Nobelning tinchlik uchun mukofotini olishga kimlar haqli?
52 yil davom etgan fuqarolar urushini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos 2016-yili Nobelning Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi. 200 mingdan ortiq kolumbiyalikning umriga zomin bo‘lgan uzoq yillik to‘qnashuv Manuelning fidoyi sa’y-harakatlari tufayli barham topdi. O‘shanda Prezidentning xizmatlarini yuksak baholagan Nobel qo‘mitasi “Bu mukofot, nafaqat Santos, balki kulfat va qiyinchiliklarga qaramay, tinchlikka erishish umidida yashagan Kolumbiya xalqining matonati ramzi hamdir”, degan edi.
Mehnat va izlanishlari yuzaga chiqib, xalq tomonidan e’tirof etilgan kishilarga sovrin yoxud nufuzli mukofot topshirish qadimdan qolgan an’ana. Bugun turli sohalarda joriy etilgan mukofotlarning son-sanog‘i yo‘q. Ularning har biri o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega, ammo Nobel mukofoti ular orasida eng mashhur va nomdori ekani, shubhasiz.
Shved industrialisti va ixtirochisi Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra joriy etilgan Nobel mukofoti beshta yo‘nalish bo‘yicha har yili o‘zining munosib egalariga topshiriladi. Mashhur ixtirochining vasiyatida beshta mukofotdan biri tinchlik uchun berilishi qayd etilgan.
Shvetsiyalik ixtirochi mukofot topshirilishi uchun nega aynan Norvegiyani tanlagani hamon jumboqligicha qolmoqda. Ixtirochining bu qarori borasida taxminlar ko‘p. Balki Nobel Shvetsiyadan farqli, Norvegiyani qadimdan harbiy yurishlardan xoli, tinch mamlakat bo‘lgani bois, mukofot topshirish uchun eng munosib joy deb hisoblagandir. Ammo buning unchalik ham ahamiyati yo‘q, muhimi, mukofot qayerda bo‘lmasin, dunyo bo‘ylab o‘zining eng munosib egalarigagina taqdim etiladi.
Nobelning vasiyati
Mukofot asoschisi Alfred Nobelning doimiy tinchlik tarafdori ekanligi uning dinamit ixtiro qilishi va savdo qurollariga katta pul mablag‘i tikishiga xalal bera olmagan. U o‘zi yaratgan xavfli qurol dushmanlarni qo‘rquvga solishi, oqibatda urush, qo‘poruvchilik harakatlari va qirg‘inlarga chek qo‘yilishidan umidvor edi. Ammo, afsuski, ixtiro insoniyatning yovuz maqsadlariga xizmat qildi.
Kunlarning birida Nobelning akasi Lyudvig Sankt-Peterburgda vafot etadi. Uni Albert bilan chalkashtirgan gazetachilar ixtirochini muddatidan ilgari o‘ldiga chiqaradi. Erta tongda barcha nashrlarda paydo bo‘lgan “Savdogarning o‘limi”, “Qonga belangan boy”, “Dinamit qiroli” kabi sarlavhalar Nobelni gangitib qo‘yadi. Voqeadan qattiq ta’sirlangan olim tarixda faqat qonga belangan millioner sifatida qolishdan qo‘rqib, darhol huquqshunosni chaqiradi-yu, vasiyat yozishga kirishadi. Uning ham istagi, ham talabiga binoan, o‘limidan so‘ng ko‘p millionli davlati ishonchli bankka qo‘yilishi va fond tashkil etilib, tushadigan daromad har yili besh qismga bo‘lingan holda mukofot tarzida berilishi vasiyatga kiritildi. Shu tariqa Alfredning orzusi amalga oshib, uning nomi mashhur mukofot asoschisi sifatida tarixga muhrlandi. Bugun dinamit ixtirochisi nomini hamma ham eslay olmasligi mumkin, ammo Nobel mukofotini hatto bolalar ham biladi.
Mukofot joriy etilgan ilk yillarda beshta nominatsiya — kimyo, fizika, tibbiyot, adabiyot va tinchlikni saqlashdagi yutuqlari uchun sovrin topshirilgan. Keyinroq, 1969-yilga kelib Shvetsiya banki nominatsiyalar ro‘yxatiga iqtisodiyot yo‘nalishini ham kiritishga qaror qildi. Bu yo‘nalish uchun har yili Nobel mukofoti topshirilsa-da, sovrin xarajatlari Shvetsiya fondi tomonidan to‘lanadi.
Nobelning Tinchlik mukofoti
Tinchlik mukofotini berish qarorini muhokama qilish uchun 6 mintaqaning eng kuchli siyosatchilari o‘zaro muzokara olib borgan. Bu masala bo‘yicha ko‘pgina qarama-qarshi fikrlar bildirilgan. Axir bir vaqtlar yer yuzida qonli urushlarni keltirib chiqargan, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan Adolf Gitler, Benito Mussolini va Iosif Stalinlarning Nobelning Tinchlik mukofoti bilan taqdirlanganligini hamon ko‘pchilik hazm qila olmaydi.
