“Kutubxonachi maktabning “yuragi” bo‘lsin”
Bugungi kunda kitobxonlik va mutolaa masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Har bir ta’lim maskanida kitobxonlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozir respublikamizdagi maktab kutubxonalarining ahvoli ancha yaxshilangan, javonlar turli adabiyotlar bilan to‘lgan. Endigi vazifalar o‘qituvchilarning zimmasida. O‘quvchilarni kitobga oshno etish, ular qalbida mutolaaga havas uyg‘otishda, albatta, ustozlarning o‘rni katta. Bu borada hududlarda qanday ishlar olib borilmoqda, maktab kutubxonalari talabga javob beradimi? Shu va boshqa savollarga hozirjavob pedagoglarning mulohazalari tayyor. “Mushtariy muhokamasi” ruknining navbatdagi mavzusi shu haqida.
Gavharshod QURBONOVA, Oqdaryo tumanidagi 11-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Kitob mutolaasi har bir zamon va makonda muhim hisoblangan. Ayniqsa, hozirgi davrda. O‘tgan yili hududimizdagi ziyolilar hamda fermerlar tomonidan maktabimiz kutubxonasiga 100 dan ziyod badiiy kitob sovg‘a sifatida berildi. Kitob topshirish marosimi tantanali suratda bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan o‘quvchilarning aksariyatida kitobga qiziqish uyg‘ondi. Hozir kitobxonlarimiz juda ko‘p. Ular o‘zlariga qiziq bo‘lgan badiiy kitoblarni o‘qiydilar. Men ham yangi o‘quv yilidan o‘zim rahbarlik qilayotgan 2-“D” sinfda kutubxona burchagi tashkil etdim. Ota-onalar homiyligida kitoblarimiz soni 30 tadan oshdi. Darsdan keyin o‘zbek xalq ertaklaridan bittadan o‘qib, bolajonlar bilan ijobiy va salbiy qahramonlarni muhokama qilamiz. O‘quvchilarim kelasi safar qaysi ertakni o‘qiymiz, deb qiziqishadi.
Dildora BEKMURODOVA, Termiz tumanidagi 22-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Nazarimda, uyida kitob o‘qib o‘tirgan yoki gazeta varaqlayotgan ota-ona, bobo-buvilar, hech bo‘lmasa, aka-yu opalarini ko‘rib o‘sayotgan bolada kitobga mehr uyg‘otish imkoniyati ko‘proq. Qolaversa, kitobxonlik, gazetxonlikda, avvalambor, ustozning o‘zi o‘rnak bo‘lishi kerak. Maktab kutubxonachisi esa kuni qog‘ozga ko‘milib o‘tadigan tund qiyofadagi, shunchaki kelib-ketar “aka” yoki “opa” emas, yaxshi ma’noda, haqiqiy kitob muxlisi bo‘lishi, buni atrofidagi bolalarga ham “yonib turgan” ko‘zlari-yu so‘zlari bilan yuqtira olishi kerak. Qisqasi, kutubxonachi maktabning “yuragi” bo‘lsin. Maktab kutubxonalariga kitob sovg‘a qilgan va qilishda davom etayotgan insonlar chuqur hurmatga loyiqdir. Ammo hamma gap bu asarlarning o‘qilishida. Kitob o‘qiyotgan bolakaylar-u yigit-qizlar, ustozlar bundan-da ortiq ehtiromga arziydilar. Taassufki, umrida bir bora badiiy asar o‘qimagan, o‘qisa-da, uqmagan insonlarga rahmim keladi.
Ruxshona NORQULOVA, Olmazor tumanidagi 278-maktabning matematika fani o‘qituvchisi:
— Maktabda ming sharoit yaxshi bo‘lsin, uyda ijodiy muhit bo‘lmasa, hammasi bekor. Maktab davrimni hali-hanuz zavq bilan eslayman. Ziyoli oilada ulg‘ayganim bois, ayniqsa, ta’til payti oilaviy badiiy kitob o‘qirdik. O‘qigan badiiy asarlarimiz yuzasidan birgalikda bahslashardik. Uyimizning yonida kutubxona bo‘lardi. Opam va akam kunora badiiy kitob olib o‘qirdi. Adabiyotga muhabbatimiz cheksiz edi o‘sha paytlarda. Kitob o‘qishning foydasi juda ham ko‘p. Misol uchun, o‘quvchilarning xat-savodi yo‘q deyishadi, kechirasiz-u, ta’lim sohasida ishlayotganlarning savodini ko‘rsangiz, nafratlanib ketasiz ba’zan. Kitob nafaqat dunyoqarashni kengaytiradi, ma’naviyatni o‘stiradi, hayotni to‘g‘ri anglab yetishga o‘rgatadi. Ota-ona farzandi ma’naviyati uchun o‘qituvchilardan-da ko‘proq mas’ul! Shu o‘rinda ota-onamga va o‘qituvchilarimga rahmat aytaman. O‘zim matematik bo‘lsam-da, adabiyotga mehr-u muhabbatim bo‘lakcha!
