“Har qanday chegaralashga qarshiman, ammo...”
O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov bilan gurung
— Mahmud aka, kosmik kemani atmosferadan tashqariga chiqarib yuboradigan kuchni insonning bolaligiga qiyoslash mumkin. Odam bolaligida oladigan quvvat — energiya juda katta narsa. Bolaligingizni qanday xotirlaysiz? Umuman, bolalik, maktab davrlaridan qanday unutilmas xotiralar qolgan?
— Bolalik xotiralarisiz nafaqat ijodkor, balki har qanday insonning hayotidan mazmun ketsa kerak. Bolaligimni, bog‘chaga qatnaydigan kunlarimni yaxshi eslayman. Men va ukam Musulmon ikkimiz ham boshqa bolalar kabi bog‘chaga borishni istamasdik. Nega shunday ekan-a? Onaning issiq bag‘rini, mehrini baribir hech narsa bosolmaydi-da. Ammo... hayot bilan hisoblashish zarur. Biz bog‘chaga bitta shart bilan borishga rozi bo‘lardik: bog‘cha opalar tush payti uxlatmasa, boramiz, derdik va bunga otamni ko‘ndirardik. O‘zimizcha, albatta. Qayoqda, birinchilardan bo‘lib uxlaydigan biz bo‘lardik. Onam bog‘chada ishlardi.
Keyin maktabga chiqdik. Maktab... bu endi bog‘cha emas. Biz ham bog‘cha bolasi emasmiz. Lekin maktabning boshlang‘ich pallalarini unchalik ham yaxshi eslolmayman. O‘sha paytlari otam uch-to‘rt yil qattiq kasal bo‘lib yotib qolgandi. Hamma otam bilan ovora edi. Uch yo to‘rtinchi sinfdaligimda Yangi yil bayramida maktabdan menga har xil kiyim-bosh, arzon poyabzallar berishdi. Yaxshi o‘qiganing uchun, deb taqdim qilishdi bu narsalarini. Albatta, g‘ururlanib uyga olib kelganman kiyim-kechakni. Biroq... onam rahmatli juda orkash ayol edi. Olib kelgan narsalarimni qo‘limga tutqazib, meni maktabga qaytarib yubordi. Borib muallimga tashlab keldim barchasini. Keyin bilsam, bunday sovg‘alar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlariga berilarkan. O‘sha mahallarda otam qattiq betob edi. Muallim shuni yuz-xotir qilganmi, qaydam... Rahmatli bo‘lib ketdi, juda mehribon, oqibatli kishi edi ustozimiz Ne’mat aka Ortiqov.
Juda yaxshi o‘qiganman. Ayniqsa, aniq fanlarga ishtiyoqim bo‘lakcha edi. Geometriyani zo‘r bilardim. Har bir ko‘rgan binomi, inshootning tasvirini o‘ziday qilib chizib berolardim. Rassom bo‘lmoqchi edim, aslida. Hozir ham biror binoning tarhini bir qarashda eslab, diagonalini chiqaraman. Ochig‘i, o‘quvchi uchun o‘qituvchining salohiyati, fidoyiligi — birinchi o‘rinda. Chizmachilik degan fan bor, bilasiz. Agar matematika muallimimiz yanada yaxshiroq ta’lim berganida, balki rassom yoki arxitektor bo‘lishim ham mumkin edi.
Qishloqda udum darajasidagi bir zo‘r narsa bor. Maktab bitiruvchilari o‘qishga jo‘nab ketishgach, butun qishloqda duv-duv gap boshlanadi: falonchining o‘g‘li falon joyga o‘qishga topshiribdi, falonchi kirolmabdi. Mandatdan yiqilibdi va hokazo... Men matematika o‘qituvchimiz bilan bitirish arafasida biroz qizarishib qoldim. Chunki u kishi xuddi o‘chakishganday menga “3” baho (attestatimda qolgan baholarimizning barchasi “5” edi.) qo‘ydi. Shunda men 17 yashar yigitcha, muallimga: ko‘rasiz, men besh yilda shu maktabda ish boshlayman, shu bu yil o‘qishga kiraman, deb achchiq qilib gap aytganman. Farishtalar omin deganmi, 60 boladan faqatgina men shu yilning o‘zida Nizomiy nomidagi pedagogika institutining boshlang‘ich musiqa ta’limi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Butun maktab bo‘yicha faqat men talaba bo‘lgandim.
— Bilishimizcha, siz dastlabki faoliyatingizni maktabda musiqa muallimi sifatida boshlagansiz? O‘sha davrdagi faoliyatingiz haqida, o‘qituvchilikning zahmati xususida fikrlaringiz qanday?
