Oldimizda oqqan suvni qadrlaylik
Suv — hayot manbai! Bu jumla zamiridagi ma’noni bahorda umid bilan yerga urug‘ qadab, yozda qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan, bir tupini palon puldan olgan ko‘chatining suv yetishmaganidan qovjirab qolgan barglariga qarab yomg‘ir tilagan dehqonchalik teran anglaydiganlar kam topiladi. Mamlakatimizda aholi sonining o‘sishi va sanoat rivojlanishi bilan bog‘liq holda suvga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, qishloq joylarda bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aholining kerakli miqdordagi suv resurslariga bo‘lgan talabini qondirish birinchi darajali vazifalardan.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali hamda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” BMT Taraqqiyot Dasturi aynan shu masalaga qaratilgan. Dastur o‘zaro bog‘liq uch komponent — “Suv resurslarini boshqarishning milliy tizimi va suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish”, “Texnik salohiyatni mustahkamlash”, “Xabardorlikni oshirish” komponentlari doirasidagi ishlarni amalga oshirgan holda, suv xo‘jaligi sohasiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi milliy suv havzalari va fermer xo‘jaliklari suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha tashkilotlarning texnik salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, o‘quv dasturlarini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan milliy muassasalarning salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Mazkur dasturning 2- va 3-komponentlari doirasida Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida media-tur bo‘lib o‘tdi. Mazkur media-tur doirasida barcha turdagi respublika ommaviy axborot vositalaridan vakillar ishtirok etishdi.
BMT Taraqqiyot Dasturi loyiha rahbari Ulug‘bek Islomovning ta’kidlashicha, suv resurslarini boshqarishda texnik salohiyatni mustahkamlash uchun respublikamiz hududidan Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari tanlab olingan. Ushbu viloyatlarning irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bilan hamkorlikda suv ta’minoti va suv resurslarini samarali boshqarish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha ish olib borilayapti.
Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan amalga oshirilayotgan 3-komponent doirasidagi Suvni tejash bo‘yicha xabardorlikni oshirish (UzWaterAware) loyihasining ahamiyati haqida mazkur loyiha ekspertlari Rezida Erdman va Yekaterina Ustinenko gapirib berdi.
Media-tur davomida jurnalistlar Yangibozor tumanidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini borib ko‘rdilar. Dastlab, “Bo‘zqal’a” suv iste’molchilari uyushmasi faoliyati bilan tanishildi. Uyushma 2300 gektardan ziyod maydonni suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi. 15 ta paxtachilik va g‘allachilik, 8 ta bog‘dorchilik, 2 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatuvchi ushbu hududga uzunligi 6,9 kilometr bo‘lgan “Bo‘zyop” kanali orqali suv keladi.
“O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan 2-komponenti doirasida mazkur kanal tozalandi. “Bo‘zyop” kollektoriga sekundiga 500 litr suv tortish quvvatiga ega 2 ta nasos o‘rnatildi. Shuningdek, miroblarning ishini yengillashtirish maqsadida uyushmaga 1 ta uch g‘ildirakli, ya’ni kajavali mototsikl, 5 ta velosiped taqdim qilindi. Hududga 15 ta suv o‘lchash uskunalari o‘rnatildi, yana 15 tasini olib kelish mo‘ljallanmoqda. Boshqarmada “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponent doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, nasos stansiyalari, yirik suv omborlari va gidroinshootlardan samarali foydalanish, suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida viloyat suv xo‘jaligi mutaxassislari va rahbar xodimlari ishtirok etishmoqda. Mashg‘ulotlarni Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari olib borishyapti.
— Seminar-treninglar faqat ma’ruzalardan iborat bo‘lib qolmay, suhbat, munozara usulida olib borilmoqda, – deydi Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Otaxon O‘rozov. – Bu esa mutaxassislarimizni faol ishtirok etishga undaydi. Umid qilamizki, ikki kunlik seminar tizimdagi tashkilotlar mutaxassislari uchun foydali bo‘ladi. Ular sohadagi o‘zgarishlar bilan tanishib, yangi bilimlarni o‘zlashtiradilar.