Madina BAXSHILLOYEVA, Romitan tumanidagi 23-IDUM o‘qituvchisi:
— Maktabimiz kutubxonasi uchun yangi o‘quv yilida kompyuter jihozlari keltirildi. Kutubxonamizda ilmiy va badiiy asarlar talaygina. Endi o‘qituvchi va o‘quvchilar elektron kitoblar, qo‘llanmalar va multimedialardan bemalol foydalanishi mumkin. Maktabimiz ona tili faniga ixtisoslashgan bo‘lib, hozirgi kunda qariyb 500 nafar o‘quvchi tahsil oladi. “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi ostida 300 ga yaqin badiiy adabiyot sovg‘a qilindi. Bu xayrli ishni fan o‘qituvchilarimiz boshlab berdi. Keyin o‘quvchilar, ularning ota-onalari davom ettirdi. Yangi o‘quv yilini ham kitob yarmarkalari bilan boshlab yubordik. Kutubxonada kitoblar soni muhim, ammo sifatli adabiyotlar ro‘yxati tuzilib, ulardan qisqa-qisqa iqtiboslar berilsa, o‘quvchilarning qiziqishi ortadi. Kutubxonachi qizimiz targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchilarimiz bilan to‘garak tashkil etgan, har hafta mashg‘ulotlar olib borishadi. To‘garak a’zolari turli tanlovlar asosida o‘quvchilarni badiiy asarlarni o‘qishga yanada qiziqtiradilar. Faol o‘quvchilarimiz bilan hamkorlikda sevimli nashrimizning “Ma’rifat” kitobxoni” tanlovida muntazam qatnashib kelyapmiz.
Zevarshoh HAMROYEVA, G‘ijduvon tumanidagi 4-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Kutubxonamiz keng, shinam, bir vaqtning o‘zida 20 dan ortiq kitobxon o‘tirib kitob o‘qishi mumkin. Maktabimizda 2 ta an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Har oy bitta sinfga yoshiga qarab bitta badiiy kitob o‘qish tavsiya etiladi. Oy oxiridagi tarbiyaviy soat o‘sha kitob muhokamasiga bag‘ishlanadi. Shunaqa zo‘r dars bo‘ladi, asti qo‘yavering. Yana biri adabiyot darsida o‘tiladigan bitta asar to‘liq onalar bilan birga o‘qiladi. Chorak oxirida esa ushbu asar yuzasidan onalar musobaqasi bo‘ladi. Hatto adabiyot o‘qituvchisi bo‘lmagan boshqa ustozlar qiziqib, maroq bilan kuzatadi. Odatda onalar bilan O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Oybekning “Bolalik”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissalarini ko‘p o‘qiymiz. O‘quvchilarimiz orasida ham kitobxonlar bisyor. O‘tgan o‘quv yilida homiylar tomonidan juda ko‘p kitob sovg‘a qilindi. Biz bundan judayam minnatdormiz. Avvallari darslikda berilgan asarlardan bitta topilardi yoki yo‘q. Endi esa u kitoblardan 2-3 tadan bor. Yuqori sinf o‘quvchilari adabiyot darsligidagi aksariyat asarlarni to‘liq o‘qigan.
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi:
— Dastavval kutubxonachining o‘zi ma’naviy boy bo‘lishi kerak. Kitoblarning mazmunidan xabardor bo‘lsa, o‘quvchining yoshiga moslab kitob tavsiya qila oladi. Baxshilar ham avval dostonlardan parcha kuylab, keyin tinglovchiga yuzlanadi-ku: “Qay biridan aytayin?” deb. Kutubxonachi ham har bir kitob haqida qisqacha ma’lumot bersa, o‘quvchi qolgan ma’lumotni bilishga qiziqadi. Kitobni tamomlagach, o‘quvchi bilan asar haqida fikrlashsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Gulchehra ASHUROVA:
— Yoshligimizda kitob o‘qishni yoki kutubxonaga a’zo bo‘lishni kimdir targ‘ib qilganini yoki maktab kutubxonasiga bugungidek minglab kitoblar sovg‘a qilganini eslay olmaymiz. Hamma o‘zidan bilib kutubxonaga borib, kitob mutolaa qilardi. O‘shanda kutubxonaga boriladigan kunni hayajon bilan kutar edim. Kutubxonadagi ajib bir hid, o‘zgacha muhit, sokinlik, kutubxonachining yoqimli muomalasi hamon yodimda... Bugun maktab kutubxonalaridagi kitob javonlari kitob ko‘pligidan sinay deydi. Ammo kuni internetdan turli ma’lumotlar olish, ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlari bilan suhbatlashishdan ortmaydigan o‘quvchilarimizga kitob o‘qi, deyishning o‘zi kamlik qiladi, hatto ular kutubxonaga oyda bir ham kirmaydi.