Ammo oliy mukofotga loyiq topilganlar orasida tinchlik uchun haqiqatdan munosib hissa qo‘shgan kishilar talaygina edi. 2014-yili Vladimir Putin ham Nobelchilar qatoridan joy oldi. Ammo keyingi yili Pokistonlik o‘n yetti yoshli Malala Yusufzay Putinni ortda qoldirib, Nobel mukofotining eng yosh sohibiga aylandi. Malalaning islom mamlakatlaridagi qizlarning ta’lim olish huquqi uchun olib borgan kurashi jahon e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mukofotning asl nomzodlari
Norvegiya Nobel qo‘mitasi har yili Nobelning Tinchlik mukofoti uchun bir qancha nomzodlar ro‘yxatini taklif etadi.
Qoidaga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxati 1-fevralga qadar taqdim etilishi lozim. Qo‘mita a’zolari orasidan tanlangan nomzodlar ro‘yxati biroz kechikishi va oxirgi muddatdan o‘tishi mumkin, biroq Qo‘mitaning ilk yig‘ilishiga qadar cho‘zilmasligi zarur.
Ma’lumki, Tinchlik mukofoti yer yuzida tinchlik o‘rnatishga o‘z hissasini qo‘shgan insonlarga beriladi. Shunday ekan, mukofot uchun nomzodlar soni u qadar ko‘p bo‘lmaydi. Ammo 2009-yilda nomzodlar soni 209 taga yetib, rekord daraja qayd etilgan. Ahamiyatlisi, nomzodlar haqidagi ma’lumotlar Nobel ustaviga ko‘ra sir saqlanadi. Faqat 1901—1956-yillarda nomzodligi qo‘yilgan kishilar ro‘yxati nashr etilgan. Unda Adolf Gitler singari mashhurlar nomi ham bor edi. Ma’lum bo‘lishicha, uning nomzodi 1939-yilda Shvetsiya parlamenti a’zosi Erik Brandt bilan birga qo‘yilgan. Biroq Brandt o‘z nomzodligiga hech qachon jiddiy qaramagan, hatto, Nevilla Chemberlen nomzodiga norozilik bildirgani uchun soliqqa tortilgan. Shundan so‘ng bir necha kun ichida Brandtning nomzodi olib tashlangan. Nashrda qayd etilgan Stalin va Benito Mussolini nomlari ham mashhurlikda Gitlerdan qolishmasdi. Biroq katta urushlarning boshida turgan bu shaxslarni hamma ham Tinchlik mukofotiga loyiq deb hisoblamaydi. Ammo, gap shundaki, yuqoridagi kabi holatlar, xususan, nomzodlar orasida faqat bir kishining qolishi yoki davr taqozosi bilan nomzodlarning yetarlicha bo‘lmagani Nobel qo‘mitasi a’zolarining tanloviga hojat qoldirmagan.
Mukofot topshirilmaydigan holatlar
Bordi-yu, mintaqalardan mukofotga munosib nomzodlar topilmasa, u shunchaki, hech kimga berilmaydi. Bunday holat tibbiyot yo‘nalishi mukofotida besh marotaba, fizika yo‘nalishida to‘rt marotaba, Tinchlik mukofotida esa undanda ko‘proq kuzatilgan. 1974-yili qabul qilingan qoidada mukofot faqat laureatlar hayot bo‘lgandagina topshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ammo 2011-yilda joriy etilgan qoidani buzishga to‘g‘ri kelgan. Shu yili tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati bo‘lgan Ralf Stayman mukofot topshirilishidan ikki soat oldin saraton kasalligi bilan hayotdan ko‘z yumadi.
Noodatiy nomzod va laureatlar
Nobel mukofoti kamdan kam holatlardagina kimgadir ikkinchi marta topshiriladi. Bunday holat mukofot joriy etilganidan buyon atigi to‘rt marta kuzatilgan. Federik Segner kimyo, Djon Bardin fizika, Laynus Poling esa kimyo va Tinchlik mukofotlarining ikki karra sohibi hisoblanadi. Ular qatorida turuvchi Mariya Sklodovskaya-Kyuri esa Nobel mukofotini ikki marotaba qo‘lga kiritgan yagona ayol hisoblanadi.
Taqdirlash marosimi
Nobelning Tinchlik mukofoti har yili Nobel vafot etgan 10-dekabr sanasida Norvegiya qiroli ishtirokida tantanavor tarzda topshiriladi. Mukofot egasi o‘z sovrinini Norvegiya Nobel qo‘mitasi raisi qo‘lidan olishi odat tusiga kirgan. Aytish joizki, bu — taqdirlash marosimi Stokgolmda bo‘lib o‘tmaydigan Nobelning yagona mukofotidir.
Marosimda Nobel laureatiga diplom, medal, mukofotni tasdiqlaydigan hujjat va, albatta, yirik miqdordagi pul mukofoti topshiriladi. Taqdirlash marosimi Oslo shahrida o‘tkaziladi. Keyingi kuni esa orziqib kutilgan katta konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Dunyoning 150 mamlakatidagi 450 milliondan ortiq xonadonga translatsiya qilinadigan xalqaro ahamiyatdagi konsert dasturiga taniqli mehmonlar hamda san’at yulduzlari taklif etiladi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.