Ijodkor o‘qituvchilar anjumani
O‘qituvchilar orasida ijodga ishtiyoqmandlari ko‘p. Gazetamizning aksariyat faol mualliflari ana shunday ijodkor muallimlardir. Ular mashaqqatli va sharafli kasb faoliyatidan ortib, tahririyatimizga turli dolzarb mavzulardagi maqolalarini, she’r-u hikoyalarini, badiiy-publitsistik materiallarini yuborishadi, gazetamizning “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat mushtariylari” guruhida ham qator mavzularda o‘z fikr-mulohazalarini bildirishadi. Muallimlarning ijod namunalari, taklif-mulohazalari nashrimizning “O‘qituvchi minbari”, “Qo‘ng‘iroq chalinguncha”, “Ma’rifatga maktublar”, “Dolzarb mavzu”, “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?”, “Mushtariy muhokamasi” ruknlari ostida muntazam e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida 10-11-oktabr kunlari o‘tkazilgan “Ijodkor o‘qituvchi” respublika seminari ham ijodga ishtiyoqmand muallimlarni bir joyda jamladi.
Dastlabki kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan taklif etilgan ijodkor o‘qituvchilar va taniqli shoirlar ishtirokida “Do‘rmon” ijod uyida “Do‘rmon oqshomlari” she’riyat kechasi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar 11-oktabr kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga bordi. Shundan so‘ng Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar mamlakatimiz ta’lim sohasidagi islohotlar, o‘qituvchi-murabbiylar nufuzini oshirish borasida bajarilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi.
Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar “She’riyat”, “Nasr”, “Publitsistika” va “Adabiyotshunoslik” sho‘balariga bo‘lindi. Sho‘balarda belgilangan yo‘nalish bo‘yicha taniqli yozuvchi-shoirlar, publitsistlar, adabiyotshunoslar mashg‘ulotlar olib bordi.
— Ijodkor o‘qituvchining darsi, nazarimda, boshqa muallimlar saboqlaridan farq qiladi, — deydi Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon. — U xoh fizika o‘qituvchisi bo‘lsin, xoh adabiyot muallimi — o‘quvchi uning dars soatini intiq kutadi. Mening ijod yo‘lini tanlashimga sababchi ham adabiyot o‘qituvchimiz. Bunday o‘qituvchilar dars o‘tish bilan birga maktablarda o‘tkaziladigan badiiy kechalar, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali o‘g‘il-qizlarda adabiyotga, san’atga, mutolaaga qiziqish uyg‘otadi. Mana, “She’riyat” sho‘basini olaylik. Ishtirokchilar orasida yetuk ijodkorlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, ularning ijodi hech bir taniqli shoir she’ridan kammas. Biz shunday ijodkor o‘qituvchilarni saralab olib, ularni Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga tavsiya etishni, har tomonlama rag‘batlantirishni maqsad qilganmiz. Ko‘p yillardan buyon o‘tkazilmayotgan seminarni qayta tiklashdan muddao ham shu.
Kunning ikkinchi yarmida o‘qituvchilar uchun G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga sayohat uyushtirildi. Mazmunli sayohatdan so‘ng ishtirokchilar Uyushma muassisligidagi adabiy nashrlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi, nashrlar xodimlari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
— Bu seminar ijodkor hamkasblar bilan fikrlashish, yangi saboqlar o‘rganish uchun ayni muddao bo‘ldi, — deydi Ishtixon tumanidagi 35-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Muhabbat To‘xtasheva. — Taniqli ustoz shoirlar, yozuvchilar bilan adabiyot borasidagi suhbatlar katta taassurot qoldirdi menda. Ijodimizni hamkasblar ijodi bilan taqqoslash, o‘z ustimizda ishlash imkoni yaratilganidan xursandmiz. Bunday seminarlarning o‘tkazilishi ijodkor muallimlar safi kengayishiga xizmat qiladi, shubhasiz.
Seminarda faol qatnashgan ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Sardor MUSTAFOYEV