Shahnoza AVAZOVA, Pitnak shahridagi 29-maktab o‘qituvchisi:
— Maktab insonning shaxs bo‘lib shakllanishida asosiy poydevor, tayanch vazifasini o‘taydi. Intiluvchan, kitobni o‘zi mutolaa qilib yaxshi targ‘ibot olib boruvchi kutubxonachi, mahoratli, dunyoqarashi keng o‘qituvchi bu imoratning nurab ketmasligini ta’minlaydi. Xalqimiz bejiz “Kitobsiz kalla — giyohsiz dala” demagan. Ko‘pchilik o‘quvchilar ko‘rgazmalarga qiziqadi hamda o‘zi ham shunday rasmlar chizishni yaxshi ko‘radi. O‘quvchilarning kitob o‘qishga qiziqishini oshirishda kutubxonachi o‘sha o‘qigan asarlari, ertak, hikoyalaridagi qahramonlar rasmini chizishni topshirib tanlovlar (“Men sevgan qahramon” va boshqa) e’lon qilsa va o‘quvchilarni rag‘batlantirib borsa, yaxshi natija beradi, deb o‘ylayman. Bu orqali o‘quvchilarning o‘qigan ertak, hikoyalari xotirasida muhrlanib qoladi.
Hafiza RASHIDOVA:
— 1985-86-yillarda oilamiz bilan Moskva shahrida yashadik (turmush o‘rtog‘im harbiy bo‘lgan). Ko‘pqavatli uylar oldidagi o‘rindiqlarda, metrolarda, avtobuslarda o‘tirib gazeta va jurnal o‘qib borayotgan yoki to‘qish bilan shug‘ullanib, har bir daqiqadan unumli foydalanayotgan yosh-u keksani ko‘rib hayratga tushganman. Ayniqsa, yoshi ulug‘ onaxon va otaxonlarning “Правда”, “Известия”, “Аргументы и факты” gazetalarini o‘qib, bir-birlari bilan tahlil qilib o‘tirganini ko‘rib, bu xalq nechog‘lik mutolaani sevadigan ekanligiga amin bo‘ldim.
Mahmuda VALIYEVA, nafaqadagi pedagog:
— Kutubxona — nurxona, deydilar. Maktablarda kitobni sevuvchi, qadrlovchi o‘quvchilar ko‘p. Kutubxonalarda ham kitoblar yetarli. Faqat ikkita muammoni aytaman. Birinchisi, aksariyat kutubxonalarning o‘quv zali juda tor. Ko‘p maktablarda bo‘lganman. Deyarli barchasida bir xil holat: sinfxona kattaligidagi kutubxonada 4-5 ta stol yoki parta, 8—10 ta stul bilan kifoyalanilgan. 1500—2000 nafar o‘quvchi o‘qiydigan maktablar uchun, albatta, bu achinarli. Kutubxonalarda 50—60 o‘quvchiga mo‘ljallangan alohida o‘qish zali bo‘lsa, maqsadga muvofiq. Ikkinchi muammo, maktab kutubxonalarida kutubxonachilar 1 yoki 2 nafar bo‘ladi. O‘quvchi soniga qarab, bu shtatni ko‘paytirish kerak. Birgina kutubxonachi minglab o‘quvchilarga kitob tarqatadi, ota-onalar bilan shartnoma tuzadi, ijara pullarini bankka topshiradi. U qachon o‘quvchilar bilan ishlaydi? Qachon o‘zi ham kitob o‘qiydi? Qolaversa, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, yangi asarlar taqdimoti, gazetalar sharhi, turli tanlovlar, adabiy-badiiy kechalar o‘tkazish ishlariga ham kutubxonachi mas’ul etilishini taklif qilgan bo‘lardim.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktabning rus tili o‘qituvchisi:
— Hozir kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi ancha yaxshilangan. Javonlar kitoblar bilan limmo-lim. Ammo qishloq maktablarida ahvol o‘sha-o‘sha. Kutubxonalarda uzog‘i bilan 8—10 nafar o‘quvchi mutolaa qilishi mumkin. Shunday sharoitlarda ham kitobga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar mutolaadan to‘xtagani yo‘q. Chunki ularda vaqtni havodek sarflayotgan internet, zamonaviy telefon, kompyuterlar yo‘q. Shahar maktablaridagi o‘quvchilar biror ma’lumot kerak bo‘lsa, darrov internet titkilashadi. So‘zim isboti sifatida aytishim mumkinki, yaqinda respublika maktablarining umumiy reytingi e’lon qilindi. Chekka tuman va qishloqlardagi maktablar yuqori natijalarni ko‘rsatdi.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.