Surxondaryoda bo‘lib o‘tgan media-turda ham ta’mirlash uchun chekka hududdagi suv inshootlari tanlab olinganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Sherobod tumanidagi “Tallashqon kelajagi” suv iste’molchilari uyushmasi binosi “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponenti doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida ta’mirdan chiqarilib, kompyuter va jihozlar bilan ta’minlangan. Media-tur ishtirokchilari mazkur uyushma faoliyati bilan tanishar ekan, miroblar bilan suhbatlashdi.
BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida “Tallashqon kelajagi” SIU hududidagi 5 ta xonadonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi taqdim etilgan edi. Sherobod tumani Bog‘obot mahallasida yashovchi Abduraimovlar xonadoni shular jumlasidan.
— Tomchilatib sug‘orish tizimi juda foydali ekan. Avval ariqqa suvga chiqardik. Vaqtim ariqma-ariq suv poylashga ketib qolardi. Agar bu tizimdan to‘g‘ri foydalansa bir yilda uch marta hosil olsa bo‘lar ekan, - deya Adburaimovlar oilasi bir yillik tajribasini o‘rtoqlashdi. — Yoz vaqtida suv tanqis bo‘ladi. Bu yil bizga ariqda suv bor yo‘qligi bilinmadi. Tomchilatib sug‘orishning qulayliklari ko‘p ekan. Begona o‘tlar ko‘p o‘smaydi, hosil ham yaxshi.10 sotix maydondan 1 tonna pomidor oldik.
“Tallashqon kelajagi” SIU ikki ming gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi. Hududning asosiy suv manbai bo‘lgan “R-20” kanali 1976 yilda qurilgan bo‘lib, keyingi yillarda ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Suv yo‘qotishlari ko‘p bo‘lganidan quloqning oxiridagi fermer xo‘jaliklariga suv yaxshi yetib bormas edi.
BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida mazkur kanal ta’mirdan chiqarildi. Natijada suv yo‘qotishlarining oldi olindi, suv mo‘l bo‘lganidan eng chekka hududlardagi maydonlarda ham ekinlar yaxshi rivojlandi. Ayniqsa, fermerlar bu yil paxtadan yuqori hosil kutishmoqda.
Paxtalarimizni bir marta suvlab qolardik. 10 sentner hosil olardik. Kanal nosoz bo‘lgani uchun suv yetib bormay yo‘lda qolib ketar edi. Ta’mirlangandan so‘ng mana uch martagacha sug‘orishga ulguryapmiz. Suv yaxshi yetib boryapti, hosil 25-30 sentnerga chiqdi, - deydi “Islohot yo‘li” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Hayitov.
Shuningdek, loyiha doirasida hududlardagi maktab o‘qituvchilari uchun “Atrof-muhitni muhofaza qilish omillari” mavzusida eko-dars bo‘lib o‘tdi.
— Mazkur eko-dars zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur Markaziy Osiyoda jumladan O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv zahiralarini avaylash ayniqsa qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududlarda va suv tanqisligi bor joylarda maqsadli foydalanish masalalariga qaratilgan, - deydi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori, trening Saida Sulaymonova. — Eko-dars oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad — maktab o‘qituvchilarini va universitet professor-o‘qituvchilarining suv savodxonligini oshirish va bu orqali o‘quvchi va talabalar savodxonligini oshirish. Suvni maishiy, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida qanday texnologiyalarni qo‘llab tejash mumkinligi, kundalik hayotimizda qanday avaylashimiz mumkinligiga qaratilgan. Yevropa ittifoqi davlatlari amaliyotidan kelib chiqqan holda o‘tilmoqda.
Mazkur loyiha suvdan oqilona foydalanish, uni tejab ishlatish usullarini aholi orasida targ‘ib qilish va o‘rgatishi bilan alohida ahamiyatga molikdir. Mutaxassislarning aniqlashicha, yaqin uch yil ichida O‘zbekiston suv tanqisligidan aziyat chekadigan davlatlar qatoridan joy oladi. Shunday ekan, suvni oldimizda oqib turganida qadriga yetaylik.
Charos YOQUBOVA