— O‘qituvchilik yillarim haqida, umuman, o‘qituvchi haqida so‘zlash, fikrlashish menga doim qiziq. O‘qishni tugatgach, maktabga musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishga bordim. Menga yomon baho qo‘ygan o‘qituvchimiz bu paytda direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ekan. Endi men o‘qituvchi, u kishi rahbar.
Konspekt degan narsa bor. Barcha o‘qituvchilar shuni to‘ldirishi shart. 45 daqiqalik darsning salom-alikdan boshlab, savol-javob, kelgusi darsning vazifalari, uy ishi-yu xayrlashishgacha bo‘lgan hamma jarayon shu konspektda jam bo‘lishi kerak. Maktabda 12 yil dars bergan bo‘lsam, aynan shu narsaga qarshi bo‘ldim. Tasavvur qiling, sizning konspektingizda har bir daqiqa hisobli. Lekin sinfxonaga kirgan paytingizda ikki bola bir-biri bilan mushtlashib yoqavayron bo‘lib turibdi. Dars ishlanmasida yo‘q-ku bu ur-to‘polon. Yoki endi darsni boshlagan pallangizda biror o‘quvchi kechikib keladi. Muallim u bilan kamida ikki daqiqa mashg‘ul bo‘ladi. “Nega kechikding?”, “Sigirimiz bo‘shalib ketdi?”, “Nimaga bo‘shaladi?”... Konspekt nima bo‘ldi endi? Shuning uchun ham konspektga qarshi bo‘lganman. O‘qituvchi bo‘lgan paytimda biror marta o‘quvchiga uy vazifasi bermaganman. Beradiganimni ham, so‘raydiganimni ham shu darsning o‘zida berib olganman. Chunki o‘quvchi xavotir bilan maktabga kelmasligi kerak. Masalan, adabiyot, musiqa, tasviriy san’at. Muallim zo‘r bo‘lsa, topshiriqni ham, vazifani ham shu darsning o‘zida bera olsin. O‘quvchiga erkinlik, ijodiy erkinlik kerak. Muallim faqat tavsiya qilishi lozim. Dars o‘quvchini shunchalik o‘ziga tortsinki, keyingi saboqni intiq bo‘lib kutsin...
Gap ta’lim tizimi xususida ketarkan, bir dolzarb masalani aytmoqchiman. Bugun yomon narsa urfga kirdi: o‘qituvchi o‘quvchini qattiqroq urushsa yoki tarsaki tushirib, qolsa bechora muallimning boshida kaltak sinadi. Ota-ona uni sudga berishdan ham qaytmaydi. Bu ham bo‘lsa, o‘qituvchining obro‘siga yomon ta’sir qiladi. Qadimdan shunday gap bor: ustozga o‘z farzandini topshirgan ota-ona “Ustoz, bolamizni bizga tarbiyali, bilimli odam qilib bering. Eti sizdan, suyagi bizdan!”. Qani bu tutumlar! Yaqinda bir sport ustasi bilan suhbatlashib qoldim. Bilasiz, sportchilar ertaroq sahnadan ketadi. Faoliyatini yakunlagan sportchi ukamiz maktabga jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga kiribdi. 5-sinf o‘quvchilarini sport zalida mashg‘ulotdan oldin qizishib olish uchun yugurtirayotsa, bir o‘quvchi ataylab, o‘zini ko‘rsatish uchun sekin yuraveribdi. Qolganlar esa terlab-pishib yuguryapti. Bu kishim esa arbonglab, o‘qituvchiga qo‘lingdan nima keladi, deganday qilib yuribdi. Shunda bolaning shumligini sezib tursa ham, unga e’tibor qilmay, “Ha, Falonchiyev yugur, yugur”, deb yelkasidan tutib, birga qo‘shilib chopa boshlabdi. Aynan shuni kutib turgan shumg‘iya bola yerga o‘mbaloq oshib voy-voylagancha yotib olibdi. Ertasiga o‘quvchining pensiyadagi buvisi ayyuhannos solib maktabga kelibdi. Butun maktab jamoasi yig‘ilgan. Buvi baralla o‘qituvchiga tashlanibdi: “Mening bolamni nega urasan? Qo‘ling akashak bo‘lgur...”. Sport ustasi bo‘lgan bechora muallim zo‘rg‘a qutulibdi. Buni qanday baholash kerak?! Har kimning farzandi o‘ziga aziz, lekin uning tarbiyasi undan-da aziz emasmi?! Men bu bilan bolani maktabda urish kerak demoqchimasman. Ammo muallim degan nomni ko‘tarib yurgan ziyolining nufuzi xalqning saviyasini, obro‘sini belgilashini ham unutmasak, yaxshi bo‘lardi. O‘qituvchilar jamiyatimizda eng nufuzli odamlar bo‘lishi kerak. O‘qituvchilikni sharafli kasb, deymiz. O‘qituvchi hosilini o‘n besh-yigirma yilda teradi, deymiz. Birovning farzandini o‘z farzandiday ko‘rib, unga ham bilim berib, ham mehr berish uchun inson daryoqalb bo‘lishi kerak. Orada o‘qituvchilarimizning obro‘si anchagina tushib ketdi, bilasiz. Lekin Prezidentimizga rahmat. O‘qituvchi uchun noloyiq bo‘lgan ko‘pgina yumushlarga barham berdi. Uning qaddini ko‘tardi. Maoshlari ham, bilishimcha, ancha yaxshilandi. Bu narsalar faqat muallimning yutug‘i emas, butun xalqning yutug‘i.
