Prezident qarori maktabdan tashqari ta’limdagi muammolarga nuqta qo‘yadi
Ayni paytda yurtimizda 215 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi mavjud bo‘lib, texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya hamda sport yo‘nalishlari bo‘yicha 5 844 ta to‘garakka 153 356 nafar o‘quvchi-yosh qamrab olingan. Har gal “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyati bilan qiziqqanimizda ulardagi mavjud og‘ir shart-sharoit, texnik yo‘nalishdagi to‘garaklarda xomashyoning yetishmasligi, oylik maoshning kamligi sabab kadrlar qo‘nimsizligi kabi muammolar kishini o‘ylantirib qo‘yardi. Shunday bo‘lsa-da, bunday maskanlarda sadoqat bilan mehnat qilib, umrini bolalarga kasb-hunar, chet tili, texnika va san’at sirlarini o‘rgatishga bag‘ishlayotgan fidoyi insonlarni ko‘rib, ko‘ngil bir qadar taskin topardi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabdan tashqari ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, ularda xizmat qilayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish borasidagi ayni kutilgan qadam bo‘ldi. Qarorga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha “Barkamol avlod” respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil etiladi. Bu esa uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatishning yagona tizimini joriy qilish va ajratilayotgan budjet mablag‘laridan unumli foydalanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari” tashkil etiladi.
Bugungi kunda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, ajdodlarimiz yashagan muqaddas qadamjolarni ziyorat etishga keng e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘quvchi-yoshlar qalbida ona yurtga sadoqat va muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Qarorda bu jihat ham e’tiborga olingan. Xususan, bolalar turizmini tizimli rivojlantirish maqsadida 2020–2023-yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100–200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari” tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. “Bolalar sayyohlik bazalari” “Barkamol avlod” bolalar maktablarining “Yosh sayyoh”, “Yosh ekskursovod”, “Yosh o‘lkashunos” to‘garagi a’zolari uchun o‘lkamiz tarixi, qadimiy va muqaddas qadamjolar, milliy urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va asrash, bolalar o‘rtasida ekologiya hamda sayohat qilish madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etiladi.
O‘quvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish, shu jumladan, dunyo bozoriga milliy an’analarimiz asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak a’zolari tomonidan yaratilgan mahsulotlarni olib chiqish maqsadida “Art shop” elektron do‘konlari tashkil etiladi.
— Qarorda belgilanishicha, 2020- 2021-o‘quv yilidan boshlab, barcha “Barkamol avlod” maktablarida STEAM ta’lim dasturi joriy etilib, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi. Shuningdek, A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Maktabdan tashqari ta’lim tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish” kafedrasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi — zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida, shu jumladan, masofaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan to‘garaklar yo‘nalishlari bo‘yicha xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishdir, — deydi Xalq ta’limi vazirligining maktabdan tashqari ta’lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Qoraboyev. — Shu vaqtgacha xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida xizmat qiluvchi oliy ma’lumotli mutaxassis, to‘garak rahbarlari va kutubxonachilarni yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash hamda ularning muntazam kasbiy malakasini oshirib borish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Kafedra “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlari, to‘garak rahbarlarining malaka-
sini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Qaysi soha bo‘lmasin, xodim o‘z mehnatiga yarasha haq olmasa, xizmati va fidoyiligiga munosib rag‘bat ko‘rmasa, ishida unum bo‘lmaydi. Bu holat uning ishchanlik kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Shu bois “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining ijtimoiy holatini yaxshilash, samarali mehnat qilishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida Prezidentimizning mazkur qaroriga binoan 2020-yil 1-yanvardan boshlab direktor va direktor o‘rinbosarlarining ish haqi 1,55 baravar, to‘garak rahbarlariniki esa 1,5 baravar oshiriladi. Instruktor-uslubchilar va uslubchilar ish haqi to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtiriladi.
— Ushbu qaror maktabdan tashqari ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi ustozlarni quvontirgani rost. Sababi shu vaqtgacha texnik yo‘nalishdagi to‘garaklar arang ishlardi. Bolalar kelib, nimadir yasashni o‘rganishni xohlar, biroq xomashyo topish muammo bo‘lgani bois murabbiylar qiynalardi. Endi xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘quvchilarining muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy ta’minot yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ulotlarda foydalanishi hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan, biroq respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar o‘rnatilgan tartibda xarid qilinadi. Bu esa texnik yo‘nalishdagi to‘garaklar ishini ancha osonlashtiradi, — deydi “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazi rahbari Xadicha Zokirova.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri