Qiz bola — chiroyli muqova
Hassos yozuvchi Abdulla Qahhorning shunday iborasi bor: “Qiz bola degan nom — chiroyli muqova, uning ichida muqovadan-da go‘zal mazmun bo‘lishi yoki hech narsa bo‘lmasligi ham mumkin”. Bu o‘rinda yozuvchi qiz bolaning ma’naviyatiga, ichki madaniyatiga va oilasida olgan tarbiyasiga ishora qilgan. Hozir ayrim qizlarning jamoat joyida yurish-turishi, o‘zini tutishi, atrofdagilar bilan muomalasini ko‘rib, muqovaning ichi bo‘m-bo‘sh ekanligiga amin bo‘lasiz.
Bir narsani ko‘p kuzatganman, oilada buvisi bor qizlarning tarbiyasi boshqacha bo‘ladi. Sababi buvilar ishlaydigan, vaqtining ko‘p qismi ishda o‘tadigan onalardan ko‘ra qiz nevaralari bilan ko‘proq shug‘ullanishga vaqt topadilar. Yana bir narsani unutmasligimiz kerak: ular bu vazifaga mas’uliyat bilan yondashadilar. Qizlarga o‘git berishda xalq rivoyatlari, udum va an’analarga ko‘proq urg‘u beradilar. Shuning uchun ham ularning tarbiyasi besamar ketmaydi. Bugungi kun qizlarining yurish-turishlariga qarab, kundalik hayotimizdagi voqealar va xalq rivoyatlaridan foydalanib fikrlarimni tushuntirishga harakat qilaman.
Farzand tarbiyalab voyaga yetkazar ekanmiz, uning xushxulq, odobli bo‘lishini orzu qilamiz. Yaxshi tarbiyalash evaziga jannat va’da qilinayotgan qiz bola tarbiyasi esa, o‘z navbatida, ancha murakkab ish ekani yaxshi ma’lum. Chunki qiz bola — bo‘lg‘usi ona, farzandlarning qanday tarbiya olishi esa, asosan, onalarga bog‘liqligi kunday ravshan. “Ota bilimli bo‘lsa, farzand bilimli bo‘ladi, ona bilimli bo‘lsa, millat bilimli bo‘ladi”, — deydi dono xalqimiz. Yana mutafakkirlardan shunday iqtibos keltirish mumkinki: “Tarbiyachi, avvalo, o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim”.
“Kiyimga qarab kutib olinadi...”
“Kiyimga qarab kutib olinadi, aqlga qarab kuzatiladi”, degan maqolni ko‘pchilik ayollar boshqacha tushunadi. Xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho kiyim kiyib yurish inson qadr-qimmatini belgilaydi, deb o‘ylaydiganlar ham topiladi.
Avtobus o‘rindig‘iga bemalol joylashib olgan ikki qizning suhbatini tinglab ketyapman. Tinglamaslikning iloji yo‘q. Chunki avtobusda odam ko‘p. Qo‘limda salmoqligina sumkalar bilan ularning tepasida turibman. Ularning o‘zini tutishi ham, kiyinishi ham g‘alati. Qizg‘in suhbat hozir aynan shu kiyimlar haqida ketyapti.
— Shimingni yaqinda oldingmi? Avval ko‘rmagan ekanman.
— Hmmm, yaqinda oldim.
Beixtiyor qizning shimiga ko‘z tashlayman. Tizzalari yirtilgan, ilma-teshik. Yaqinda olinganiga ishonish qiyin.
Yirtiqdan oyoqlari bemalol ko‘rinib turardi...
— Shimni olishga oldim, ammo uni bu holga keltiradigan chevar bilan kelishishim qiyin bo‘ldi, — qiqirlab kuldi qiz. — Shimni yirttirishimga o‘zining pulidan ham ko‘proq pul ketdi!
...O‘limga mahkum qilinganlar orasida bir ayol ham bor edi. Jallodlar hukmni ijro etish uchun xalq oldiga olib ketayotganda haligi mahbus ayol nina va ip berishlarini so‘radi.