— O‘zingiz o‘qigan maktabga oxirgi marta qachon bordingiz?
— Yaqindagina bordim. Bir oy ham bo‘lmadi. Har gal yurtga borganimda maktabga kiraman, desam ham bo‘ladi. Chunki “Ana, Mahmud Namozov! Shu odam ham bizning maktabda o‘qigan”, degan so‘zlarni bolalarnig yuz-ko‘zidan o‘qiyman. Ularga kitobmi, boshqa biror foydali sovg‘ami berishga, hech bo‘lmaganda bir og‘iz iliq gap aytishga intilaman.
— El oldiga ko‘krak kerib chiqqan har bir san’atkor ham, shoir yo adib ham qay ma’noda ustozlik yukini gardaniga olgan bo‘ladi. Biror taniqli insonning har bir harakati o‘zgalarga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, bugungi shou-biznes vakillarining elimiz, yoshlarimiz taribyasiga ta’siridan qoniqasizmi? Bu jumlaga seriallar va filmlarda rol o‘ynab obro‘ qozonayotgan yulduzlarni ham qo‘shish mumkindir...
— Ushbu savolingizni ham bevosita ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq, deb hisoblayman. Albatta, har bir avlodning o‘z kumiri bo‘ladi. Bugun sahnaga chiqayotgan har bir qo‘shiqchi chuqur his etib olishi kerak. Uning ust-boshi, ovqatlanishi-yu gapiradigan gapi atrofdagilarga, ayniqsa, yoshlarga qiziq. Hatto o‘rnak ham. “Bizning farzandlarimiz kimga havas qilaypti, kimlarga taqlid qilmoqda?” degan savol esa ota-ona uchun doim muhim bo‘lishi shart. Shu o‘rinda shou-biznes vakillarining yoshlar tarbiyasiga yomon ta’siri xususida ko‘p bor aytilayotganini inobatga olib, bir narsani aytmoqchiman: biz farzandlarimizga shunday bilim, tarbiya beraylikki, ular o‘sha kattalar bema’ni deb hisoblayotgan “yulduzchalar”ning ustidan kuladigan darajaga yetsin. Qulog‘iga sirg‘a taqqan devday yigit yoki badaniga tatuirovka chizib olgan birorta bemaza “shou”chiga kulib qaraydigan bo‘lsin.
— Demak, buning uchun ham maktab birlamchi ekan-da...
— Albatta. Maktab — millatning eng birinchi qo‘rg‘oni. Nima topsak, nima yo‘qotsak, shu yerda ro‘y beradi barchasi. Bilim degani, farosat degani eng asosiy boylik. Bunga ega bo‘lgan bolani laqillatib bo‘lmaydi. Yana aytishni istardimki, men har qanday chegaralashga qarshiman, har qanday cheklovlarga qarshiman. Biz didimizni, bilimimizni oshirib olsak, o‘sha zamonaviylik deb turli qusurlarni urchitishga harakat qilayotganlarning ham qo‘lidan hech balo kelmaydi. Cheklovlarga qarshiman deganim hamma bilganini qilsin, degani emas, albatta. Biz chegaralashga emas, haqiqiy ta’limga erishsak, xavotirga o‘rin qolmaydi.
— Mana, ustozlar bayrami arafasida turibmiz, bu ayyomda ustozlarga aytar so‘zingiz?
— Bir muallimimiz bor edi. Har kuni maktabga uyimiz yonidan o‘tardi. Uning o‘tish vaqti qishin-yozin bir xil vaqtga to‘g‘ri kelardi: roppa-rosa 7:30. Odamlar falonchiga qarab soatni to‘g‘irlasa bo‘ladi, deyishardi...
Bunday ustozlar nafaqat maktabda, balki oliy dargohlarda, boshqa muassasalarda ham topiladi. Ana shunday zahmatkash kishilar bor bo‘lsin! Xalqimizning baxtiga ularning oilasi tinch, farzandlari salomat bo‘lib, doimo shogirdlar uchun, Vatan taraqqiyoti uchun mehnatdan tolmasinlar!
Shodmonqul SALOM suhbatlashdi.