mazkur ko‘rgazmaning ochilishiga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, kitob-noshirlik, axborot-kutubxona ishi mutaxassislari, adabiyotimiz fidoyilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, ularning ota-onalari, o‘qituvchilar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda kitob targ‘ibotini kuchaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga bo‘lgan mehri va hurmatini oshirish, nashriyotlar, matbaa korxonalarining erkin va samarali ishlashi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin egallashini ta’kidladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan hayotga izchil joriy etilayotgan Harakatlar strategiyasi hamda yosh avlod ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga doir beshta muhim tashabbusga muvofiq kitob targ‘ibotiga oid ishlarni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish, shu orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini ta’minlash, xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga ko‘maklashish, noshirlik va matbaachilik yo‘nalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, tegishli mintaqaviy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
"O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalari majmuasining eng muhtasham pavilonida boshlangan "Tashkent Book Fest – 2019" birinchi xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin. Mahobatli bu maskandagi ko‘rgazma-yarmarka g‘oyat rang-barang, qiziqarli, turfa stendlarga boy, har bir tomoshabinni shoshirib qo‘yishi bilan diqqatga sazovordir.
Ko‘rgazma-yarmarka kitob va mutolaani targ‘ib etish, jahon bosma sanoati tajribasini o‘rganish, nashriyotlar, kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona maskanlari, kitob-mutolaa masalalariga mas’ul tashkilotlar o‘rtasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Bu yerda yurtimizning nashriyotlari, kutubxonalari, kitob tarqatishga mas’ul tashkilotlari bilan birga Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlarning nashriyotlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishish mumkin. Ayni paytda Xitoy, Eron, Indoneziya, Ozarbayjon va boshqa bir qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, madaniyat markazlari, ma’rifiy maskanlari tomonidan taqdim etilgan ilmiy-ommabop adabiyotlar, qiziqarli nashrlar bilan tanishish imkoniyati bor.
– Toshkentda bunday xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasining birinchi marta tashkil etilayotgani juda ajoyib g‘oya, – dedi Rossiya kitob noshirlari assotsiatsiyasi prezidenti Konstantin Chechenov. – Bu ko‘rgazma-yarmarka kitob-noshirlik ishiga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar, nashriyotlar bilan kengroq tanishish, ularning faoliyatini o‘rganish, sohadagi hamkorlikni tobora mustahkam yo‘lga qo‘yishda juda ahamiyatlidir.
– Nashriyotimiz asosan Koreyada xorij haqidagi kitoblarni chop etish bilan shug‘ullanadi, – dedi "UzKor Ekonomy" nashriyoti vakili Chve Xi Yong. – "Men O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman" degan kitobim yaqinda chop etildi. U yurtingizning sayyohlik salohiyati haqida atroflicha hikoya qiladi. Men bu kitobni yozish asnosida o‘tgan yili o‘n marta shu tabarruk diyorga kelib, uni atroflicha o‘rgandim. Bugungi kunda Koreyadan yurtingizga kelishni istagan inson borki, ularning bari shu kitobni dastlab o‘qib, O‘zbekistonga bo‘lgan mehri va ishtiyoqi tobora ortmoqda. Mazkur ko‘rgazmada xalqingiz kitobni naqadar e’zozlashiga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Qirg‘izistonning "Arkus" nashriyoti maktab ta’limi uchun o‘quv adabiyotlari, uslubiy qo‘llanmalarni chop etish bo‘yicha ixtisoslashgan. Mazkur nashriyot ko‘rgazma-yarmarkada yuzdan ortiq o‘quv adabiyoti bilan ishtirok etmoqda.
– O‘zbekiston keyingi uch yil mobaynida ochiq mamlakatga aylandi, – dedi "Arkus" nashriyotining rahbari Ivan Fadin. – Biz mamlakatingizning noshirlik bozorini atroflicha tahlil etib, uni puxta o‘rganmoqchimiz. Nazarimda, yurtingiz poligrafik bozori g‘oyat katta va rang-barang. Aynan bu jihati biz uchun g‘oyat qiziqarlidir.
Darhaqiqat, noshirlik, kitob targ‘iboti ishining nechog‘li puxta yo‘lga qo‘yilgani ushbu ko‘rgazma-yarmarka orqali ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda mamlakatimizdagi turli nashriyotlarning, kutubxonalarning faoliyatiga batafsilroq nazar tashlash mumkin.
– Nashriyotimiz Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boradi, – dedi "O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Sunnat Xo‘jaahmedov. – Kitoblarning sifati, o‘quvchilarning yoshiga mosligi, uning dizayni, bo‘yoqlarining bolalar sog‘lig‘iga xavf solmasligi kabi jihatlar faoliyatimizning doimiy diqqat markazida.
Ko‘rgazma-yarmarka ekspozitsiyasidagi yap-yangi kitob savdosi va targ‘ibotini joylarda amalga oshiruvchi avtobus – bibliobus hech kimni befarq qoldirmayapti. Uni ko‘chma kutubxona, deb ham atash mumkin. Bibliobusdagi badiiy, ma’rifiy adabiyotlardan ko‘z quvnaydi. "O‘zdavkitobsavdota’minot" mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Ruxsoroy Mahammetovaning aytishicha, joriy yilning aprel oyida ilk safarni Namangan viloyatiga amalga oshirib, yangi-yangi kitoblar targ‘ib etilgan. Hozirga qadar 110 nashriyotning mingdan ortiq kitobi xalqqa yetkazilgan.
Ma’rifiy loyihaning dastlabki taqdimotida "NOVDA Edutainment" kompaniyasining faoliyati, media mahsulotlari, audio kitoblari, jurnallari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma-yarmarkaning birinchi kunida qiziqarli taqdimotlar, yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar bilan uchrashuvlar, o‘quvchi-yoshlar uchun viktorinalar, ijodiy tanlovlar, badiiy ijodiyot bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
www.uza.uz