— Nina bilan ip nega kerak senga? Axir hozir o‘lasan-ku? — deyishdi jallodlar.
— Ko‘ylagimning yon choki so‘kilibdi. Shuni chatib olay. O‘lim sari ketayotgan bo‘lsam-da, nomusim haqqi, xalq oldiga ayolday chiqay, — deb javob beribdi ayol...
“Bir bolaga yetti qo‘shni — ota-ona”, deganda mahallaning, qo‘ni-qo‘shnining bolasi tarbiyasiga bee’tibor bo‘lmasligi ko‘zda tutilgan. Shu maqol ham bugun o‘z salmog‘ini yo‘qotgan. “Bola — qo‘shniniki, yaxshi bo‘lsa, ota-onasiga rahmat olib keladi, yomon bo‘lsa, la’nat! Menga issiq-sovug‘i yo‘q”, deb o‘ylaydigan bo‘lib qolganmiz. Lekin o‘z mahallasi sha’nini o‘ylab kuyinadiganlar ham bor. Yaqinda bir voqeani aytib berishdi. Ko‘p yillar mas’ul lavozimda ishlab, nafaqaga chiqqan, mahalladagi tadbirlarda bosh-qosh bo‘ladigan, qisqacha aytganda, “mahallaning vijdoni” bo‘lgan bir amaki ertalab ko‘cha boshidagi o‘rindiqda o‘tirsa, shu atrofda yashaydigan bir qiz o‘tib qolibdi. Otaxon uning betartib yoyilgan sochi, yelkalari ochiq kiyimidan nigohini yerga olib, so‘rabdi:
— Qizim, otang qayoqqa ketgan?
— Dadam uydalar, — debdi hayron bo‘lib qiz.
— Haaa, sening yurishingni ko‘rib otangni uzoq joylarga ketgan, deb o‘ylabman. Shu turishingda otangning oldidan chiqib kelyapsanmi?
Xijolat bo‘lganidan qizarib ketgan qiz darrov ortiga qaytib, sochini yig‘ib, kiyimini almashtirib kelgan ekan.
“Qiz yo‘q uyda sarrin sabo esmaydi...”
Qiz bolani sarishtali qilib tarbiyalash haqida gapirilayotgan paytda esimga tushgan rivoyat:
“Bir qishloqda bir ayol va mo‘ysafid attorlik buyumlarini g‘alati usulda sotib yurganmish. Hayron qolarli joyi shunda ekanki, buyumlarni pulga emas, hovlilardan, uylardan chiqqan chiqindilarga almashtirarmish. Avvaliga hech kim ishonmabdi. Keyin qarasalarki, bu gapda hazil yo‘q. Kim qancha chiqindi olib chiqsa, shuncha ko‘p narsani qo‘lga kiritayotganmish. G‘alati savdogarlar bor ovozda yangi-yangi xaridorlarni chaqirarmish. Chaqirarmish-u, kim qancha chiqindi olib chiqayotganini diqqat bilan kuzatib turarmish. Kechga borib aravalari chiqindiga to‘lib, xaridorlar kamayib qolibdi. Shunda ko‘hlikkina, kiyimlari o‘ziga yarashgan, sarishtaligi shundoqqina sezilib turgan bir qiz kelib, iymanibgina bir siqim tuproqni uzatibdi. “Chiqinding juda oz-ku, qizim, ko‘proq olib kelmabsan-da”, debdi sotuvchi ayol qizni gapga solib. “Uyimizda chiqindi yo‘q, buni ham qo‘shnimizning hovlisidan supurib oldim”, debdi qiz uyalib. Shundan keyin savdogarlar “izlaganimizni topdik”, deb qaytib ketishibdi va ko‘p o‘tmay to‘y-tantanalar bilan uyidan chiqindi chiqmagan haligi qizni yolg‘izgina o‘g‘illariga kelin qilib olib ketibdilar”.
Asolat AHMADQULOVA